date

Ko‘chmas mulk bahosi qanday aniqlanadi? Yangi tartib tasdiqlandi

Ko‘chmas mulk bahosi qanday aniqlanadi? Yangi tartib tasdiqlandi
Iqtisodiyot va moliya vazirining qarori bilan ko‘chmas mulkni ommaviy baholashning aniq va yaxlit uslubiyoti rasman tasdiqlandi. Bu orqali mamlakat miqyosida uy-joy, yer uchastkalari va boshqa turdagi ko‘chmas mulklarning qiymatini zamonaviy, avtomatlashtirilgan va bozor sharoitlariga mos ravishda aniqlash jarayoni yo‘lga qo‘yiladi, deb xabar berdi Norma.

Yangi tizim Kadastr agentligi huzuridagi Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi tomonidan amalga oshiriladi. Bu markaz davlat mulk bozorining real holatini kuzatish, tahlil qilish va har bir obyektning taxminiy qiymatini hisoblash bilan shug‘ullanadi.

Yangi tartibga ko‘ra, ommaviy baholash quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:

Birinchidan, davlat mutasaddilari ko‘chmas mulk obyektlari haqidagi muhim ma’lumotlarni yig‘adi. Bu ma’lumotlar qatorida uylar, binolar, yerlar to‘g‘risidagi texnik ma’lumotlar, bozor narxlari va aholining faol xaridlari asosida shakllangan raqamlar bo‘ladi.

Ikkinchidan, ommaviy baholanishi lozim bo‘lgan obyektlar belgilangan belgilariga ko‘ra guruhlarga ajratiladi. Masalan, xonaviy uylar, xizmat ko‘rsatish obyektlari yoki ishlab chiqarish binolari alohida hisobga olinadi.

Uchinchidan, davlat ko‘chmas mulk bo‘yicha narx tendensiyalarini o‘rganadi. Elektron savdo platformalaridagi e’lonlar, notariuslar orqali rasmiylashtirilgan shartnomalar, tijorat banklari tomonidan berilgan garov baholari kabi omillar asosida ma’lumotlar to‘planadi va tahlil qilinadi.

To‘rtinchidan, har bir obyektning narxiga ta’sir etuvchi omillar va ularning koeffitsiyentlari aniqlanadi. Ya’ni, obyekt joylashgan hudud, uning maydoni, ta’mir holati va boshqa jihatlar hisobga olinadi.

Beshinchidan, ana shu ma’lumotlar asosida avtomatlashtirilgan usulda baholash natijalari shakllantiriladi va ma’lumotlar bazasiga kiritiladi.

Ommaviy baholash jarayoni bosqichma-bosqich amalga oshiriladi:

- 2025–2026 yillarda tajriba sifatida faqat Toshkent shahrida;
- 2026–2027 yillarda Nukus va barcha viloyat markazlarida;
- 2027 yildan boshlab esa butun mamlakat hududida to‘liq joriy etiladi.

Mutaxassislar fikricha, ushbu tizim orqali mamlakat bo‘ylab ko‘chmas mulk bozoridagi adolatli va shaffof narx shakllanishiga zamin yaratiladi. Shuningdek, soliq va mol-mulk hisobotlarida ham aniqlik va tizimli yondashuv ta’minlanadi.

Yangi uslubiyat uy-joy sotuvchilari, xaridorlar va davlat tashkilotlari uchun yagona, ishonchli va avtomatik baholash mexanizmini yaratishni maqsad qiladi. Shu orqali moliyaviy xatarlar kamayishi, garov va soliqlar to‘g‘ri hisoblanishi hamda ijtimoiy tenglik ta’minlanishi kutilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Ko‘chmas mulk bahosi qanday aniqlanadi? Yangi tartib tasdiqlandi