Iordaniya podshohi Abdulla II ibn Al-Husayn O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida qadimiy Samarqand shahrining ulug‘vor tarixiy obidalari bilan tanishdi.
Davlat rahbarlari avval Shohi Zinda majmuasiga tashrif buyurdi. Ta’kidlanishicha, bu yerda Muhammad payg‘ambar sahobalaridan biri Qusam ibn Abbos va boshqa arboblarning maqbaralari bor. Majmuaning tarixiy, madaniy va badiiy ahamiyati shundaki, u me’morchilik va bezak san’atining bir necha asr davomidagi taraqqiyotini aks ettiradi. Shohi Zinda 2001 yilda YUNЕSKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Iordaniya podshohi Qusam ibn Abbos xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Qur’on tilovat qilindi.
Amir Temur maqbarasi ziyorati chog‘ida Iordaniya delegatsiyasiga uning davlatchilik siyosati, harbiy mahorati, turli mamlakatlar bilan diplomatik aloqalari haqida so‘zlab berildi. Ta’kidlanishicha, sohibqiron hayoti va faoliyati, uning davlati o‘z davrining eng ulkan mamlakati bo‘lgani mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Davlat rahbarlari Mirzo Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalaridan iborat Registon majmuasini ham ziyorat qildi. Asrlar davomida bu obidalar ilm-fan markazi bo‘lgan, yuzlab olim va tadqiqotchilarni yetishtirgan. O‘zining mukammal joylashuvi va uyg‘unligi tufayli Registon haqli ravishda Samarqandning «tashrif qog‘ozi» hisoblanadi.
Tanishuv chog‘ida oliy martabali mehmonga ushbu inshootlarning bunyod etilish tarixi va naqshlarining o‘ziga xos jihatlari, maydonda olib borilgan restavratsiya ishlari haqida ma’lumot berildi.
Iordaniya podshohi Shavkat Mirziyoyev bilan Samarqandning tarixiy obidalarini tomosha qildi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar