“Dunyoda barcha xalqlar orasida eng ko‘p musiqa, kuy-qo‘shiqlar tinglaydigan va ijro etadigan xalq – o‘zbeklardir. Qadimiy Xorazm vohasini o‘rgangani borganimda, har bir xonadonda bitta yoki ikkita milliy musiqa asbobini ko‘rib hayratlangan edim…” Sharqshunos olim Yevgeniy Bertelsning bu iqrornomasida hikmat bor. Haqiqatan ham xorazmliklar musiqa va san’atga oshufta xalq. U Komiljon Otaniyozovdek buyuk san’at darg‘asini yetishtirib chiqargan voha. Biz bugun millatimiz faxriga aylangan, o‘zbek milliy qo‘shiqchilik san’atiga sidqidildan xizmat qilgan, ma’naviyatimiz, madaniyatimiz ravnaqiga munosib ulush qo‘shgan bunday ulug‘ zotlarning o‘zini ham, qo‘shig‘ini ham sog‘inib-sog‘inib yashayapmiz.
Hayot qiziq. Har davrning o‘z sozi va o‘z ovozi bor. Yaqin-yaqinlargacha kishilar yuragini zabt etgan, o‘zbek milliy kuy qo‘shiqlarini baland pardalarda kuylagan iste’dod sohiblarining ko‘pchiligi bugun oramizda yo‘q. Ammo ularning xonishlari keksa va o‘rta avlod vakillari qulog‘ida hamon jaranglaydi. O‘zbek mumtoz qo‘shiqlarini tinglaganimizda ruhiyatimizda ajib tuyg‘ular mavjlanadi. Turmush ikir-chikirlaridan horigan, toliqqan ruh asta sekin quvvatga kira boshlaydi. Ha, milliy kuy-qo‘shiqlarni tinglagan har qanday odamning yuragida ana shunday evrilish bo‘lishi tabiiy. Negaki, bizning tomirimizda ota-bobolarimizning qoni oqyapti. Komiljon Otaniyozov, Ma’murjon Uzoqovdek, Tavakkal Qodirov, Otajon Xudoyshukurov singari ulug‘ san’atkorlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan millat bu. Haqiqiy san’atni soxta san’atdan ajrata biladigan xalq bu. Shuning uchun bo‘lsa kerak, biz ularning qo‘shiqlarini ichki bir entikish, hayajon bilan tinglaymiz.
Hech kuzatganmisiz, davralar, katta-katta bayram tadbirlari, to‘yu tomoshalar Xorazm “Lazgi”sisiz o‘tmaydi. Ammo uni ilk bor so‘zga solib, “Hay, omon-ey, omon” deya guldurak ovozi ila dillarni to‘lqinlantirib yuborgan zot Komiljon Otaniyozov ekanini birov biladi, birov esa bilmaydi. 1957 yilda K. Otaniyozov xalq kuyiga Komil Xorazmiy g‘azalini qo‘yib “Lazgi” qo‘shig‘ini yaratishga muvaffaq bo‘ladi.
Komiljon Otaniyozovning “Avval so‘z, keyin soz” degan purhikmat so‘zi bor. Kuylayotgan har bir qo‘shiq matniga o‘ta sinchkovlik, mas’uliyat bilan yondashgan hofizning quvvai hofizasi keng, fikri nihoyatda teran bo‘lgan ekan. San’atkor ham hofiz, ham sozanda, ham aktyor, ham bastakor sifatida o‘zbek milliy musiqa san’atida alohida maktab yaratdi. Murakkab xalq ashulalari, dostonlar, Xorazm suvoralari, maqom ashula yo‘llarini qunt bilan o‘rgangan. “Salom senga Xorazmdan”, “Muborak”, “Vatan”, “Olqish”, “Temir yo‘l”, “O‘zbekiston”, “Xorazm” kabi qo‘shiqlari xalqchilligi, samimiyligi, sodda va ravonligi bilan xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan. U doston yo‘llarini Bola Baxshi Abdullayevdan, Xorazm maqom ashula yo‘llarini Matpano Xudoyberganovdan o‘rgangan. Xorazm viloyat teatrida ham xonanda, ham aktyor sifatida faoliyat yuritib, teatr sahnasida rang-barang rollar ham ijro etgan. Uning bastakorlik borasida ham olib borgan ijodiy izlanishi tahsinga loyiq. San’atkorning O. Stepanov bilan hamkorlikda yaratgan “Aziz va Sanam”, “Oshiq o‘arib”, S. Hayitboyev bilan hamkorlikda yaratgan “So‘nggi xon” kabi musiqali dramalari ham uning serqirra ijodkor ekanidan darak beradi.
Bularning har birini maromiga yetkazib kuylash uchun faqat ovozning o‘zi kamlik qiladi, albatta. Katta kuch, katta qalb, ovoz diapozonining kengligi… Xullas, bitta ashula yo qo‘shiqni mukammal darajada ijro etish ham mushkul. Bu bir tomondan sharafli, ikkinchi tomondan o‘ta mas’uliyat ham talab etadi. Komiljon Otaniyozov o‘z soziyu ovozi bilan emas, balki insoniylik fazilatlari bilan ham barchaga o‘rnak, namuna bo‘la oladigan buyuk san’atkor edi.
