O‘zbekistonga keltirilgan falastinlik fuqarolarga davlat tomonidan keng ko‘lamli g‘amxo‘rlik va yordam ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu boradagi chora-tadbirlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning 14 avgust kuni imzolagan “O‘zbekistondagi bir guruh falastinlik fuqarolarga davlat g‘amxo‘rligi, mehr-shafqat tamoyillari asosida ko‘mak berish tizimini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan.
Maktabgacha va maktab ta’limiga keng yo‘l
Farmonga muvofiq, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi falastinlik bolalarni yashash manzillari bo‘yicha davlat maktabgacha ta’lim muassasalari hamda maktablarga joylashtiradi. Ularga tezroq moslashish va ta’lim jarayoniga qo‘shilishlari uchun muassasa rahbarlari o‘rinbosarlari biriktiriladi. Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda bolalarning moslashuvi va har tomonlama rivojlanishini ta’minlash maqsadida doimiy monitoring yo‘lga qo‘yiladi.
Eng muhim jihatlardan biri — falastinlik bolalar 2028 yil 1 yanvariga qadar davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida ota-ona to‘lovidan to‘liq ozod etiladi. Ular navbatga turmasdan, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari talabnomasi asosida qabul qilinadi.
Qo‘shimcha ta’lim ham davlat hisobidan
Prezidentning 2025 yil 17 yanvardagi PQ–12-son qarori doirasida falastinlik o‘quvchilar davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida qo‘shimcha ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bular qatorida kasb-hunar, axborot texnologiyalari va oliy ta’limga tayyorgarlik yo‘nalishlari mavjud bo‘lib, barcha xarajatlar 100 foiz Davlat budjeti hisobidan qoplanadi.
Diplomlarni tan olishda yengilliklar
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ikki oy muddatda falastinliklarning xorijda olgan umumiy o‘rta maxsus, kasb-hunar, oliy ta’lim, qayta tayyorlash va malaka oshirish hujjatlarini test sinovlarisiz va yig‘imsiz tan oladi. Bu ularning O‘zbekistonda kasbiy va ilmiy faoliyatini tez va to‘siqsiz davom ettirishiga yo‘l ochadi.
Bepul tibbiy yordam kafolati
Sog‘liqni saqlash vazirligi falastinlik fuqarolarni yashash manzillari bo‘yicha oilaviy shifokor punktlari, poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda hisobga qo‘yadi. Ular kambag‘al oilalar toifasida tibbiy yordam olish huquqiga ega bo‘ladi va yo‘llanmalar Davlat budjeti hisobidan beriladi.
Bu farmon O‘zbekistonning insonparvarlik siyosati va mehr-shafqat an’analarini yana bir bor namoyon etib, falastinliklar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!