21:20 / 06.02.2018
31 163

Yulduz Turdiyeva yosh estrada xonandalari, o‘zbek maqomi va oilasi haqida

Yulduz Turdiyeva yosh estrada xonandalari, o‘zbek maqomi va oilasi haqida
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, maqom va milliy estrada yo‘nalishlarida ijod qiluvchi xonanda Yulduz Turdiyeva bilan "Kunutun" nashri suhbat uyushtirdi. Xonanda ba’zi yosh estrada xonandalari haqida o‘z fikrini bildirdi. E’tiboringizga ushbu intervyuni havola etamiz.

Yulduz Turdiyeva: 1985 yilning 10 avgustida Buxoro viloyatida tug‘ilgan. 2008 yilda O‘zbekiston davlat konservatoriyasini tamomlagan. 2007 yilda turmush qurgan va hozirda ikki nafar farzandi bor. 2010 yil «Nihol» mukofotiga sazovor bo‘lgan xonandaning ilk musiqiy albomi 2011 yil sotuvga chiqqan. Bundan tashqari, 2004 yilda Yalta shahrida o‘tkazilgan «Beshinchi xalqaro yoshlar festivali»da «Eng yaxshi ovoz sohibasi» mukofotini, 2009 yil Ozarbayjonda o‘tkazilgan Baynalxalq mug‘om festivali birinchi mukofotini qo‘lga kiritgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist.


— Bilamiz, yaqinda Ozarbayjonga tashrif buyurdingiz. Ularning televideniyesida bo‘lib, ko‘rsatuvlarida ishtirok etdingiz. Shular xususida gapirsangiz.
— Ozarbayjonga borishimizga ijtimoiy tarmoqlardagi takliflar sabab bo‘ldi. Ozarbayjonning Xezer TV, Arb TV kanallarida mehmon bo‘lib, ko‘rsatuvlarida qatnashdik. U yerda asosan maqomlar aytiladi, albatta jonli ijroda. Bu kanallardagi ishtirokimdan so‘ng boshqa kanallardan ham takliflar bo‘ldi. Bu degani – biz e’tibordamiz.

— Eshitishimizcha, o‘zbek maqomini ayta olgan xonanda, boshqa millatlarning ham maqomini bemalol kuylashi mumkin ekan. Sizningcha, bu qarashlar qanchalik to‘g‘ri?
— Bu, albatta, to‘g‘ri fikr. Chunki maqom kuylayotgan xonandaning ovozi har tomonlama mukammal shakllangan bo‘ladi. Boshqa millat qo‘shiqlarini ayta olmayman-u, lekin har qanday estrada qo‘shiqlarini ijro etishim mumkin. Ustozlarimda ham kuzatganman, maqomni aytgan san’atkor bemalol boshqa davlat qo‘shiqlarini ham ayta oladi.

— Intervyularingizning birida maqomni ko‘pincha yoshi ulug‘lar tinglaydi, yoshlarda esa katta ashulaga ehtiyoj kam, degansiz. Aytingchi, nega yosh avlod maqomni tinglamaydi, balki tushunmas?
— Yoshlar birinchi navbatda estarada qo‘shiqlarini sevib tinglayotgani, bunday taronalarning, radio, televideniyelarda ko‘p jarang sochishidan. Milliy qo‘shiqchilik san’atimizga oid tushunchalarni bolalarga bog‘cha yoshidanoq o‘rgatish lozim. Mana Davlatimiz rahbari tomonidan maqomni rivojlantirish borasida turli qarorlar qabul qilinyapti. Ustozlarimiz ham bunga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu sa’y-harakatlar natijasida ishonamanki, yaqin kelajakda maqom san’ati o‘z mavqeini qayta tiklaydi.

— Bugun ko‘pchilik o‘zini estrada yo‘nalishiga urmoqda. Balki tezroq «yulduz» bo‘lishga intilishar. Balki mumtoz qo‘shiqlarni tushunmas.
— Ko‘pchilikning estradaga o‘zini urishiga asosiy sabab — bu xalq. Chunki ularning ehtiyoji bor shunga. Masalan, to‘ylarga borib, o‘zimizning asl milliy taronalarimizdan ijro etamiz. Lekin birov davraga chiqib o‘ynamaydi yoki miriqib tinglamaydi. Agar boshqa davlat kuylaridan foydalanib aytilgan qo‘shiqlar bo‘lsa, butun xalq raqsga tushishini kuzatish mumkin. Bundan keyin ular majbur bo‘lmoqda, estrada yo‘nalishida ijod qilishga. Lekin mashhur bo‘lish uchun, qanday qo‘shiq to‘g‘ri kelsa, shuni aytayotganlar ham bor.

