date
views 1 310

Rossiya, Qozog‘iston va Ozarboyjon fuqarolari O‘zbekistonga ID-karta bilan kirishi mumkin

Rossiya, Qozog‘iston va Ozarboyjon fuqarolari O‘zbekistonga ID-karta bilan kirishi mumkin
O‘zbekiston Turizm, ishbilarmonlik va do‘stona aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida Rossiya, Qozog‘iston va Ozarboyjon fuqarolarining mamlakatga kirish tartibini yengillashtirish ustida ishlar olib borilmoqda. Bu haqda Rossiyaning “Izvestiya” nashri O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi (TIV) matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ayni paytda mazkur davlatlar fuqarolariga O‘zbekistonga faqat chet el pasporti orqali kirish mumkin. Ammo yaqin orada ularga ichki pasport yoki ID-karta orqali 30 kungacha muddat bilan O‘zbekistonga vizasiz kirish imkoniyati yaratilishi mumkin.

— Biz hamkor davlatlar bilan ID-karta orqali kirishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqdamiz. Bu tashabbus turizm va biznes aloqalarni rag‘batlantirish, safarlarni yanada qulay qilishga xizmat qiladi, — deyiladi TIVning rasmiy izohida.

Aytish joiz, O‘zbekiston bu borada avvalgi qadamlarni Qirg‘iziston bilan amalga oshirgan. 2023 yildan boshlab ikki mamlakat fuqarolari o‘zaro ID-karta yoki ichki hujjatlar bilan chegaradan o‘tishi mumkin. Bu tajriba hozirda ijobiy natija bermoqda.

Rossiya fuqarolari ayni vaqtda Markaziy Osiyoda faqat Qozog‘iston va Qirg‘izistonga ichki pasport bilan kirish huquqiga ega. O‘zbekiston esa hozircha chet el pasporti talab qilinadigan davlatlar ro‘yxatida qolmoqda. Qolaversa, Rossiya fuqarosi O‘zbekistonda 15 kundan ortiq vaqt bo‘lishni reja qilsa, yashash joyida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tishi shart.

Kirish rejimini yengillashtirish birinchi navbatda sayyohlar oqimining ortishiga olib kelishi kutilmoqda. 2024 yilning o‘zida Rossiyadan O‘zbekistonga kelgan sayyohlar soni 20 foizga ko‘payib, 870 ming nafarga yetgan. 2025 yilda esa bu raqam 1 millionga yaqinlashishi prognoz qilinmoqda.

Tashqi ishlar vazirligi va hukumat rasmiylari bu tashabbusni amalga oshirishda barcha shartnomaviy va huquqiy asoslarni tayyorlash ustida ish olib bormoqda. Yaqin orada bu tashabbus amalda o‘z ifodasini topsa, O‘zbekiston uchun yangi turistik va iqtisodiy imkoniyatlar eshigi ochilishi shubhasiz.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Rossiya, Qozog‘iston va Ozarboyjon fuqarolari O‘zbekistonga ID-karta bilan kirishi mumkin