10:50 / 05.10.2017
9 444

Zarina Nizomiddinova: "Xonandalik men uchun mablag‘ orttirish manbai emas"

­Зарина Низомиддинова: "Хонандалик мен учун маблағ орттириш манбаи эмас"
"Darakchi" gazetasining "Qaltis savol" loyihasining qahramoni tanqiddan qochmaydigan, kes­kir javoblari bilan hamkasblaridan­ ajralib turadigan­ serqirra ­aktrisa ­Zarina NIZOMIDDINOVA...

Yoshligingizdan qo‘shiq kuyladingiz, raqs bilan shug‘ullandingiz, aktrisaga aylandingiz, liboslar do‘koni ham ochdingiz, yopilishga ham ulgurdi. Bu tavakkallaringizning qay biri qimmatga tushdi?

— Qo‘shiqni o‘zim uchun kuylaganman. Raqs bilan professional shug‘ullandim va olgan bilimlarim bugun O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutidagi tahsil jarayonimda qo‘l kelyapti. Bilasizmi, u yerdagi ayrim talabalar hatto raqs tushishni bilishmaydi, umuman bu soha yuzasidan tushunchasi ham yo‘q. Do‘konga kelsak, eslatmasangiz yodimdan ham chiqib ketibdi. Ko‘nglimdagidek do‘kon bo‘lmagani uchun mehr qo‘yib ishlamadim va tez fursatlarda yopdim.

4 yoshidan qo‘shiq kuylashni boshlagan Zarina Nizomiddinovaning xonandalikka qaytishi omadsiz bo‘ldi. Nima sabab xonandalikda aktyorlikdagidek cho‘qqiga chiqolmadi?

— Xonandalikka qaytdim, demagan bo‘lardim. Chunki qo‘shiq kuylash men uchun xobbi. Istagan vaqtimda qo‘shiq yozib, unga klip olaman, bari o‘zim uchun. Xonandalikka to‘yga chiqib, mablag‘ orttirish manbai sifatida qaramaganman.

“Har bir aktrisaning orzusi Gollivud yo Bollivudda rol ijro etish”, degandingiz. Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, nega xorijlik ham­kasb­laringiz o‘zbek filmlarida suratga tushishni orzu qilishmaydi?


— Gollivud va Bollivud aktrisalari o‘z sohasida eng yuqori cho‘qqilarni egallab bo‘lishgan. Shu bois xorijlik hamkasblarimga boshqa davlatlarning filmlarida rol ijro etishning qizig‘i yo‘q, ularga buning keragi ham yo‘q.

Ijodkorlarga aktrisa sifatida tan olinishingizga sababchi bo‘lgan “Yo‘l bo‘lsin”, mashhurlik shohsupasiga olib chiqqan “Romeo va Juletta” va besh yillik tanaffusingizni oqlagan “Qorako‘z”, so‘zsiz ham ko‘z bilan rol ijro eta olishingizni ko‘rsatgan “Parizod” filmlari. Xuddi shunday ta’rifga loyiq rollaringiz sanoqli, tan olasizmi?

— Omadli filmlarim borligidan albatta, xursandman. Lekin sanoqli ekanini tan olmayman! Masalan, “Oqibat” filmidek tomoshabin ko‘nglidan joy olgan kinokartinalar juda kam. “Fotima”, “Men yulduzman”, “Yurak yig‘lar” kabi yaxshi filmlarim ko‘p. Hamma aktyorlarning omadsiz kinokartinalari bo‘ladi. To‘g‘ri, mening ham omadsiz filmlarim yo‘q emas.

Og‘ir-bosiq, sho‘x, qaysar qiz, qiynalgan kelin kabi rollarni o‘ynab bo‘lgansiz. Bundan buyon o‘zingizni qaytarishni istamassiz?

— Filmlarning barchasi deyarli bir xil, shu bois o‘zimni takrorlashga to‘g‘ri kelyapti. Lekin tarixiy rol ijro etish orzuim. “Muhtasham yuz yillik” nomli turk serialiga o‘xshash milliy serial suratga olinsa-da, barcha o‘zbek aktrisalari ishtirok etsak, hech kim qolib ketmasa, bu tomoshabinga ham qiziq bo‘lardi. Qolaversa, milliy liboslarimiz, tariximiz ham atroflicha yoritilardi.

Kalta va yelkasi ochiq libos­larni ko‘p kiyishingiz o‘zin­gizga ham seziladimi?

— Bizga taqlid qiladigan muxlislarga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan liboslar kiymayotganimni bilaman. Uyimdagilar kiyinishimga sira e’tiroz bildirishmagan, erkimiz o‘z qo‘limizda. Bilasizmi, xuddi mendek kiyingan boshqa san’atkor­larni emas, aynan meni tanqid qilaverishadi. Masalan, tizzasi yirtiq shim kiyishimga to‘xtalsak, bu kiyim hozir urfda, hamma kiyyapti. Men uchun ham bu libosda yurish oddiy hol. Liboslarim mentalite­timizga zid emas, yo‘qsa, bizni rahbariyat chaqirtirib, keraklicha tanbeh bergan bo‘lardi.

O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutining 4-bosqich talabasisiz. Ikkinchi mutaxassislikka o‘qishingizga sabab “Zarina san’at borasida kasb ta’limini olmaganlardan”, degan tamg‘adan qutulishmi?

— Ikkinchi mutaxassislik ochilganini eshitib, shunchaki hujjat topshirgandim qabul qilishdi. Tamg‘a masalasiga kelsak, bu meni mutlaqo qiziqtirmaydi.Omadli odam ortida bo‘layotgan gap-so‘zlarga bee’tibor bo‘ladi. San’at borasida ko‘p yutuqlarga erishdim, kelajakda undan-da, yuqori cho‘qqilarga chiqish istagidaman.

Zarina Nizomiddinovani tanqid qila olasizmi?


— Fe’l-atvorimni tanqid qila olaman, masalan, jahlim tez.

Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Zarina Nizomiddinova: "Xonandalik men uchun mablag‘ orttirish manbai emas"