Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 oktyabr kuni Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri Xolid al-Falix boshchiligidagi nufuzli delegatsiyani qabul qildi, deb xabar berdi Prezident matbuot xizmati. Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy va investitsion hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama etildi.
Oliy martabali mehmon Prezidentga Saudiya podshohi Salmon bin Abdulaziz va Valiahd Muhammad bin Salmonning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. Suhbat chog‘ida oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish, yirik qo‘shma loyihalarni jadallashtirish va yangi tashabbuslarni ilgari surish ahamiyati ta’kidlandi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston–Saudiya munosabatlari faol rivojlanmoqda. Savdo aylanmasi, investitsiyalar hajmi va qo‘shma korxonalar soni ortib boryapti. Ikki davlat o‘rtasida haftasiga 60 martagacha aviaqatnov amalga oshirilmoqda.
Hozirda qo‘shma loyihalar portfeli 27 milliard dollarga yetgan. Shuning 15 milliard dollari “ACWA Power” kompaniyasi bilan energetika sohasidagi yirik “yashil” energiya loyihalariga to‘g‘ri keladi. Joriy yildagina Saudiya sarmoyachilari tomonidan O‘zbekistonda 2 milliard dollarlik investitsiya o‘zlashtirilgani qayd etildi.
Uchrashuvda Prezident Mirziyoyev yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishining boshlanishi ikki mamlakat o‘rtasidagi uzoq muddatli sheriklikning muhim ramzi ekanini ta’kidladi.
“O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi va modernizatsiyasiga hissa qo‘shayotgan saudiyalik hamkorlarimizni biz yuksak qadrlaymiz”, — dedi davlat rahbari.
Shavkat Mirziyoyev Saudiya kompaniyalari bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Avvalo, energetika sohasida shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish, “yashil” vodorod ishlab chiqarish kabi yirik loyihalarni amalga oshirishga katta ahamiyat qaratildi.
Bundan tashqari, “Data Volt” kompaniyasi ishtirokida Toshkentda zamonaviy ma’lumotlar markazi qurilayotgani ma’lum qilindi. Yangi Toshkent va Buxoroda shunday markazlar tashkil etish, raqamli iqtisodiyot va sun’iy intellekt yo‘nalishidagi hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilgan.
Mineral xomashyo sohasida ham Saudiya investitsiyalarini jalb etish muhim yo‘nalish sifatida qayd etildi. O‘zbekistonda volfram, litiy, magniy, titan va boshqa qimmatbaho konlar asosida “Kelajak metallari texnoparki” tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Prezident saudiyalik ishbilarmonlarni geologiya-qidiruv va qayta ishlash loyihalarida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Infratuzilma sohasida ham qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Miahona” kompaniyasi Farg‘ona va Jizzaxda oqova suvlarni tozalash, Qoraqalpog‘istonda suv ta’minoti tizimlarini yangilash ustida ishlamoqda. “Saudi Tabreed” kompaniyasi bilan kommunal xizmatlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Saudiyaning yetakchi korporatsiyalari — “ACWA Power”, “Vision Invest”, “Al Muhaidib Group”, “Riyadh Cables”, “InterHealth”, “AlMajdiah”, “Pemco” va boshqalarning ishtirokidagi mazkur uchrashuv ikki davlat hamkorligining yangi bosqichiga yo‘l ochdi.
Saudiya delegatsiyasi vakillari O‘zbekistondagi barqaror iqtisodiy siyosat, qulay investitsiya muhiti va ochiq bozor islohotlarini yuqori baholar ekan, kelgusida o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada chuqurlashtirish niyatini bildirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!