23:20 / 19.12.2021
3 072

Vazirning shogirdi Alisher Fayzning konsertidan reportaj (foto, video)

Vazirning shogirdi Alisher Fayzning konsertidan reportaj (foto, video)
Foto: «Daryo»
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Alisher Fayz «Xalqlar do‘stligi» san’at saroyida «Yurak so‘zi» deb nomlangan konsert dasturini taqdim etmoqda. Konsert dasturida mehmon bo‘lgan «Daryo» muxbiri Feruz Muhammad konsertdan reportaj tayyorladi.

Alisher Fayzning konsert dasturi pandemiya sababli bir necha marotaba qoldirilgan edi. Dastavval xonandaning konsert dasturi 2020 yilning 18—23 aprel kunlari bo‘lib o‘tishi kerak edi. Pandemiya sababli Alisher Fayzning konserti qoldirildi. Respublika maxsus komissiyasi tomonidan konsert dasturiga ruxsat berilgach, Alisher Fayz 2021 yilning 18—23 may kunlari konsert dasturi bo‘lib o‘tishini ma’lum qilgan edi. Biroq karantin chora-tadbirlari kuchaytirilgach, xonandaning konsert dasturi ikkinchi marotaba qoldirildi.

Foto: «Daryo»
Alisher Fayzning ikki marotaba qoldirilgan konsert dasturi oradan yetti oy o‘tib, 2021 yilning, 14—19 dekabr kunlarida bo‘lib o‘tmoqda.

Foto: «Daryo»
Alisher Fayzning prodyuseri, konsert tashkilotchisi Lutfulla Fathullayevichning ma’lumotiga qaraganda, konsert dasturi ikki marotaba qoldirilgan bo‘lsa-da, konsert dasturining birorta chiptasi, biletni sotib olgan muxlislar tomonidan qaytarib berilmagan.

Alisher Fayzning muxlislari tomonidan uzoq kutilgan konsert dasturi bir-biridan go‘zal, unutilmas qo‘shiqlar, raqslar, sahna ko‘rinishlari bilan esda qoldi.

Foto: «Daryo»
Konsert dasturi uch bo‘limdan iborat bo‘ldi. Xonanda konsertning birinchi bo‘limida «Ko‘ylak», «Yolg‘on ekan-ku», «Rashk», «Yarashibdi», «Xizmat doirasidan tashqarida», «Mashshoqlar», «Pul-pul», «Ketsa ketar», «Toshkanli» kabi qo‘shiqlarini kuyladi.

Foto: «Daryo»
Birinchi bo‘limda kuylangan, Alisher Fayzning yangi qo‘shiqlari hisoblangan «Xizmat doirasidan tashqarida», «Mashshoqlar», «Pul-pul» qo‘shiqlari mavzuning originalligi, mahoratli ijro, sahna ko‘rishishlarining qiziqligi jihatidan katta ahamiyatga egadir.

Insonlar o‘rtasida yo‘qolib ketayotgan oqibat haqida kuylangan «Xizmat doirasidan tashqarida» qo‘shig‘i bilan muxlislarni yig‘latgan Alisher Fayz «Pul-pul» deb nomlangan kosa ostidagi nimkosaga ega qo‘shig‘i bilan ularni kuldirdi.

Alisher Fayz hamkasblarining internet olamidagi «otvet»lashishi, bo‘lar-bo‘lmas video murojaatlarini qoralab, «Mashshoqlar» deb nomlangan qo‘shig‘ida ularni keskin tanqid ostiga oldi. Zo‘r bo‘ldi.

Foto: «Daryo»
Alisher Fayz dasturining birinchi bo‘limida ustozi, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovning «Ketsa-ketar» deb nomlangan qo‘shig‘ini ham kuyladi.

Ikkinchi bo‘lim boshlandi. Bu bo‘limda «Qozoqcha», «Rossiyada o‘tib ketdi umrim mening», «Hay-hay», «Falonchi», «Jufti halolim», «Onajon», «Davralarda», «Oilamizga» singari qo‘shiqlar kuylandi.

«Rossiyada o‘tib ketdi umrim mening» deb nomlangan qo‘shiq kuylangan vaqtda zal muxlislarning qo‘l telefonlarining yoritkichi bilan mitti yulduzlarga to‘ldi. Qo‘shiqni kuylagan Alisher Fayzning ham, uni tinglagan muxlislarning ham ko‘zi yoshlandi. Ushbu qo‘shiq shoir va bastakor Xushnud Darvesh tomonidan tayyorlangan.

