22:42 / 17.02.2018
15 709

“Kara Sevda” seriali Turkiyada ham to‘xtatilgan ekan. Nega?

“Kara Sevda” seriali Turkiyada ham to‘xtatilgan ekan. Nega?
Ha, yanglish o‘qimadingiz, Kara Sevda (Sevgi iztirobi) Turkiyada namoyishi oxiriga yetmay to‘xtatilgan. Xalqimizning hech bir narsaning ortidan yomonlik yoki fitna kelishini xayoliga ham keltirmaydigan sodda-oqko‘ngil qismi hayajon bilan tomosha qilayotgan, ko‘pchilik ziyoli va o‘z xalqi kelajagi haqida qayg‘uradigan qismning shikoyat, noroziliklariga sabab bo‘layotgan o‘sha mash’um va mashhur «Sevgi iztirobi».

“Ommaviy madaniyat” deya ism berganimiz, ma’naviyat – ma’rifatdan yiroq, axloqsizliklarga boy va xalqning milliy, diniy, oilaviy qadriyatlari hamda oila shakliga tamomila zid bo‘lgan ko‘rsatuv, seriallari bilan mashhur bo‘lgan Turkiyadagi StarTv* telekanalida efirga uzatilgan Kara Sevda “Radio va Televideniya Yuqori Kengashi” RTYuK (RTÜK) tomonidan qonunning

• “Jamiyatning milliy-ma’naviy qadriyatlarini va jamiyat axloqini muhofaza qilish tamoyiliga zid”;

• “Ayollarga nisbatan hurmatsizlik, haqlarini poymol qilish”;

• “Umum axloqqa zid” moddalariga ko‘ra, 2016/07 da 26-sonli qarori bilan juda katta ($332.000 AQSh dollari) miqdorda jarimaga tortilganidan so‘ng, 3 – fasli davom etmay, namoyishi to‘xtatilgan edi.

(*StarTv avval ham juda ko‘p marta RTÜK tarafidan katta miqdorda jarimalarga tortilgan. rtuk.gov.tr).

Radio va Televideniya Yuqori Kengashining bunday qarorga kelishiga sabab mamlakat fuqarolaridan kelib tushgan juda ko‘plab shikoyat-arizalar bo‘lgan. Mutaxassis Ekspertlar tomonidan bu serial o‘rganib chiqilib Yuqori Kengashga mazkur serial haqida hisobot topshirilgan. Bu hisobot kengash tomonidan muhokamaga qo‘yilgan va a’zolarning fikr birligi bilan (1 kishidan tashqari) yakuniy qarorga kelingan. RTYuK qaroridan so‘ng ko‘p o‘tmay Ay Yapım tarafidan serialni suratga olish jarayoni to‘xtatilgan.

Quyida RTYuK (RTÜK) ning Kara Sevda seriali haqidagi qaror matnidan qisqacha keltirib o‘tamiz:

• “StarTv kanali “Radioaloqa va Teleradiokompaniyalarni tashkil etish va namoyish to‘g‘risida"gi 6112 - sonli qonunning 8-moddasi (F) bandida ko‘rsatilgan “Jamiyatning milliy-ma’naviy qadriyatlarini, jamiyat axloqini muhofaza qilish tamoyiliga zid bo‘lmasligi kerak”ligi hukmini buzganligi va ayni qonunning 8 – moddasi (S) bandida ko‘rsatilgan “Jamiyatning jinsiy tengligiga zid bo‘lgan, ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi va ayol haqlarini poymol qiluvchi ko‘rsatuv hamda filmlar namoyishi taqiqlangan”ligi hukmini buzganlikda ayblanib StarTv Qonunning 32-moddasi 1 - bandiga ko‘ra 973.403 Turk lirasi (2016 yil kursi bo‘yicha $332.000 AQSh dollari) miqdorida (IPJ) jarimaga tortilsin”.

