date

Matematikada tarixiy yutuq: 5 ta medal birdan

Matematikada tarixiy yutuq: 5 ta medal birdan
O‘zbekiston terma jamoasi 66-Xalqaro matematika olimpiadasida o‘zining tarixidagi eng yuqori natijani qayd etishga muvaffaq bo‘ldi. Avstraliyada tashkil etilgan ushbu nufuzli olimpiadada yosh matematiklarimiz 4 ta kumush va 1 ta bronza medalni qo‘lga kiritib, mamlakatimiz sharafini munosib himoya qildilar.

Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari Hilola Umarova o‘zining shaxsiy Telegram kanalida ma’lum qildi.

G‘oliblar bilan tanishing:

Elbek Zohidjonov — Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab, 10-sinf (kumush medal),
Asadbek Boboqulov — «Artel Technical School» NTM, 11-sinf (kumush medal),
Rasulbek G‘afforov — Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab, 10-sinf (kumush medal),
Behruz Elmurodov — Mirishkor tumani 21-maktab, 11-sinf (kumush medal),
Ozodbek Axtamov — Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab, 11-sinf (bronza medal),
Umarbek Ubaydullayev — Sergeli tumani ixtisoslashtirilgan maktab, 7-sinf (Honourable Mention).

Jamoa umumiy hisobda 5 ta medal — 4 ta kumush va 1 ta bronza bilan mamlakat bayrog‘ini yuksak ruhda ko‘tardi. Bu natija O‘zbekistonning xalqaro fan olimpiadalaridagi ishtirok tarixi uchun yangi bosqich hisoblanadi.

Mukofotlar ham munosib
Xalqaro olimpiadadagi yutuqlar uchun ta’limga katta e’tibor qaratayotgan davlatimiz tomonidan g‘oliblar quyidagicha moddiy rag‘batlantiriladi:

2-o‘rin (kumush medal) egalariga — 562,5 mln so‘m (1 500 baravar BHM),
3-o‘rin (bronza medal) sohibiga — 375 mln so‘m (1 000 baravar BHM).

Eslatib o‘tamiz, 2024 yildagi Xalqaro matematika olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi 2 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan edi. Joriy yil esa natija yanada yaxshilanib, kumush medallar soni ikki barobarga ortdi.

Bu yutuq mamlakatimiz ta’limida amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasi ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Umid qilamizki, bu kabi muvaffaqiyatlar yosh avlodni fanga, xususan, aniq fanlarga yanada ko‘proq qiziqtiradi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Matematikada tarixiy yutuq: 5 ta medal birdan