Alisher Fayz ko‘p yillardan buyon ijodiy hamkorlik qilib kelgan raqqosa Parizoda bilan so‘nggi yillarda ijod qilmay qo‘ygan edi. Shov-shuvlarga o‘ch bo‘lmagan xonanda Parizoda bilan o‘rtasidagi kelishmovchilik haqida biror joyda gapirmagan.

«Yurak so‘zi» dasturida esa xonanda va raqqosa yana bir sahnada chiqish qilishdi. Alisher Fayz ajoyib qo‘shiq bilan Parizodaga «Uzr salom» raqsini ijro ettirdi. Buni faqat ko‘rish kerak.

Uchinchi bo‘lim. Bu bo‘limda xonanda «Arziymanmi?», «Importniy», «Tojikcha», «Rahmat», «Toshkentdan Xorazmgacha», «Noz-noz» qo‘shiqlarini kuyladi.

Konsertda «Sabo», «Shodiyona» raqs ansambllari, shuningdek, raqqosa Shodiyora Omonova hamda Parizodalar tomonidan bir-biridan go‘zal raqslar ijro etildi.

Foto: «Daryo»
Alisher Fayz avvalgi konsert dasturlarida konsertga tashrif buyurgan muxlislari orasida maromiga yetkazib raqs tushib, Alisher Fayzning e’tiborini tortgan E’zoza Saydaliyeva bu yilgi konsert dasturida sahnada raqs tushdi.

Foto: «Daryo»
Alisher Fayzning konsert dasturlarida uch yoshidan buyon raqs tushib kelayotgan E’zoza Saydaliyeva ilk marotaba katta sahnaga chiqishi taassurotlari haqida gapirdi.

- "Uch yoshimdan buyon Alisher akaning konsertlariga kelaman. Konsertda hamisha zalda raqsga tushardim. Alisher aka esa har safar sahnaga olib chiqib, raqs tushirardilar. Bundan ikki yil avval Alisher aka «o‘zingizga mos qo‘shiq yozib, sizni sahnaga olib chiqaman», deb va’da bergandilar. Mana karantindan keyin sahnaga chiqib, raqs tushish nasib etadi", - deydi Alisher Fayzning muxlisasi E’zoza Saydaliyeva.

Xonanda konsertga tashrif buyurgan muxlislari orasidan mana shunday iste’dodlarni kashf qilishni an’anaga aylantirishini ma’lum qildi.

Alisher Fayzning yana bir katta yutug‘i, u doimiy izlanishdagi ijodkor. Shu sababli kimdirlar uchun oddiy tuyulgan voqealikdan ustalik va samimiyat bilan foydalana oladi. Yuqorida aytganimiz, raqqosa Parizoda bilan bo‘lgan voqea, balki boshqa bir xonandada bo‘lganida, bu holat katta janjal bilan tugashi mumkin edi. Alisher Fayz esa bu vaziyatni chiroyli ijodiy asar bilan yumshatdi va yaxshilik bilan tugatdi.

Foto: «Daryo»
Alisher Fayz ustozi, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov Madaniyat vaziri lavozimida faoliyat yuritishini hamma yaxshi biladi. Alisher Fayz ushbu holatdan ham juda o‘rinli foydalandi. Xonanda «Falonchixon» deb nomlangan qo‘shig‘ida shunday misralar bor.

Ko‘cha ko‘yda ko‘rganda,
Sira parvo qilmasdi.

Vazirni shogirdi unga
Shaydoligin bilmasdi.


Ushbu misralar muxlislarning kayfiyatiga yanada ko‘tarinkilik ulashdi. Alisher Fayzda bunday oddiy, samimiy, qayta-qayta tinglab to‘ymaydigan qo‘shiqlar bisyor bo‘ldi.

Alisher Fayzning prodyuseri, konsert tashkilotchisi Lutfulla Fathullayevich, konsert badiiy rahbari Xushnud Darvesh, prodyuser yordamchisi Shavkat Yuldashev bo‘ldi.

Konsertga kelgan mehmon san’atkorlar Alisher Fayzning «Yurak so‘zi»ni + 5 ga baholashdi. Haqiqatan ham konsert dasturi juda yuqori saviyada o‘tmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Vazirning shogirdi Alisher Fayzning konsertidan reportaj (foto, video)