
"Humo Arena" muz saroyida estrada va sport yulduzlarining 9-may –Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan gala konsert bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekistonda 9-may – xotira va qadrlash kuni arafasida ko‘pgina ommaviy tabirlar o‘tkazilmoqda. Ularda xalqimiz vakillarining Vatanimiz ozodligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayoti yo‘lida o‘z jonini qurbon qilgan insonlarga chuqur hurmat va minnatdorlik tuyg‘ulari namoyon bo‘lmoqda.
"Humo Arena" sport majmuasi atrofidagi hududda 6 may sanasidan boshlab chinakam bayramona ruh hukmron. Bu yerda shod-xurram kayfiyatdagi yurtdoshlarimiz, poytaxtimiz mehmonlari ishtirokidagi xalq sayillari, harbiy texnikalar namoyishi, tarixiy lavhalar aks ettirilgan sahna ko‘rinishlari bo‘lib o‘tmoqda.
Kuni kecha 7 mayda Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan "Humo Arena" muz saroyida milliy va estrada yulduzlari ishtirokidagi bayram konserti bo‘lib o‘tdi. Muz saroyi minglab tomoshabinlarni o‘z bag‘riga jamladi. Bayram konsertiga taklif etilgan rossiyalik taniqli estrada xonandasi Oleg Gazmanov hamda Italiyaning afsonaviy “Ricchi E Poveri” estrada guruhining chiqishlari ko‘p sonli muxlislarning gulduros qarsaklari bilan kutib olindi. Shuningdek milliy estradamiz yulduzlaridan Ozodbek Nazarbekov, Yulduz Usmanova, Sevara Nazarxonlar ham o‘zlarining bayramga atab tayyorlab kelgan jonli ijrolari bilan yurtdoshlarimizni xursand qilishdi. Minglab muxlislar o‘z mobil telefonlari chiroqlarini yoqib sevimli xonandalarining chiqishlarini qo‘llab-quvvatlab turishdi. Ular taniqli san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlariga jo‘r bo‘lishganda ijodkorlarning ham qalbi cheksiz quvonchga to‘ldi.
“Ofitserlar” qo‘shig‘ini kuylaganda qo‘shiq oxirigacha zaldagi barcha erkaklar tik turib jo‘r bo‘lishganini ko‘rgan Oleg Gazmanov: “Men estrada sahnasida ellik yildan buyon ijod qilib kelayotgan bo‘lsam, san’at ahliga bo‘lgan bu darajadagi chuqur hurmat-ehtiromni ilk marotaba ko‘rishim. O‘zbekistonda shunday muxlislarimiz borligidan judayam xursandman!” – dedi.
Konsert dasturidan joy olgan o‘rin muz ustida uchish sahnalari ham rang-barang musiqish chiqishlar bilan boy bo‘ldi. Ularda figurali uchish bo‘yicha jahon va olimpiada chempionlari Margarita Drobyazko hamda Povilas Vanagas, Mariya Petrova hamda Aleksey Tixonov, Tatyana Navka hamda Roman Kostomarov va boshqa figurali uchish ustalari muxlislar e’tiboriga chiroyli chiqishlarni havola etishdi.
Videoni tomosha qilish
Manzura BEKJONOVA
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar