O‘zbekiston mehnat bozorida so‘nggi yillarda nazariy bilimdan ko‘ra amaliy ko‘nikmalarga talab ortib bormoqda. hh.uz ish qidirish platformasi o‘tkazgan so‘rovda 100 dan ziyod mahalliy kompaniya va tashkilotlar ishtirok etdi.
Natijalarga ko‘ra, ish beruvchilarning 47 foizi amaliyotni diplomdan muhim deb hisoblaydi. Ular uchun nomzodning tajribasi, amalga oshirgan loyihalari yoki sohaviy ko‘nikmalari asosiy mezonga aylangan.
Shu bilan birga, ishtirokchilarning 55 foizi qarorni lavozim turiga qarab qabul qilishini bildirgan. Masalan, IT va injenerlikda tajriba ustun sanalsa, ta’lim va huquq sohasida hali ham diplom asosiy talab bo‘lib qolmoqda.
Bitiruv hujjatisiz, ammo malaka oshirish kurslarini tugallagan mutaxassislarga nisbatan munosabat ham o‘zgargan — ish beruvchilarning 34 foizi ularni ishga qabul qilishga tayyor, 31 foizi esa boshlang‘ich lavozimlarga munosib deb hisoblaydi.
Ish beruvchilar ko‘nikmalarni asosan intervyu, amaliyot tahlili va sinov vazifalari orqali baholaydi. So‘rov natijalariga ko‘ra, ish bozorida natija ko‘rsata oladigan, amaliy tajribaga ega mutaxassislarga talab tobora oshib bormoqda.
Ma’lumot uchun, hh.uz'ning hisobotida qayd etilishicha, 2025 yilning uchinchi choragida o‘rtacha maosh 4,36 mln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 20 foizga kamaygan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!