
O‘zbekistonning Kuvaytdagi elchixonasida mamlakat turizmini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilishga qaratilgan navbatdagi muhim qadam amalga oshirildi. Joriy hafta elchixonada Kuvaytning mashhur media shaxslaridan biri, bloger Abdulkarim al-Hindal va “Unique Travel” sayyohlik kompaniyasi ijrochi direktori Suad al-Mahri ishtirokida rasmiy uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirning asosiy voqeasi sifatida Abdulkarim al-Hindalga O‘zbekistonning Kuvaytdagi turizm elchisi maqomi berildi va ushbu maqomni rasman tasdiqlovchi sertifikat tantanali ravishda topshirildi.
Abdulkarim al-Hindal o‘z chiqishida O‘zbekiston hukumati va elchixonasiga bildirilgan ishonch uchun samimiy minnatdorlik izhor etar ekan, bundan keyin yurtimizning boy tarixi, madaniyati va sayyohlik salohiyatini Kuvayt va boshqa arab mamlakatlarida ommaviy ravishda targ‘ib etishni o‘zining shaxsiy burchi sifatida qabul qilishini ta’kidladi.
— O‘zbekistonga qilgan safarlarim menda unutilmas taassurotlar qoldirgan. Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlardagi boy meros, xalqingizning samimiyligi va o‘zbek taomlarining benazir ta’mi meni o‘ziga rom etgan. Palovi, choy an’analari, milliy muhit — bularning barchasi sayyohlar uchun jozibador omillardir. Menga berilgan ushbu mas’uliyatli maqomni to‘liq ado etishga harakat qilaman, — dedi Abdulkarim al-Hindal.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘rtasida kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari ham muhokama qilindi. Jumladan, Kuvaytda O‘zbekiston turizm brendini ommalashtirish, sayyohlik loyihalarini yo‘lga qo‘yish, yetakchi mahalliy va xalqaro OAVlarda yurtimiz haqida maqolalar va lavhalarni chop etish, maxsus taqdimotlar tashkil etish kabi masalalar yuzasidan kelishuvga erishildi.
Ushbu tashabbus O‘zbekistonning jahon turizm xaritasidagi mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz. Mamlakatimizning arab dunyosidagi sayyohlik imiji bundan keyin yanada yorqin va ta’sirli ko‘rinish olishi kutilmoqda.
Foto: "Dunyo" AA “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar