
Toshkent shahrida shaharsozlik rivojining navbatdagi yirik bosqichi boshlanmoqda. 16 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxt hududida bir qator ulkan investitsiya loyihalari amalga oshirilishini ma’lum qildi. Ular orasida eng yiriklaridan biri — Uchtepa City majmuasi hisoblanadi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur loyiha Uchtepa tumanida 37 gektar maydonni qamrab oladi. Uning umumiy qiymati 1 milliard dollarni tashkil etib, hududda zamonaviy infratuzilmaga ega yangi shahar muhiti yaratiladi. Loyiha doirasida yuqori darajadagi mehmonxona, yirik biznes markazlari, savdo va ko‘ngilochar majmualar, shuningdek, zamonaviy apartamentlar qurilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, poytaxtning Chilonzor, Yakkasaroy va Olmazor tumanlarida ham shunga o‘xshash keng ko‘lamli qurilish ishlari olib boriladi. Ushbu hududlarda jami qiymati 2,5 milliard dollarga teng bo‘lgan city formatdagi yangi loyihalar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Prezident axborotiga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod, Mirobod va Yashnobod tumanlari esa innovatsion rivojlanish markazlariga aylanadi. Bu hududlarda sun’iy intellekt, startap ekotizimi, fintex, moliya, tibbiyot va ta’lim sohalariga ixtisoslashgan 1 milliard dollarlik loyihalar ishga tushiriladi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday investitsiyaviy tashabbuslar Toshkentning iqtisodiy salohiyatini yanada oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va shahar aholisi uchun zamonaviy, qulay muhit shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Poytaxt esa bosqichma-bosqich Markaziy Osiyodagi eng ilg‘or megapolislardan biriga aylanib bormoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.