16:02 / 06.09.2017
11 477

"O‘zbegim" milliy qadriyatlar festivalida 8 tonna palov tayyorlanadi

"Ўзбегим" миллий қадриятлар фестивалида 8 тонна палов тайёрланади
8 sentyabr kuni O‘zbekiston poytaxti zamonaviy megapolis, bunyodkorlikdan yashnayotgan va bir vaqtning o‘zida qadimiy shahar — Toshkent «O’zbegim» milliy qadriyatlar festivali o‘tkaziladigan makonga aylanashi barchaning tilida. “Milliy” telekanal jamoasi tomonidan tashkil etilgan o‘zbek milliy urf-odatlari va an’analari, amaliy va tasviriy san’ati hamda milliy oshxonasining rang-barangliklari namoyish etiladigan mazkur madaniy tadbir borasidagi ko‘plab savollar barchani birdek qiziqtirayotgani ham ayni haqiqat. Mazkur tadbirga qiziqish bildirayotganlarning savollarini ochiq qoldirmaslik maqsadida festival haqida to‘liq ma’lumot berishga ahd qildik.

FESTIVAL DASTURIGA QANDAY TADBIRLAR KIRADI?

Ushbu festival faqatgina rekord palov bilan cheklanmaydi. Tadbir doirasida quyidagi dasturlar o‘tkaziladi:
  • Ochiq osmon ostidagi Sharq art-bozori va mahorat darslari, bunda shaharning eng yaxshi hunarmandlari o‘z mahoratlarini ko‘rsatadi. Tadbir mehmonlari esa ijodiy jarayonni bevosita kuzatishlari hamda o‘zlariga yoqqan ijod mahsulini sotib olishlari mumkin bo‘ladi.
  • Gastronomik yarmarka — mehmonlarga Xorazm, Buxoro, Farg‘ona, Samarqand va Jizzax viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasiga xos milliy taomlarning tayyorlanishini kuzatib borish, eng mazali taom va shirinliklardan tatib ko‘rish, bir piyola choy ustida hordiq chiqarish imkoni beriladi.
  • Dorbozlar shousi va xalq o‘yinlari – dorbozlar, polvonlar, olov o‘ynatuvchilarning chiqishlari, shuningdek, qo‘chqor va xo‘roz urishtirishlar, milliy o‘yin va tomoshalar tashkil etiladi.
  • Gala-konsert – festival xalq ijrochilari va raqs ansambllarining yorqin chiqishlari bilan hamohang bo‘ladi. Mazkur gala-konsert uchun hozirda Xalqaro forumlar saroyi zinasiga maxsus katta sahna qurilyapti.
  • “Fashion show” – O‘zbekistonning yetakchi dizaynerlari dunyo podiumlarini zabt etgan milliy matolarimizning ko‘rkamliginimilliy liboslar namoyishida aks ettiradi.

Yuqorida sanalgan tadbirlar namoyishi uchun Saylgoh ko‘chasida alohida-alohida ertaknamo dekoratsiyalar qurilyapti


OSh DAMLASh JARAYoNI TO‘G‘RIDAN-TO‘G‘RI NAMOYISh ETILADI

Festivalning eng yorqin hodisasi o‘zbek milliy taomi – palovni tayyorlash bo‘ladi. Bu jarayonda “Guinness World Records” vakillari bevosita ishtirok etadi. Shuningdek, osh damlash jarayonini ijtimoiy tarmoqlar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etish tashkil etiladi. Ekspertlar tayyorlangan palovning miqdori bo‘yicha jahon rekordini qayd etadilar, uning miqdori deyarli 8 tonna bo‘ladi! Mingdan ziyod mehmonlar, ya’ni, festivalning barcha ishtirokchilariga O‘zbekistonning 50dan ortiq oshpazlari tayyorlagan palovdan tatib ko‘rish imkoni yoqimli sovg‘a bo‘lishi shubhasiz. Umumiy hisobda palovni tayyorlash, tarqatish, tashkiliy ishlarida kunu tun 200dan ortiq turli soha mutaxassislari mehnat qiladilar. Ularni bir maqsad birlashtiradi – O‘zbekistonning boy va noyob madaniyatini butun jahonga namoyish etish.


