17:30 / 24.01.2018
7 709

Janob Rasulning litsenziyasi nega bekor qilindi?

Janob Rasulning litsenziyasi nega bekor qilindi?
Bir qiz keldi krasiva, minib keldi Kaptiva…
…Sop-sori sochlari, go‘zal qalam qoshlari.
Kaptiva minadi zamonamiz qizlari…

Mana sizga bugungi yoshlarimiz orasidagi ommabop qo‘shiqning so‘zlari. Eng qizig‘i, bu qo‘shiq naqafat Xorazmda, balki Samarqandu Farg‘ona, Surxondaryo-yu Toshkentdan tashqari, qo‘shni mamlakatlardagi to‘ylarda ham yangramoqda. Xo‘sh, bu kabi na so‘zida, na musiqasida ma’no bo‘lgan qo‘shiq ijrochisiga qaysi tashkilot litsenziya bergan?

Kuni kecha «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi o‘tkazgan matbuot anjumanida shu kabi savollarga va qo‘shiq matni, ohangi va klip masalalariga oydinlik kiritildi.

— Endi nafaqat qo‘shiqlar matni balki, kliplar ham efirga chiqmasidan oldin badiiy kengash ko‘rigidan o‘tadi, — deydi«O‘zbekkonsert» davlat muassasasi direktori Odiljon ­ABDUQAHHOROV. — Kengash tarkibi 15 kishidan iborat bo‘lib, haftada bir marta chaqiriladi. Klip olishni rejalashtirgan xonandalar ham oldindan ssenariyni kengashga taqdim qilishi mumkin.

Muassasa rahbarining ta’kidlashicha, konsertlar va tomosha tadbirlarini tashkil etish ekspert komissiyasi o‘tgan yilda 26 marta yig‘ilish o‘tkazgan. Natijada, 610 ta bir martalik konsert-tomoshaga ruxsat, 28 ta murojaatga esa rad javobi berilgan. Rad etilishining asosiy sababi esa, ssenariyning g‘oyaviy jihatdan sustligi. Shuningdek, muassasa rahbari bir qator estrada xonandalariga berilgan litsenziyalar to‘xtatilganini ham ta’kidladi.

Xonandalarning litsenziyasi tugatilishi va shu kabi boshqa savollar bilan «O‘zbekkonsert» litsenziyalash bo‘yicha bosh mutaxassisi Eshqul Hakimovga yuzlandik:

— Qanday holatlarda xonandalarning litsenziyasi olib qo‘yiladi?

— Litsenziya bitimi va shartlari buzilganda, ya’ni san’atkor odobiga rioya etmasa, davlat tadbirlaridan bosh tortsa, ma’naviyatimizga zid qo‘shiqlar yaratsa, kiyinishi, ko‘rinishi, xatti-harakatlari be’mani, madaniyatimizga zid bo‘lsa, olib qo‘yiladi.

— Janob Rasul ismli xonandaga litsenziya nima asosida berilgan va qanday sababga ko‘ra to‘xtatilgan?
— Janob Rasulga badiiy kengash ruxsati bilan litsenziya berilgan. Biroq litsenziya shartlariga amal qilmagani, ikki marta ogohlantirish olgani uchun bir oydan keyin olib qo‘yilgan. Qo‘shiqlari matniga shoirlar Botirjon Ergashov, Aziz Bekturdiyev tomonidan tuzatish kiritilgan. Biroq yana zid holatlar kuzatilgach, qayta berilgan litsenziya olib qo‘yildi.

— Viloyatlar va chekka tumanlardagi xonandalar faoliyati qanday nazorat qilinadi?
— 14 ta hududiy bo‘limlarimiz bor. Ularning asosiy vazifasi litsenziya olishga da’vogar san’atkorlarning ro‘yxatini shakllantirib, litsenziya olgandan keyin ularni nazorat qiladi. Bu yil Bunyod Saidov, Aziza Niyozmetova, Shahnoza Otaboyeva, Sharof Muqimov, Xadicha Qurbonova, Sherali Bekmurodov, Dilmurod Sultonovning litsenziyasi tartib-qoidalarga amal qilmagani uchun olib qo‘yildi.

— Litsenziyasidan mahrum bo‘lgan xonandaning to‘ylarga chiqishga haqqi bormi?
— Yo‘q. Aynan to‘ylarga chiqishi mumkin emasligini bilishi uchun ham biz litsenziyasi to‘xtatilgan xonandalar haqida ommaviy axborot vositalari orqali ma’lumot beramiz.

— Agar litsenziyasi yo‘q bo‘la turib biron to‘yga chiqsa-chi?
— Bu borada Davlat soliq qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi bilan qo‘shma chora-tadbirlarni ishlab chiqqanmiz. Unga ko‘ra, birinchi marta Soliq kodeksiga asosan ma’muriy jazo, ikkinchi marta esa Jinoyat kodeksining 190-moddasiga asoslanib, eng kam ish haqining 75 baravarigacha jarimaga tortish chorasi qo‘llaniladi.

— Bu «otarchilar»ga ham taalluqlimi?
— Albatta, chunki ularning barchasiga birday litsenziya beriladi. Har bir tumanda o‘z vakillarimiz va nazorat organlari, mahalla yordamida buni aniqlaymiz. Agar litsenziyasi yo‘q san’atkorlarni to‘yxonasiga kiritsa, to‘yxona egasi ham bevosita javobgarlikka tortiladi.

Go‘zaloy MATYoQUBOVA

Manba: od-press.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Janob Rasulning litsenziyasi nega bekor qilindi?