Quyida hofizning ushbu so‘zlariga e’tiboringizni qaratmoqchimiz “Kibru havoga, manmanlikka berilgan xonanda tez el nazaridan tushadi. Odamlar uning o‘zini ham, qo‘shig‘ini ham sog‘inmay qo‘yadi. Bundan yomoni yo‘q!”
Donishmandlik bilan aytilgan bu pandnoma hassos san’atkor Komiljon Otaniyozovning yurak tubidan otilib chiqqan. Sodda va ravon ammo uning tag mag‘zida falsafiy teran ma’no bor desak aslo mubolag‘a bo‘lmas.
Ming shukrki, bugun xalqimizning ardoqli ijodkorlarining qilgan mehnatlari munosib qadrlanib, ularning xotiralari abadiylashtirilmoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz ziyolilariga, ilm va ma’rifat, san’at ahliga katta e’tibor qaratish bilan bir qatorda ularning nomlarini o‘sib kelayotgan yoshlar ongiga, qalbiga singdirishdek sharafli ishlarni amalga oshirmoqda. Bunday e’tibor va e’zozdan barcha ijodkorlar ilhomlanadi, ruhlanadi. Shaxsan muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan xalqimiz ardog‘idagi san’atkor, Xorazm bulbuli, O‘zbekiston, Turkmaniston, Qoraqalpog‘iston xalq artisti Komiljon Otaniyozov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlab O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda “O‘zbekkontsert” davlat muassasasi bilan hamkorlikda “Turkiston” saroyida o‘tkazilgan kontsert dasturi fikrimizning yorqin dalilidir.
Mana muxlislar intiqlik ila kutgan kontsert dasturi ham boshlandi. Parda ortida hofizning shogirdlari birin-ketin u kishining qo‘shiq va ashulalarini kuylamoqqa chog‘lanib turishibdi. Shu payt ularning ko‘ngillaridan nelar kechmoqda ekan. Tinglovchilarning nigohi sahnaga qadalgan. Adabiy kechada O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Hojimatov, O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjon, O‘zbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov, professor Otanazar Matyoqubovlar so‘zga chiqib, benazir san’atkor Komiljon Otaniyozovning o‘zbek milliy musiqa san’ati rivojiga qo‘shgan hissasi, insoniy fazilatlari xususida to‘xtalib o‘tishdi. So‘ngra kuy kuyga, raqs raqslarga ulandi. O‘zbekiston xalq hofizlari o‘afur va o‘ulom Eshjonovlar, Xorazm maqom ansambli, “Lazgi” ashula va raqs ansambli, O‘zbekiston xalq hofizi Soyibjon Niyozov, Yu. Rajabiy nomidagi maqomchilar ansambli, Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist Karimboy Rahmonov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Zarifboy Azizov, O‘zbekiston xalq baxshisi Qalandar Normatov, dutorchi qizlar ansambli, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Og‘abek Sobirov, xonanda Rohila Ro‘zimova, O‘zbekiston xalq artisti Ortiq Otajonovlar ijrosidagi diltortar kuy-qo‘shiqlar muxlislar ko‘ngliga o‘zgacha zavq bag‘ishladi. Ayniqsa, Ortiq Otajonov Xorazm “Lazgi”sini kuylaganda butun zal qalqib ketdi. Kecha tugadi. Ammo Komiljon Otaniyozov xotirasiga bag‘ishlangan kontsert tadbirlari respublikamiz bo‘ylab davom etadi…
Maqolamiz so‘ngida ulug‘ hofiz Komiljon Otaniyozovning ushbu so‘zlaridan iqtibos keltiramiz. “To‘y-hashamga boradimi, biron tadbirda qatnashadimi, hatto o‘tirishma – ziyofatda qo‘shiq aytadimi, xonanda og‘zidan chiqqan har so‘zning ma’nosini tushunishi, tinglovchi yuragini zabt eta olishi kerak. Bo‘lmasa foydasi yo‘q. Buning uchun adabiyotni bilishi, ko‘p kitob o‘qishi, shoirlar, adiblar bilan tez-tez muloqotda bo‘lib turishi kerak”.
Ha, bu bitiklar, san’at ahliga, san’at bo‘sag‘asida turgan kelgusi yoshlarga bir da’vat, bir murojaat. Hassos san’atkor Komiljon Otaniyozovning umri boqiy qo‘shiqlari hali uzoq yillar xalqimiz qalbidan o‘chmaydi, hali ko‘p kuylanadi, hali ko‘p tinglanadi, avlodlar almashadi, biroq hofiz o‘z qo‘shiqlari bilan hamisha qalblarda yashayveradi.
Manba: fayzbog.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Revanshda g‘alaba qozonish uchun Tayson Fyuriga nima kerak?
Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni energetika vazirini qabul qildi
1 dekabrdan ichimlik va oqova suv uchun to‘lov faqat elektron shaklda amalga oshiriladi
Shols «tez orada» Putin bilan gaplashishga tayyorligini ma’lum qildi