22:06 / 08.08.2023
383

O‘zbekistonda ayollar ko‘proq vafot etmoqdami yoki erkaklar?

O‘zbekistonda ayollar ko‘proq vafot etmoqdami yoki erkaklar?

Joriy yilning dastlabki yarmida O‘zbekistonda qayd etilgan o‘limlar soni o‘tgan yildagiga nisbatan 1100 taga kamaydi. Quyida Statistika agentligining o‘lim ko‘rsatkichlariga doir maʼlumotlari taqdim etiladi.

Infografika: Statistika agentligi

Vafot etganlar soni

Mamlakatda 2023-yil yanvar—iyun oylarida vafot etganlar soni 79,8 ming kishini tashkil etdi. Shundan erkaklar 44 100 nafar, ayollar 35 700 nafar. Vafot etganlar soni shahar joylarida 42 400 kishini, qishloq joylarida 37 400 kishini tashkil etdi.

Oylar kesimi bo‘yicha taqsimlaganda fevral oyida eng ko‘p o‘lim kuzatilgan bo‘lib, 8326 nafar erkak va 6562 nafar ayol hayotdan ko‘z yumgan. Eng kam o‘limlar yanvar oyida qayd etilgan bo‘lib, jami 6 066 nafar erkak, 4 931 nafar ayol vafot etgan.

Infografika: Statistika agentligi

Jami vafot etganlarning 55,5 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kattalar, 23,8 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kichiklar, 20,7 foizi mehnatga layoqatli yoshdagilar bo‘lgan.

O‘limlar hududlar kesimida

Infografika: Statistika agentligi

Joriy yilning dastlabki 6 oyi davomida Samarqand viloyati aholisi orasida eng ko‘p o‘lim (9 053 ta) qayd etildi. Keyingi navbatdan Farg‘ona (8 387 ta) va Qashqadaryo (8 039 ta) viloyatlari o‘rin oldi. Eng kam o‘lim Navoiy viloyatida kuzatilgan bo‘lib, hududda yarim yil ichida 1 971 nafar odam vafot etdi. Sirdaryoda esa 2 094 kishi olamdan o‘tdi.

O‘limlarning o‘sish surʼati eng yuqori darajasi Qoraqalpog‘istonda (111,4 foiz) kuzatildi. Shuningdek, Sirdaryo, Jizzax, Navoiy, Surxondaryo viloyatlarida ham o‘sish yuqori darajada qayd etildi. Nisbatan past o‘sish darajasi Toshkent shahrida (84,8 foizda) bo‘ldi. Shu bilan birga, Qashqadaryo, Farg‘ona, Buxoro va Xorazm viloyatlarida ham o‘sish pastroq kechdi.

O‘lim sabablari

Infografika: Statistika agentligi

Statistika agentligi axborotiga ko‘ra, yarim yil davomida qayd etilgan o‘lim holatlarining 51,9 foizi qon aylanish tizimi kasalliklaridan, 11,5 foizi nafas olish aʼzolari kasalliklaridan, 9,5 foizi o‘simtalardan ekani aniqlangan. Yana 4,4 foiz odam ovqat hazm qilish aʼzolari kasalliklari, 3,6 foizi baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlar, 1,4 foizi yuqumli va parazitar kasalliklar hamda 17,7 foizi boshqa kasalliklardan o‘lim topgan.

Maʼlumot uchun, respublikada 2020-yilda 74 700 kishi, 2021-yilda 79 700 kishi, 2022-yilda 80 900 kishi vafot etgan.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda ayollar ko‘proq vafot etmoqdami yoki erkaklar?