San’at sohasida o‘z yo‘lini, o‘rnini topish uchun ijodkorga nafaqat iqtidor va mehnat, balki yaxshigina omad ham kerakligi ko‘p bora ta’kidlangan. Bu gapning isbotini Bahrom Nazarovning misolida ko‘rish mumkin. Birgina qo‘shiq bilan xalqning mehrini qozongan kamtar va kamgap xonanda bugun “Darakchi” mehmoni. U bilan suhbat davomida ijodi va hayotiga doir savollarimizga javob topishga harakat qildik...
— Xush kelibsiz! Bahrom aka, eshitishimizcha intervyu berishni yomon ko‘rar ekansiz. Nega?
—Avvalo hurmat qilib taklif etganingiz uchun o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Savolingizga kelsak, yoqtirmayman emas, shunchaki, tabiatdan kamgap bo‘lganim uchun, savollarga to‘liq javob berolmasamchi, fikrimni to‘liq tushuntirolmasamchi, deb xavotir olaman. Intervyuga taklif qilishganda xayolimdan o‘tadigan birinchi o‘y aynan shu bo‘ladi. Ammo bu hayajonni yengib jurnalistlar bilan uchrashishim kerakligini ham bilaman. Sizlar bilan muloqotda bo‘lish va xalq bilan bog‘lanish, har bir ijodkorga zarur.
— Intervyularingizning birida ikkinchi mutaxassilik bo‘yicha san’at institutiga o‘qishga kirishingizni aytgan edingiz...
— O‘tgan yili o‘qishga kirgan edim, biroq ishlar bilan bo‘lib o‘qishga vaqt ajratolmadim. Bu yil yana harakat qilaman, degandim hujjat topshiradigan muddat gastrollarga to‘g‘ri kelib qoldi. Xullas, bu yil ham talaba bo‘lish nasib etmadi. Ammo yaxshi narsaning erta kechi yo‘q deb o‘ylayman.
— Ustoz san’atkorlar san’at yo‘nalishida o‘qimay, ijod qilib yurganlarni ko‘p tanqid qilishadi. Sohadagi noprofessionallik sabablarini ham aynan o‘qimaslik bilan bog‘lashgan. Bu fikrga sizning munosabatingiz...
— Bu masalani sohamizning eng katta muammosi, deb o‘ylamayman. Birgina misol, Ozodbek Nazarbekov vaqtida tanilib, xalq tiliga tushgandan keyin san’at sohasida ta’lim olgan. Aytmoqchimanki, san’atkor nazariy bilimlarni faoliyati davomida egallashi ham mumkin, birinchi o‘rinda iqtidor va mehnat kerak. Lekin iqtidori ham yo‘q, ustiga ustak o‘qimaganlarning ham tarafdori emasman.
— Prodyuseringiz bilan hamkorligingiz yakunlanganiga bir yildan oshdi. Yakka o‘zingiz ish yuritishga qiynalmayapsizmi?
— Men o‘zimni yolg‘iz ijodkorman, deb hisoblamayman. Chunki o‘sha paytdagi ma’murim bilan bugun ham birgamiz. Nima bo‘lganda ham prodyuserning o‘z o‘rni bor ekan. Faoliyatimdagi ba’zi masalalarni hal qilishda uning yordami kerakligini his qilsamda, vaziyatda chiqishga harakat qilyapman.
— Yana hamkorlikni davom ettirish kerakdir...
— U bilan shartnoma tugagandan keyingina ishni to‘xtatdik. Hech bir narsa abadiy emasligini yaxshi bilaman. Shuning uchun shartnomani yana uzaytirib o‘tirmadik.
— Aniq sabablar haqida gapirishni istamaysiz shekilli...
— Ichki gap-so‘zlarni omma oldida muhokama qilib o‘tirishni istamayman.
— Ahamiyat bersak, dunyo estrada va shou biznesnesida faoliyat yuritadigan xonandalarning aksariyati tanilib olguncha prodyuserdan foydalanishadi...
— Mening vaziyatimda bunday emas. Hech kimdan foydalanib keyin tashlab ketganim yo‘q. Aksincha, birga hamkorlik qilish haqidagi taklif sobiq prodyuserning o‘zidan tushgan.
— Aytingchi, Bahrom Nazarovning omadi nimada?
— Menimcha, yaxshi ustoz ko‘rganimda. O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovdan juda ko‘p narsani o‘rganib kelyapman. Shuningdek, bugungi kunim, izlanish va mehnatlarim mevasidir.
— Ijodiy faoliyatingiz davomida biror marta duet kuylamagansiz...
