
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda maktablarda “pulli sinflar ochilyapti” degan mazmunda turli muhokamalar va bahslar avj olmoqda. Bu xabar ko‘plab ota-onalar va jamoatchilik vakillarida o‘z farzandlarining ta’limi uchun tashvish uyg‘otdi.
Mavjud holatga oydinlik kiritish maqsadida Xalq ta’limi vazirligi rasmiy bayonot bilan chiqdi. Bayonotda qayd etilishicha, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 50-moddasiga muvofiq, mamlakatda umumiy o‘rta ta’lim davlat tomonidan bepul taqdim etilishi kafolatlangan. Bu — o‘zgarmas va asosiy qonuniy tamoyil hisoblanadi.
“Pulli sinf” emas, ixtiyoriy qo‘shimcha ta’lim
Vazirlikning tushuntirishicha, ijtimoiy tarmoqlarda “pulli sinf” deb atayotgan holatlar — bu o‘quv rejasi va davlat ta’lim standartlaridan tashqari ravishda, qo‘shimcha bilim berish maqsadida tashkil etiladigan ta’lim xizmatlaridir. Bunday mashg‘ulotlar ota-onalar xohishi va tashabbusi asosida, bolalarning iqtidorini rivojlantirish, muayyan sohalarga qiziqishini oshirish maqsadida tashkil etiladi.
Ushbu faoliyat 2019 yil 22 apreldagi 343-sonli Hukumat qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan amalga oshiriladi. Qo‘shimcha ta’lim xizmatlari maktab direktori va ota-onalar o‘rtasida ixtiyoriylik asosida tuziladigan shartnoma orqali yo‘lga qo‘yiladi.
Majburlash mumkin emas!
Eng muhim jihat — maktab ma’muriyati va o‘qituvchilar tomonidan bolalarni bunday pulli mashg‘ulotlarga jalb qilish majburiy emas va bunga yo‘l qo‘yilmaydi. Davlat ta’lim standartlarida belgilangan fanlar va darslar, avvalo, barcha uchun bepul bo‘lib qoladi.
Bundan tashqari, qo‘shimcha ta’lim xizmatlaridan tushadigan mablag‘ning kamida 50 foizi o‘qituvchilar mehnati uchun haq to‘lashga yo‘naltiriladi. Qolgan qismi esa maktabning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va xodimlarni moddiy rag‘batlantirishga sarflanishi mumkin.
Yangi o‘quv yilida barcha 1-sinf o‘quvchilari uchun ta’lim bepul
2025–2026 o‘quv yilida 738 ming nafar bola 1-sinfga qabul qilinishi rejalashtirilgan. Ularning barchasi davlat ta’lim standartiga kiruvchi fanlardan mutlaqo bepul ta’lim oladi. Qo‘shimcha mashg‘ulotlar faqat o‘quv yili boshlangandan keyin, ota-onalar bilan o‘tkazilgan so‘rovnoma asosida va ularning ixtiyoriy roziligi bilan tashkil etilishi mumkin.
Shubhalaringiz bo‘lsa, murojaat qiling
Hurmatli ota-onalar! Agar maktabda davlat ta’lim standartlariga kiruvchi fanlar bo‘yicha pul talab qilinayotgan yoki farzandingizni majburiy ravishda pulli mashg‘ulotlarga jalb etishga urinish holatiga duch kelsangiz, Xalq ta’limi vazirligining Ishonch telefoni — 71-202-09-09 orqali murojaat qilib, bu holat yuzasidan tezkor chora ko‘rilishini so‘rashingiz mumkin.
Zamin.uz tahririyati ta’lim sohasidagi barcha muhim o‘zgarish va xabarlarni diqqat bilan kuzatib boradi va sizlarga dolzarb ma’lumotlarni yetkazishda davom etadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar