23:04 / 12.10.2017
6 247

Shahrisabzdan chiqqan hind shoiri

Shahrisabzdan chiqqan hind shoiri
Adabiyot tarixida yirik besh dostondan iborat “Xamsa” yozish nasib etgan to‘rt shoirdan biri, hind-fors adabiyotining buyuk vakili Xusrav Dehlaviydir.

Asli ismi Yaminiddin Abul Hasan bo‘lgan bu zot melodiy 1253 yilda Hindistonning Gang daryosi bo‘yidagi Patyoli shahrida tug‘ilgan. Uning otasi Amir Sayfuddin Mahmud asli Kesh (hozirgi Shahrisabz)dan bo‘lib, mo‘g‘ullar istilosidan oilasini asrash uchun Hindistonga borib qolgan edi, onasi Davlatnozxonim esa hind qizi edi.

To‘rt so‘zdan bir she’r

Amir Sayfuddin Mahmud mo‘g‘ullarga qarshi janglardan birida halok bo‘lgach, sakkiz yoshida otasiz qolgan Xusrav buvasi Imodulmulk qo‘lida tarbiya topadi va o‘z davrining bilimdon kishisi, zabardast shoir bo‘lib yetishadi.

Hikoya qilishlaricha Dehli hukmdori bir kun mashhur shoirlarni o‘z huzuriga chorlaydi. Shunda bo‘lajak shoirning ustozi Sad’iddin Muhammad bu yig‘inga yosh Xusravni ham boshlab boradi va yig‘ilganlarga uning favqulodda iste’dodi haqida gapiradi. Shunda bu yerda hozir bo‘lgan Xoja Izaddin degan mashhur shoir yosh Xusravni sinab ko‘rish uchun unga “mo‘y, urug‘, o‘q, qovun” degan to‘rt so‘z ishtirok etgan she’r tuzishni so‘raydi. Xusrav bu so‘zlardan:

Ikki zulfin har mo‘yida bu xush sanam,

Yuzlab anbar urug‘ini qilmishdir zam.

O‘qday to‘g‘ri deya bilma dilin chunki

Qovun kabi uning tishi ichida jam
,

degan to‘rtlik to‘qib yig‘ilganlarning olqishiga sazovor bo‘ladi.

Yaminiddin Xusrav Dehlaviy voyaga yetgach, o‘sha davr Dehli hukmdorlarining saroyida xizmat qiladi, shu bilan birgalikda yuksak mahorat bilan badiiy asarlar – g‘azallar, qasidalar, tuyuqlar, ruboiylar va boshqa janrlardagi asarlarini yaratadi.

“Nazm o‘rmonining arsloni”

U o‘z asarlarida inson qalbining eng teran torlari – ezgu orzu-umid va hislarini nozik ramzu ishoralar bilan bayon etadi, uning she’rlari ajoyib obrazlar, o‘xshatishlarga boy edi.

Alisher Navoiy Xusrav Dehlaviy ijodiga yuksak baho berib, uni “hind sehrgari” – “nazm beshasining g‘azanfari, dardu ishq otashkadasining samandari va zavqu hol vodisining pokravi” deb ataydi.

Xusrav Dehlaviy bir necha she’riy devonlar, epik asarlar bilan bir qatorda besh she’riy doston – “Matla’ul anvar”, “Shirin va Xusrav”, “Majnun va Layli”, “Oynai Iskandariy” va “Hasht behisht”dan iborat bo‘lgan buyuk “Xamsa”sini yaratadi. Shu bilan birlikda shoir musiqa sohasining ham yetuk san’atkori hisoblangan.

“Eng baxtli odam shu...”


Ijodkor o‘z kelib chiqishi borasida faxr bilan: “Turkiyi Hindustonam, hindaviy go‘yam chu ob” (“Men Hindiston turkiylaridanman, ammo hind tilini suvday bilaman”), deb yozgan edi.

Shoir badiiy ijodning insoniy mas’uliyatini baland tutar edi. U o‘z hikmatlaridan birida:

So‘zlaringda bo‘lsa fikru o‘y yoniq,

Bo‘lsin har so‘zingda bir nuqta aniq,


deb ta’kidlagan edi. Yana bir baytida esa:

Zavqu shavqqa to‘la yarim bet qog‘oz,

Shavqsiz yuz kitobdan a’lo, sarafroz
,

deb yozadi va badiiy asarning insonga albatta zavq berishi shartligini aytadi.

Xusrav Dehlaviyning ko‘p she’rlari xalq orasida qo‘shiq bo‘lib ketgan edi. Hindistonning buyuk jamoat arbobi Javoharlal Neru shoirning qo‘shiqlari haqida: “Uning qo‘shiqlarini hozir ham tez-tez kuylab turadilar. Men olti yuz yil ilgari yozilgan va shu kungacha hammabop bo‘lib, xalqning mehr-muhabbatiga sazovor bo‘lgan bundan boshqa qo‘shiqlarni bilmayman”, deb yozgan edi.

Shoir o‘z hikmatlaridan birida:

Hayotda qoldirsa kim abadiy nom,

Eng baxtli odam shu, xullasi kalom,


deb yozgan edi. O‘zbek va hind xalqlarining bu buyuk farzandi o‘z ijodi bilan hayotda o‘z nomini abadiy qoldirib ketdi.

Muxtor Xudoyqulov

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Shahrisabzdan chiqqan hind shoiri