Ushbu qarorga sabab bo‘lgan Ekspertiza mutaxassisi hisobotida esa quyidagi jumlalar kechadi:

• “StarTv da namoyish etilayotgan, tegishli qonun hujjatlariga ko‘ra salbiy mazmunga ega bo‘lgan Kara Sevda serialida sevgi va qasos o‘rtasidagi halokatli sembiyozaning (boshqa shaxsga bog‘liq holda yashashning) axloqiy hamda oilaviy himoyalanish tamoyillariga qarshi bo‘lgan, egoizm tufayli o‘ch olish uchun kirilgan soxta sevgi oqibatida travmatik-shikastlovchi munosabatlarga olib keladigan sahnalar namoyish etilganligi aniqlandi”.

Ekspert mutaxassis xulosasida yer olgan biz uchun e’tiborga molik yana bir necha jihatlar esa quyidagicha:

• “Yuqorida fosh etilgan sahnalar, “sevgi”ni bahona qilib “oila, o‘zini va o‘zgalarni hurmat qilish, g‘urur-sharaf va boshqa har qanday qadriyatlarni oyoq ostiga olgan holda boshlangan bu serialning bosh g‘oyasi xiyonatga asoslangan munosabatlar namunasini tashkil etadi”;

• “Serialdagi qahramonlar har qanday ijtimoiy va shaxsiy qadriyatlarni oyoq osti qilib, o‘zlarining his-tuyg‘ulariga osonlik bilan tobe bo‘lishadi va o‘zlari hohlagan nomaqbul natijaga erishganda ham hech qanday pushaymonlik yoki aybdorlik his qilishmaydi”;

• “Hisobotda, serialdagi ayol obrazlarining o‘ta kuchsiz, irodasiz va mas’uliyatsiz holda ko‘rsatilishi, ayolni intiqom olish uchun vosita sifatida qo‘llanilishi, ayollarning shaxsiyati hech ham e’tiborga olinmasligi, nafaqat ayollarning jinsi, balki insoniy qadr-qimmati jihatidan ham salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin deya baholandi”;

• “Serialdagi badiy unsurlarni o‘ta bo‘rttirib, travmatik voqea-hodisalarni doim qayta-qayta takrorlanishi, “sevgi” yo‘lidagi mujodala va intiqomning har qanday ko‘rinishini legitimlashtirish orqali so‘zda “ijobiy obrazlar” yaratib, ijtimoiy hayotga imkon beruvchi axloqiy qoidalarni hamda oilani bir-biriga bog‘lab turuvchi sadoqat, sabr, vijdon, hurmat va boshqa tuyg‘ularni yo‘qqa chiqarish, degeneratsiya qilish bilan bog‘liq holatlar aniqlandi”.

Shuningdek, “Istanbul Strategik G‘oyalar Markazi” Bosh direktori Umar Faruq Ojakzoda “Kara sevda” seriali haqida o‘z munosabatini bildirar ekan quyidagi fikrlarni aytib o‘tgan: “Turk xalqi jamiyat axloqini buzuvchi bunday seriallarga qarshidir va biz butun dunyoga turklarni bu tarzda axloqsiz, qadriyatlari kamsitilgan holda ko‘rsatilishini keskin qoralaymiz hamda bu serialni efirlardan darhol olinishini istaymiz”.

Xulosa o‘rnida shuni aytib o‘tmoqchimanki, o‘sha mash’um serial “o‘z vatani” Turkiyada xalqning aksar qismi tomonidan bu qadar noxush qarshilangan va istalmagan, xalqi manfaatlariga zid, zararli deb topilgan. Davlat ekspertiza mutaxassislari tomonidan o‘ta salbiy baholangan. Radio va televideniya yuqori kengashi tomonidan bu qadar katta ($ 332.000 AQSh dollari) miqdorda jarimalarga tortilib, oxir-oqibat efirda namoyishi to‘xtatilgan bir serialni biz o‘zbek xalqiga kim va nima uchun “yedirmoqchi bo‘lyapti?” Kimga kerak bu? O‘tmagan molni bizga o‘tkazmoqchimi? Qo‘pol bo‘lsa, ham siz azizlardan uzr so‘ragan holda aytmoqchiman “Birov o‘ziga ep ko‘rmay chiqindiga tashlagan narsani nega u yerdan olib takror bizga taklif qilinmoqda?”
Shahriyor NORBOYeV

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » “Kara Sevda” seriali Turkiyada ham to‘xtatilgan ekan. Nega?