00:13 / 05.03.2021
3 103

Aktrisa Xosiyat Husanova mudhish avtohalokatga uchrab, tirik qolgani haqida gapirib berdi

Aktrisa Xosiyat Husanova mudhish avtohalokatga uchrab, tirik qolgani haqida gapirib berdi
Foto: YouTube skrinshot
Taniqli kino va teatr aktrisasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Xosiyat Husanova UzReport telekanalining «O‘ylarim» ko‘rsatuviga bergan intervyusida 13 yil avval mudhish avtohalokatga uchrab, omon qolgani haqida so‘zlab berdi.

«2008 yil ayni gullab kelayotgan davrim, unvon olishga nomzodim qo‘yilayotgan payt edi. May oyida uyimning oldida, Mevazorda avtohalokatga uchradim. O‘shanda juda qattiq avariya bo‘lib, o‘zimning ko‘z oldimda o‘zim o‘ldim. Damas avtomashinasi Nexia’ga urilib, undan qochib, daraxtzorga kirib ketdik va katta chinor daraxtiga aynan men o‘tirgan joy tegganidan so‘ng Damas yig‘ilib qolgan. Men o‘sha paytda yo‘lidan to‘xtab, bizga yordam bergan haydovchilarni haligacha duo qilaman. Ularni ko‘rmaganman, tanimayman, ammo ovozini eshitganman.

...O‘rtada qorong‘ilik, bitta kadr yo‘q. Shundan keyin menga kimningdir juda uzoqdan qattiq ingrayotgani eshitildi. Qorong‘ilikda o‘sha ingrayotgan odamga yordam berishga shoshilyapman, uni qidiryapman, qidiryapman, ammo hammayoq qorong‘i bo‘lgani uchun topolmayapman. Keyin ovoz menga sekin-sekin yaqinlashdi. Oxiri ovoz o‘zimning ovozim ekanligini bildim. Ko‘zimni ochsam, haydovchilar menga qarab yugurib kelayotgan ekan. Nafas olaman desam, mashinaga qisilib qolgan ekanman. Nafas ololmasdan, o‘sha yerda o‘lib qoldim, rostdan o‘ldim. Chunki odam bir-ikki daqiqa nafas olmasa, o‘ladi-ku, to‘g‘rimi?!

Keyinroq aytib berishlaricha, o‘sha payt Damas’ni ko‘pchilik bo‘lib sindirib, ochishgan. Ko‘p erkaklaring kuchi kuch ekan-da. Belimdan tepasi qisilib qolgani uchun ko‘pchilik bo‘lib meni mashina ichidan tortib olishgan. Ularning yordami bilan nafas ola boshlaganman. So‘ngra meni qaysidir mashinaga solishib, zudlik bilan 16-son shahar shifoxonasiga yetkazishgan. U yerdagilar san’atkorligimni ko‘rib, darhol yordam ko‘rsatishgan
», — deydi aktrisa.

Xosiyat Husanovaning aytishicha, uni shifokorlar «bir umr ko‘rpaga mixlanib qoladi», deyishgan.

«Avariya oqibatida tos suyaklar umuman maydalanib ketgan, son ikkiga bo‘linib, yuzimning yarmi yo‘q bo‘lgan. Yuzim bu holatga qaytadi, deb o‘ylamagandim. O‘shanda ‘Oyoqqa turmaydi, bir umr kolyaskada o‘tiradi, ko‘rpaga mixlanib qoladi’, degan gaplarni ham eshitganman. Bu gaplarni eshitganingda tugarkansan odam. Undan ko‘ra o‘lgan yaxshi-da. «Nega meni qutqarishdi, nimaga men o‘sha joyda o‘lib keta qolmadim?», degan fikrlar hayolimdan kechgan.

U vaqtda farzandim 5-sinfda o‘qirdi. ‘O‘lib qolsam, bitta-yu bitta qizim kimning qo‘lida qolib ketadi’, deb ko‘p o‘ylaganman. Qizimning baxtiga omon qoldim. Bu Allohning menga bergan mo‘’jizasi-da! Hozir o‘zimga o‘zim qoyil qolaman, sababi yuragim baquvvat, kuchli ayol ekanman
», — deydi u.

Foto: YouTube skrinshot
Aktrisa intervyu davomida ikki yilda sog‘ayib, oyoqqa turganini ta’kidlagan.

«Bir yil bir joyda yotgan bo‘lsam, ich-etimni kemirib, adoyi tamom bo‘lganman. Choyshabimni almashtirish uchun to‘rt nafar odam kerak bo‘lardi. Ichimda temir, tashqarimda temir... hozir ham qolib ketgan temirlar bor. To‘rt nafar odam stoldek to‘g‘ri, tekis ko‘targan paytda choyshabimni almashtirib olishardi. Yotgan joyimda sochiqda yuvintirishardi.

Ustozim Yoqub Axmedovga, hamkasblarimga katta rahmat. Tanigan, tanimaganlar ham ko‘rgani borishgan. Oylik maoshimni vaqtida uyimga yetkazib turishgan. ‘Otasiz qolgan farzandimni kim boqadi, men oyoqqa turishim kerak’, degan qattiq maqsadni oldimga qo‘yganman. Bir yildan so‘ng o‘rnimdan turishni o‘rgatishdi, qo‘ltiqtayoqda yurishni o‘rgandim. Bir yilda qo‘ltiqtayoqni ham tashladim. Dardini bergan Allohim shifosini ham berarkan. Qizimni yetim bo‘lib qolishdan Allohning o‘zi asradi, farzandimning baxti bor ekan
», — deydi Xosiyat Husanova.

Eslatib o‘tamiz, Xosiyat Husanova 2015 yilda 47 yoshida ikkinchi farzandi, ya’ni o‘g‘lini dunyoga keltirgan. U qizini turmushga uzatgan, bir nafar nabirasi bor.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Aktrisa Xosiyat Husanova mudhish avtohalokatga uchrab, tirik qolgani haqida gapirib berdi