Xalq bank ikkita nominatsiya bo‘yicha g‘olib deb topildi


2016 yilning 20 aprel kuni O‘zbekiston Banklari Assotsiatsiyasida "BANKEXPO 2016" bank xizmatlari, uskunalari va texnologiyalari IX an’anaviy ko‘rgazmasi ishtirokchilari bo‘lgan g‘olib tijorat banklarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
"BANKEXPO 2016" milliy ko‘rgazmasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, iqtisodiy islohotlar va byudjet masalalari qo‘mitalari, Axborot texnologiyalari bo‘yicha tashkilotlar va korxonalar Assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston Banklari Assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda o‘tkazib kelinadi.
G‘oliblarni tantanali taqdirlash marosimi O‘zbekiston Respublikasi Bosh Vaziri o‘rinbosari I. Basitxanova, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Raisining birinchi o‘rinbosari S. Xodjaev, shuningdek O‘zbekiston Banklari Assotsiatsiyasi bosh direktori S. Abdullaevlar boshchiligida o‘tkazildi.
Tadbirda davlat-tijorat Xalq banki ayollar tadbirkorligini rivojlantirish sohasida qo‘shayotgan hissasi haqida alohida to‘xtalib o‘tildi va “Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlovchi eng yaxshi bank” deb topildi.
Shuningdek, hududlarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Xalq bankining Bo‘stonliq filiali “Tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlayotgan eng yaxshi hududiy bank filiali” nominatsiyasi g‘olibi deb topildi.































Izohlar 0
…