date

Mirziyoyev Yaponiyaga bormoqda: strategik sheriklik va yangi imkoniyatlar muhokama qilinadi

Mirziyoyev Yaponiyaga bormoqda: strategik sheriklik va yangi imkoniyatlar muhokama qilinadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichining taklifiga binoan 18–20 dekabr kunlari rasmiy tashrif bilan Yaponiyada bo‘ladi. Tashrif doirasida davlat rahbari «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqoti davlat rahbarlarining birinchi sammitida ishtirok etadi. Ushbu safar O‘zbekiston–Yaponiya munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.

Tashrif dasturi juda sermazmun. Tokio shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev Yaponiya imperatori Naruxito, bosh vazir Sanae Takaichi, parlament rahbariyati, hukumat a’zolari, yetakchi siyosiy partiyalar vakillari hamda nufuzli universitetlar rektorlari bilan qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazadi. Bu muloqotlarda ikki davlat o‘rtasidagi ishonchli hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari asosiy e’tibor markazida bo‘ladi.

Uchrashuvlar kun tartibidan O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirish, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish va uzoq muddatli loyihalarni amalga oshirish masalalari o‘rin olgan. Tomonlar siyosiy, iqtisodiy, ilmiy va madaniy aloqalarni yangi mazmun bilan boyitish imkoniyatlarini muhokama qiladi.

Ishbilarmonlik dasturi doirasida Yaponiyaning yirik kompaniyalari va moliya institutlari rahbarlari bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ularda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, investitsiya loyihalarini ilgari surish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqiladi. Safar yakunida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlaydigan muhim hujjatlar to‘plami imzolanishi kutilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shuningdek «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqoti doirasida o‘tadigan birinchi sammitda ishtirok etadi. Ushbu tadbirda «yashil iqtisodiyot»ni rivojlantirish, barqaror taraqqiyot, transport va logistika bog‘liqligi, mintaqaviy sheriklikni mustahkamlash hamda inson kapitali salohiyatini oshirish kabi ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilinadi.

Sammit yakunlariga ko‘ra, Tokio deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirilgan bo‘lib, u Markaziy Osiyo davlatlari bilan Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Mirziyoyev Yaponiyaga bormoqda: strategik sheriklik va yangi imkoniyatlar muhokama qilinadi