
O‘zbekistonda raqamli infratuzilma so‘nggi yillarda jadal rivojlanmoqda — aholi punktlarining 99 foizi mobil aloqa bilan qamrab olingan. Bu haqda 21 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan sun’iy intellekt texnologiyalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Prezident ta’kidlaganidek, dunyoda sun’iy intellektga talab tobora ortib borayotgan hozirgi sharoitda raqobatbardosh bo‘lish uchun uchta asosiy yo‘nalish — infratuzilma, ochiq ma’lumotlar va kadrlar tayyorlashga jiddiy e’tibor qaratish zarur.
Oxirgi sakkiz yil ichida mamlakat bo‘ylab 300 ming kilometrdan ortiq optik tolali aloqa liniyalari qurilgan, aholi punktlarining deyarli barchasi mobil internet bilan ta’minlangan. Shuningdek, katta hajmdagi ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash uchun 7 ta zamonaviy data-markaz faoliyat ko‘rsatmoqda.
Kelgusi yilda sog‘liqni saqlash, energetika, bank va moliya, bojxona, soliq, transport, tog‘-kon va qishloq xo‘jaligi sohalarida sun’iy intellekt texnologiyalariga oid 100 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, bu ishlar uchun quvvati yuqori super-kompyuterlar zarur, chunki mavjud tizimlar katta loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga yetarli emas. Hozirda tadbirkorlar chet el data markazlaridan foydalanish uchun millionlab dollar sarflamoqda.
Shu bois, joriy yil 16 ta super-kompyuter sotib olish uchun 50 million dollar ajratildi. Keyingi yil esa bu mablag‘ ikki barobarga oshiriladi.
Prezidentning ta’kidlashicha, raqamli infratuzilmani rivojlantirish — bu nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki O‘zbekistonning texnologik mustaqilligi va kelajak raqobatbardoshligini ta’minlashga xizmat qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.