Ish haftasi mobaynida O‘zbekiston hududi bo‘yicha quyoshli, juda iliq va barqaror ob-havo kuzatiladi, yog‘ingarchilik ehtimoli deyarli yo‘q. Bu haqda “O‘zgidromet” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, harorat foni iqlim normasidan biroz yuqori bo‘ladi. Harorat kechalari 8–13 darajani tashkil etadi, kunduz kunlari hafta boshida 20–25 daraja atrofida bo‘ladi. Hafta oxiriga kelib harorat 23–28 darajagacha ko‘tariladi, ayrim janubiy va cho‘l hududlarda esa 30–32 darajagacha bo‘lishi mumkin.
10-oktyabr, juma kuni respublika shimolida ba’zi joylarda shamol tezligi 13–18 metr/sekundgacha kuchayishi, ayrim joylarda esa chang-to‘zon bilan kuzatilishi mumkin.
Toshkent shahrida havo asosan biroz bulutli bo‘lib, yog‘ingarchilik ehtimoli yo‘q. Shamol sharqdan 3–8 metr/sekund tezlikda esadi.
Bugun, 6-oktyabr kuni kunduzi poytaxtda havo harorati 22–24 darajani tashkil etadi. Hafta davomida kechalari 9–12 daraja, kunduz kunlari esa 23–26 daraja atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda havo ifloslanish darajasi me’yordan 15 baravar yuqori bo‘lgani haqida xabar berilgandi. 6-oktyabr soat 09:00 da poytaxtdagi monitoring stansiyasi 380 AQI ko‘rsatkichini qayd etdi. Havodagi PM2.5 zarralari JSST tavsiya etgan yillik me’yordan 15,4 baravar ko‘pligi ma’lum qilingan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!