08:27 / 01.09.2017
7 880

Sherali Jo‘rayev “O‘zbegim” bilan Mustaqillik tantanalarida

Sherali Jo‘rayev “O‘zbegim” bilan Mustaqillik tantanalarida
Bugun, O‘zbekiston Mustaqilligining 26 yilligi munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tgani va unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlagani haqida xabar bergan edik.

Bu yilgi bayram tadbirlari bir-biridan qizg‘in voqealarga boy bo‘lmoqda. Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi hamda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning haykali ochilishiga bag‘ishlangan marosimning bo‘lib o‘tgani ham kun tafsilotlariga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi. Ushbu tadbir haqida ham biroz avval ma’lum qilgan edik.

Mustaqillik shodyonalariga oid davlat tadbirining badiiy qismida O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayevning chiqishlari yana bir, tom ma’nodagi yangilik bo‘ldi...

O‘zingizga ma’lum, ko‘psonli muxlislariga ega mazkur xonanda bir necha yillar davomida davlat tadbirlari u yoqda tursin, birorta telekanalda ham “ko‘rinish bermayotgan” edi. Bundan bir necha oy oldin el sevgan xonanda Sherali Jo‘rayevning musiqiy kliplari ekranlarda namoyish etila boshlagandi.

Bugungi tadbirda O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev — O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov qalamiga mansub “O‘zbegim” she’ri bilan kuylangan qo‘shiqni ijro etdi.

Ushbu she’rni yodlamagan, she’rga bastalangan qo‘shiqni tinglamagan o‘zbekistonliklar kamdan kam topilsa kerak. She’rning har bitta satri, taronaning har bir jilosi muxlislar qalbida...

Shu o‘rinda O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayevni nafaqat xonanda, balki shoir va bastakor ekanligini ham alohida e’tirof etish zarur.

Uning “San’atim” deb nomlangan kichik she’riy to‘plami xonandaning aksariyat muxlislariga ma’lum. Sherali Jo‘rayev bir nechta g‘azallarga milliy yo‘nalishda musiqa bastalagan bastakor hamdir. Hatto uning o‘z she’rlariga bastalangan va yana o‘zi yuksak mahorat bilan ijro etadigan qo‘shiqlari bor...

To‘g‘ri, xalqimiz orasida Sherali Jo‘rayevning shaxsi, uning o‘zgacha fe’l-atfori haqida turli fikrlar yuradi. Mashhur insonlar haqida hamisha mish-mishlar, turli fikr-mulohazalar bo‘lgan...

Muhimi, uning san’ati, kuy-qo‘shiqlari bilan muxlislar qalbida Vatanga muhabbat, xalqparvarlik, adolatparvarlik, insoniylik tuyg‘ulari uyg‘otishidir. Zero, kuy-qo‘shiq, musiqa — farovon hayot egalarining, tinchlik qo‘rg‘oni sohiblarining doimiy yo‘ldoshidir.

Yurtimizda Mustaqillik shodyonalari Qurbon Xayiti ayyomiga ulanib bormoqda...

Manba: Qalampir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Sherali Jo‘rayev “O‘zbegim” bilan Mustaqillik tantanalarida