— Takliflar juda ko‘p bo‘lgan. Ammo bu narsa rejamda bo‘lmagani uchun rad javobini berganman. Duet kuylabdi, deb shunchaki, tilga olingandan ko‘ra, qo‘shig‘imizni odamlar uzoq vaqt eslab yurishi yoqimlirok, nazarimda. O‘zim tayyor bo‘lishim bilan albatta, takliflarning eng yaxshisiga rozi bo‘laman.
— Siz uchun san’atdagi marra nimada?
San’at odamlarning ko‘ngliga taskin berib, ko‘zini quvontirsa-da, uni beshafqat, deb o‘ylayman. Chunki bu sohada bir umr xizmat qilib bo‘lmaydi. Vaqti soati kelganda, o‘z nomiga putur yetkazmasdan, izzat va hurmatda “nafaqa” ga chiqish — marra bo‘lsak kerak. Keyingi avlod yaxshi gaplar bilan tilga olsa, shu san’atkorning baxti.
— “Har bir erkak kishining muvaffaqiyati ortida, ayolning mehnati yotadi” deyishadi...
— Albatta. Biz erkaklar ishdan charchaganimizda, jahlimiz chiqqanda injiqligimizni ko‘taradigan, issiq-sovug‘imizdan boxabar, farzandlarimizga ko‘z-quloq va oilamiz tinchligini saqlaydigan bu — ayolimizdir. San’atkorning ayoliga ikki hissa qiyin. Ularga haykal qo‘yish kerak (kuladi). Erta-yu, kech ijod bilan band bo‘lamiz, kezi kelsa, bir oylab gastrollarda yuramiz. Shunday paytlarda ayolimiz oilamizga mas’ul inson bo‘ladi. Yaxshi ijod qilib, muxlislarimning ko‘nglidan joy olayotganimda ham rafiqamning o‘rni katta. Aytishadi-ku, uyda halovat bo‘lmasa, ishda unum bo‘lmaydi, deb. Shuning uchun umr yo‘ldoshimga ming rahmat deyman.
— “Onam ro‘moli” nomli qo‘shig‘ingiz o‘z hayotingizdan olingan. Volidangiz haqida gapirib bersangiz...
— Onam asli, qozog‘istonlik bo‘lib, Toshkentga o‘qishga kelganlarida, otam bilan tanishib, oila qurishgan. Ular haqida o‘ylasam, yozgi ta’til kunlari yodimga tushadi. Har yili maktabdan ta’tilga chiqqanimizda dadam onam va bizni poyezdda Qozog‘istonga kuzatardilar. Biz uchun har qanday oromgohdan ham ko‘ra o‘sha yerdagi hordiq maroqli o‘tardi. Onam men uchun — odob ramzi edilar. Ularning chiroyli fe’l-atvorlari, muomila va xulqini hamma hurmat qilgan. Onajonimdan ayrilganimdan so‘ng, bolaligim hammaniki kabi o‘tmagan. Oilaning to‘ng‘ichi bo‘lganim uchun ukalarimga ko‘z-quloq bo‘lish, dadamga yordam berish bilan ulg‘ayganman. Onam vafotlaridan oldin, “Ukalaringni tashlab qo‘yma, aka ekaning yodingda bo‘lsin” degandilar. Hozirgacha shu gaplar xayolimdan chiqmaydi. Uklarim bilan har kuni ko‘risholmasak-da, qo‘ng‘iroqlashib turamiz. Rahmatli onam doim “Sen Toshkentda o‘qishing kerak” derdilar. Bugun ularning orzulari ikki karra amalga oshdi, deb o‘ylayman. Poytaxtda o‘qidim va ozmi ko‘pmi xalq mehrini qozonyapman. Ming shukr...
Blits:
— Instagram siz uchun...
— Hech narsa emas. Kimdir eslatmasa kunlab, haftalab ijtimoiy tarmoqlarga kirmasligim ham mumkin.
— Kim bilan duet kuylashingiz mumkin: Shohjahon Jo‘rayev, Jahongir Poziljonov yoki Rayhon G‘aniyeva?
— Ijodkor va inson sifatida o‘zim hurmat qiladigan Jahongir Poziljonov bilan hamkorlik qilishim mumkin
— Qishlog‘ingizga qanday ta’rif bergan bo‘lardingiz?
— “Xinoli qor” nomli turk seriali bo‘lardi. Negadir, o‘sha kinoda ko‘rsatilgan qishloq manzaralarini ???? ga o‘xshataman. Buni ko‘pchilik tanishlarim ham bilib qolishgan. Uyga borib kelsam “Xinoli qorga bordingizmi?” deb so‘rashadi.
Fakt:
Xonanda ikki farzandning otasi. Ozodbek 6 yoshda, qizi Zehina esa 3 yashar.
Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar