O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning (1941–2016) hali biror bir to‘plam yoki matbuot nashrida chop etilmagan «Sharqiy Turkiston» nomli she’ri e’lon qilindi. Bu xayrli va savobli yumush Telegramdagi «Abdulla Oripov she’riyati» kanali tomonidan amalga oshirildi.
Marhum shoirning rafiqasi Hanifa aya xotiralariga ko‘ra, 1991 yil may oyida ikkovlon Urumchi shahriga safar qilishadi. Ularni uyg‘ur shoiri Bug‘do Abdullo va umr yo‘ldoshi Chamanoy opa mehmonga taklif etgan edi. O‘zbekistonlik mehmonlar sharafiga ijodiy gurunglar, bazmlar uyushtiriladi. Uyg‘ur o‘lkasiga safar davomida Abdulla Oripov «Sharqiy Turkiston» nomli she’r yozadi. Ammo mahalliy politsiya she’r haqida surishtira boshlagach, shoir yangi asari qo‘lyozmasini yirtib-yo‘q qilishga majbur bo‘ladi.
Tasodifmi yoki taqdir tuhfasi, keyinroq she’rning bir nusxasi boshqa qo‘lyozmalar orasida qolib ketgani ma’lum bo‘ladi. Bundan xabar topgan shoir rafiqasiga qo‘lyozmani yashirib qo‘yishni tayinlaydi. «Sharqiy Turkiston» she’ri, oradan 31 yil o‘tib, 21 mart – ulug‘ alloma Alixonto‘ra Sog‘uniy hamda Abdulla Oripov tavallud topgan kunda e’lon qilindi.
Sharqiy Turkiston
Men seni avval boshdan
Yetuk deb o‘ylagandim.
Bobolardan qolgan bir
Bitik deb o‘ylagandim.
Oqsoq bo‘lsang-da seni,
Tetik deb o‘ylagandim,
Sho‘rginang qursin sening,
Jonim Sharqiy Turkiston,
Begona emas mening
Qonim, Sharqiy Turkiston.
Na otayu onani
Tanimay qolibsan sen,
Kimsa bilmas manzilga,
Yo‘lingni solibsan sen,
Balki bu safar qaltis
Horibsan, tolibsan sen.
Sho‘rginang qursin sening,
Jonim Sharqiy Turkiston,
Begona emas mening
Qonim, Sharqiy Turkiston.
Bolang kelsa bezrayib,
Tilini ham bilmaysan,
Birovga-ku yuqtirmay,
O‘zingga ham yuqmaysan.
Dehqonsan-u, zaminga
Biror nihol suqmaysan.
Sho‘rginang qursin sening,
Jonim Sharqiy Turkiston
Begona emas mening
Qonim, Sharqiy Turkiston.
Mehmon kelsa izida
To‘rtta-beshta izi bor,
Bu elning na g‘ururi
Va na aytar so‘zi bor.
Gohi-gohi shoirning
Yig‘lab turgan ko‘zi bor,
Sho‘rginang qursin sening,
Jonim Sharqiy Turkiston
Begona emas mening
Qonim, Sharqiy Turkiston.
Ha, bir zamon sening ham
Yurgan yo‘ling oq edi,
Lekin birov u dedi,
Bunisi bundoq dedi.
Rahmon osh pishirganda,
Oqibat shayton yedi.
Sho‘rginang qursin sening,
Jonim Sharqiy Turkiston
Begona emas mening
Qonim, Sharqiy Turkiston.
Ahvolingga qarab men
Yig‘ladim bugun netay,
Har nechuk jigarimsan
Men yurak qayga ketay.
Iqbolingni axtarib,
Ka’baga toki yetay.
Sho‘rginang qursin sening,
Jonim Sharqiy Turkiston
Begona emas mening
Qonim, Sharqiy Turkiston.
Asl-asl insonlar
Quchog‘ingda bor balki,
Oh, qandayin daholar,
Bee’tibor, xor balki.
Diydiyoni o‘ziga
Bilishadi or balki.
Sho‘rginang qursin sening,
Jonim Sharqiy Turkiston,
Begona emas mening
Qonim, Sharqiy Turkiston.
1991 yil 9 may
Urumchi
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Urumchi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
NATO sobiq qo‘mondoni: “Putin Ukrainaning taxminan 20 foizini qo‘lga kiritadi”
AQSH Isroilga puli to‘langan buldozerlarni bermadi
Tramp Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Ukrainadagi urushni muhokama qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Fayzullayev va Yevropa: unga berilgan ikki xil baho...