— Bizningcha, o‘zbek estradasida tobora baqiroq ovozlar ko‘payib bormoqda. Qo‘shiq matnini gapirmasa ham bo‘ladi. Bu borada fikringiz.
— Bu kabi ovozlarning urchiyotganiga sabab – ustoz ko‘rmaganlikdir. Hamma o‘zicha bor ovozida kuylamoqda. Studiyalarda qanday mutaxassislar faoliyat ko‘rsatmoqda?! Xonanda har bir qo‘shiqni ijro etishdan avval, albatta, ustozlar bilan maslahatlashishi kerak. Vaholanki, yaxshi shoirlarimiz bor. Matnlarni ko‘rsatish kerak.

— Ko‘proq qaysi shoirlar bilan hamkorlik qilasiz?
— Ko‘proq Zahiriddin Muhammad Bobur, Abdulla Oripov, Iqbol Mirzo, Muhammad Yusuflar ijodidan foydalanaman.

«Baqiroq ovozlar paydo bo‘layotganining asosiy sababi — ustoz ko‘rmaganlikdir»

— Ustoz-shogird an’analari xususida fikringiz?
— Bu an’analarni ochig‘i, juda qadrlayman. Chunki kimdir o‘zida bor ilmni boshqalarga ulashsa, yuksalish, o‘sish bo‘ladi. Men yoshman, farzandlarim ham yosh. O‘zim hali shogirdman. Lekin shogird yetishtirish ham katta baxt, deb bilaman.

— Bugun ko‘p eshityapmiz. San’atkorlar kitob o‘qishga vaqti yo‘qligini, aytmoqda. Sizningcha, kitob mutolaasiga vaqt topish muhimmi yoki xohish? Mutolaa xonanda uchun qanday ahamiyatga ega?
— To‘g‘ri aytyapsiz. Kitob o‘qishga vaqt yo‘qligini aytamiz, lekin inson yurgan yo‘lida ham ozgina bo‘lsa-da mutolaa qilsa bo‘ladi. Bu albatta insonning xohishiga bog‘liq. Ko‘p kitob o‘qigan insonlarning dunyoqarashi keng bo‘ladi, fikrlarini tinglab mazza qilasiz. Bunday insonlar bilan ko‘p suhbat qurganman. Lekin bunday vaziyatda bir jumla so‘z aytishga-da iymanasiz. Chunki gapingizning ma’nosiz chiqib qolishidan qo‘rqish hissi bo‘ladi. Otam kitob shaydosi, ko‘p o‘qiydilar. Biznikiga kelib, har safar kitob javonidan bir talay kitob olib ketadilar. Ishonsangiz, bir kunda bitta kitobni bemalol o‘qib tugatadilar. Keyin kitob mutolaasi orqali xotirani mustahkamlash ham mumkin. Buning isbotini otamda ko‘ryapman.

— Hozirda ko‘p kuzatilyapti: bir kunda qo‘shiqchi aktyorga, aktyor qo‘shiqchiga aylanib qolyapti. Tomoshabin ham hayron: bu kim o‘zi? O‘z qirralarini namoyon qilish, ba’zan yaxshi albatta. Lekin bir ish boshini tutib, o‘shani qoyillatgan ma’qul emasmikan? Bu haqda fikringiz?
— Fikringizga qo‘shilaman. O‘zim ham bugun kim xonanda-yu kim aktyor, farqiga bormayapman. Bir qaraysiz, aktyor qo‘shiq aytayotgan bo‘ladi, xonanda esa kinoda rol ijro etadi. Ko‘rganman, kimlargadir bu narsa juda yarashadi. Chunki bu iste’dod ularga berilgan. Balki ikki sohada ham tahsil olgan bo‘lishi mumkin. Iste’dodi bormi marhamat. Lekin o‘zini majburlash kerak emas. Undan ko‘ra, o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lib, mamlakat rivojiga hissa qo‘shsin.

— To‘g‘risi, bugun oila tushunchasining qadriga yetmay, mas’uliyatni his etmaslik sababmi, ajralishlar soni ko‘p. Bu xattoki, san’atkorlar orasida ham uchramoqda. Namunali oila bekasi sifatida fikringiz qiziq. Mustahkam oila bunyod bo‘lishi uchun nimalarga ahamiyat qaratish kerak?
— Albatta bu bugun dolzarb muammo bo‘lib kelyapti. Ayniqsa, ajralishlar yoshlar orasida ko‘p. Bunga sabab ularning sabrsizligi, qaynonaning birgina gapini tushunmaslik, tezda arazlash. Oddiy sabablar orqali yuzaga kelyapti-da. Keyin yigit-qizlar juda erta turmush qurmoqda. Hali hayotni, oilani tushunmasdan turmush qurish har doim ham yaxshi natija beravermaydi. Er-xotin bir-birini qo‘llab-quvvatlashi ham muhim. To‘g‘ri, boshiga bir-biriga o‘rganish, yangi oilaga ko‘nikish qiyin kechar, shunda ayniqsa ayol sabrli bo‘lishi kerak. Farzandlar tug‘ilganidan keyin esa oila o‘z-o‘zidan mustahkamlanib boradi.

