Matyoqub Matchonov va Ra’no Yarasheva – O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti unvoniga sazovor bo‘ldi

O‘zbekiston kino va teatr san’atining taniqli va sevimli vakillari — kinoaktyor Matyoqub Matchonov hamda O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktrisasi Ra’no Yarasheva “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Bu haqda 28 may kuni Prezidentning “Madaniyat, san’at va adabiyot sohasi vakillarini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmonida ma’lum qilindi.
Shuningdek, aktyor Uchqun Tillayev va “Maqom” ansambli artist-sozandasi Abdurahmon Xoltojiyev ham ushbu yuksak unvonga sazovor bo‘ldi.
Matyoqub Matchonov 1956 yilda Toshkentda tug‘ilgan bo‘lib, 1980 yilda “Dahoning yoshligi” filmi orqali ekranga kirib kelgan. U “Bozor ko‘rmagan yigit”, “Tilim qursin”, “Mening akam bo‘ydoq”, “Sotqin” kabi filmlardagi rollari bilan muxlislar mehrini qozongan. Aktyor avval “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” unvoni va Do‘stlik ordeni bilan ham taqdirlangan.
Ra’no Yarasheva esa 1961 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. U ijodiy faoliyatini teatrda pardozchi sifatida boshlab, keyinchalik aktrisa sifatida tanilgan. “Mehrobdan chayon”, “Sohibqiron” va “Uvaysiy” filmlaridagi rollari orqali tomoshabinlarga yaxshi tanish. Aktrisa bugungacha 20 dan ortiq film va spektakllarda ishtirok etgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!