
Mamlakatda oila qonunchiligiga keskin o‘zgartirishlar kiritilmoqda: endi xolavachcha yoki amakivachchalar turmush qura olmaydi.
Yangi qonun loyihasiga ko‘ra, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh munosabatlariga chek qo‘yilishi rejalashtirilgan. Unga ko‘ra, nafaqat bevosita, balki yon shajara bo‘yicha ham qarindoshlik rishtalari bor shaxslarning oila qurishi man etiladi.
Kimlarga nikoh taqiqlanadi?
Cheklovlar 2-, 3- va 4-darajadagi qarindoshlarni o‘z ichiga oladi. Jumladan:
- Tog‘a, amaki, amma va xolalar hamda ularning jiyanlari;
- Tog‘avachcha, amakivachcha, ammavachcha va xolavachchalar o‘rtasidagi nikohlarga yo‘l qo‘yilmaydi.
Muhim istisno: Farzandlikka olingan yoki o‘gay aka-singillar o‘rtasida, agar ular orasida haqiqiy qon-qarindoshlik bo‘lmasa, bu cheklovlar amal qilmaydi.
Shu bilan birga, nikoh yoshi bo‘yicha ham aniq qoidalar belgilanmoqda. Homiladorlik yoki farzand dunyoga kelishi kabi alohida holatlardagina tuman (shahar) hokimlari nikoh yoshini 1 yilga pasaytirish vakolatiga ega bo‘ladi.
Nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan amalda oilaviy munosabatda bo‘lish og‘ir moliyaviy va huquqiy oqibatlarga olib keladi:
Jarima: 20,6 million so‘mdan 41,2 million so‘mgacha;
Jamoat ishlari: 240 soatdan 300 soatgacha majburiy mehnat;
Axloq tuzatish ishlari: 2 yilgacha muddatga tayinlanishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.