— Bilamiz, bugungi muvaffaqiyatlarga turmush o‘rtog‘ingiz bilan birgalikda erishgansiz. Oson bo‘lmagani aniq...
— Albatta, bugungi muvaffaqiyatlarning barchasini turmush o‘rtog‘im bilan birgalikda qo‘lga kiritdik. Oson bo‘lmadi. Chunki ko‘proq xalq xizmatidamiz, turli vaziyatlarga duch kelamiz. Oramizda ishonch bor. Har doim ularga quloq tutaman, maslahatlashamiz.

— Farzandlar tarbiyasiga kelsak. Ikki o‘g‘lingiz bor. Nazdimizda, qiz boladan ko‘ra, o‘g‘il bola tarbiyasi murakkab, shunday emasmi?
— Albatta, o‘g‘il bola tarbiyasi mushkul. Qattiqqo‘llikni talab qiladi. Mehroj va Siroj — ikki nafar o‘g‘lim bor. Ikkalasi ham maktabda o‘qiydi. Darsdan so‘ng ko‘proq mashg‘ulotlar bilan band bo‘lishadi. Shukur, qaynona-qaynotamning maslahatlari bilan ularni ulg‘aytiryapmiz.

— Tashqi tomondan qaraganda, juda ta’sirchan ko‘rinasiz. Bunday kishilar, biror yomon voqeaga duch kelsayam, uni yoddan chiqarishlari mushkul. Lekin bu doim ham yaxshi natija bermaydi...
— Haqiqatdan juda ta’sirchanman. Lekin endilikda, hayotiy tajribamdan kelib chiqib, har qanday narsaga ham e’tibor qilish kerakmas, deb hisoblayman. Avvallari, ta’sirchanligim sabab, ko‘p narsalarni boy berganman. Hozir e’tibor qilmay qo‘yganman.

— «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalida turk xonandasi Rafet El Roman bilan muloqotda bo‘ldingiz. Festival va Rafet haqidagi taassurotlar bilan o‘rtoqlashsangiz.
— Rafet El Romanning ijodi menga juda yoqadi. Ijro yo‘nalishi o‘zgacha. Turk xonandalari ijrosini tinglaganmiz, lekin uning talqini boshqacha. Ko‘rishganimizda uning sodda, kamtar inson ekanligining guvohi bo‘ldim. Festival ochilishida buxorocha qo‘shiqlar ijro etdim. Bundan juda xursandman.

— Hayotda ko‘proq qaysi so‘zdan foydalanasiz?
— Shukronalik. Shukur qilish.

— Qanday vaziyatlarda yolg‘onni kechirishingiz mumkin?
— Foyda keltiradigan, yaxshilik uchun ishlatilgan yolg‘onni kechirishim mumkin.

— E’tiborni yaxshi ko‘rasizmi?
— Albatta.

— Haqiqiy do‘st qanday sifatlar egasi bo‘lishi darkor?
— Eng yaqin do‘stlar bu oila. Ota-ona, opa-singil, aka-uka. To‘g‘ri, hayotda insonning boshqa do‘stlari ham bo‘ladi. Eng muhimi, yaqiningizga nima ilinsangiz, unga nima tilasangiz do‘stingiz uchun ham shuni istasangiz, bu haqiqiy do‘stlik bo‘ladi.

— Baxt siz uchun nima? Bir jumla bilan izohlang.
— Ota-onamning sog‘-salomatligi, oilam tinchligi.

— Pul va obro‘. Bu tushunchalarning bir-biriga o‘xshash jihati nimada?
— Pul va obro‘. Menimcha bular bir-biriga qarama-qarshi tushunchalar. Inson misqollab yiqqan obro‘sini, birgina amali bilan zumda yo‘qotishi mumkin. Pul insonga kerak. Nega kerak? Yaxshi yashash uchun. Agar u halollik evaziga topilgan bo‘lsa. Me’yoridan ortiq pul yaxshilikka ham olib kelmaydi.

— Sabr sizga tasanno aytadimi? Yoki tezda unga yengilasizmi?
— Hayotda sabr juda kerak. Sabr bo‘lsa, tinch, yaxshi yashash mumkin.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Yulduz Turdiyeva yosh estrada xonandalari, o‘zbek maqomi va oilasi haqida