REKORD MIQDORDAGI MASALLIQLARDAN FOYDALANILADI

Palov tayyorlash uchun 1 500 kg. mol go‘shti, 400 kg. qo‘y go‘shti, 220 kg. dumba va 1 900 kg. guruch ishlatiladi. Ulkan qozonga 2 700 kg. sabzi, 220 kg. piyoz, 440 litr o‘simlik yog‘i, 57 kg. tuz ham solinadi. Bularning barchasiga 100 kg. no‘xat, 190 kg. uzum, 5 kg. zira, 2 kg. yanchilgan qalampir, 1 kg. zarchava va 350 litr suv qo‘shilib, ta’mi rostlanadi.

Palov tayyor bo‘lgach, “Mehribonlik” va “Muruvvat” uylariga tarqatiladi.


«O’ZBEGIM» KITOBINING TANTANALI TAQDIMOTI O‘TKAZILADI

Festivalning asosiy tadbirlaridan yana biri “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida bo‘lib o‘tadigan «O’zbegim» kitobining tantanali taqdimoti. Kitob ko‘p asrlik shonli tarixiga ega, olijanob va himmatli o‘zbek xalqiga bag‘ishlanadi. Kitob-albom bilan tanishgan o‘quvchilar, undagi nodir tarixiy va zamonaviy hujjatlardan O‘zbekistonning joylashgan o‘rni, milliy davlatchilik ramzlari, moddiy va nomoddiy boyliklari, a’lo darajada saqlangan me’moriy obidalar, tarixiy-madaniy meros va boshqa ko‘plab o‘zbek xalqining o‘ziga xosliklari haqida ma’lumotlarga ega bo‘ladilar. Mazkur kitobning miqdori cheklangan. Xabaringiz bor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Firdavs Abduxoliqov rahbarligi va muallifligida may oyida o‘tkazilgan “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasi jahon muzeylari va xususiy shaxslarning to‘plamlrida saqlanib kelinayotgan madaniy-tarixiy merosimizning eng yaxshi namunalarini yagona kitob va videokatalogini yaratish bo‘yicha jahonda birinchi loyiha bo‘lgandi. «O’zbegim» kitobining taqdimotini esa yurtimizdagi boy meros va an’analarni dunyoga yoyish borasidagi loyihalarning mantiqiy davomi, deyish mumkin.

«O'zbegim» loyihasi ustida 10 ga yaqin suratkashlar ishladilar. Ular orasida Ravshaniya, Ernest Kurtveliyev, Andrey Arakelyan, Rinat Karimov singari xalqaro darajada tan olingan fotograflar bor. Ish jarayonida 10 mingdan ziyod suratlar olingan. Kitob uchun 2 mingta eng yaxshi suratlar tanlab olindi. Loyihaning ishchi guruhida 50 nafardan ortiq mutaxassislar ishladilar. Suratlarni yaratishda 1 500 dan ziyod kishi jalb etilgan. Ushbu kitobdan 6ta panoramali suratlar joy olgan. Eng yirik foto kompozitsiyada 250dan ziyod kishi tasvirlangan. Ular O‘zbekistonda yashovchi turli millat vakillari bo‘lib, har birlari o‘zlarining milliy liboslarida aks etgan. Suratga olish jarayonida kerakli muhitni yaratishda 50dan ziyod hunarmand-ustalarning 500dan ortiq amaliy san’at namunalaridan foydalanildi. Taniqli oshpazlar tomonidan 70dan ziyod milliy oshxonamizning asl taomlari tayyorlandi.

Tadbirning hurmatli mehmonlari O‘zbekiston xalqining qadriyatlari, rasm-rusumlari va o‘ziga xosligini aks ettiruvchiushbu kitobning ahamiyatini baholaydilar. Taqdimotda, shuningdek, muhtaram mehmonlar, diplomatik korpus xodimlari, mahalliy va xorijiy OAV vakillari ham ishtirok etadilar.

Sadoqat ALLABERGANOVA

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » "O‘zbegim" milliy qadriyatlar festivalida 8 tonna palov tayyorlanadi