date

O‘zbekiston tinchliksevar davlatlar reytingida nechanchi o‘rinni egalladi?

O‘zbekiston tinchliksevar davlatlar reytingida nechanchi o‘rinni egalladi?

O‘zbekiston xalqaro miqyosdagi nufuzli Global Peace Index 2025 yilgi hisobotida ijobiy natija qayd etdi. Yangilangan reytingga ko‘ra, mamlakat dunyoning 163 ta davlati orasida 67-o‘rinni egallab, o‘tgan yilga nisbatan ikki pog‘onaga yuqoriladi va tinchliksevar davlatlar Top-70 taligidan joy oldi.

Markaziy Osiyo mintaqasida O‘zbekiston nisbatan barqaror pozitsiyani saqlab qolmoqda. Reytingda u Qozog‘istondan (56-o‘rin) keyingi o‘ringa joylashib, Qirg‘iziston (78-o‘rin), Tojikiston (79-o‘rin) va Turkmaniston (87-o‘rin)ni ortda qoldirdi. Bu ko‘rsatkich mamlakatda jamoat xavfsizligi va ichki barqarorlik yo‘nalishida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ma’lum darajada samara berayotganini anglatadi.

Global Peace Index reytingi davlatlarni bir nechta muhim mezonlar asosida baholaydi. Xususan, jamoat xavfsizligi darajasi, ichki va xalqaro nizolarga tortilish holati, shuningdek, militarizatsiya ko‘lami asosiy omillar sifatida inobatga olinadi. Hisobotda qayd etilishicha, global miqyosda tinchliksevarlik darajasi pasayish tendensiyasini saqlab qolmoqda, ayrim mintaqalarda esa keskinlik yanada kuchaygan.

Reytingning yuqori pog‘onalarini an’anaviy ravishda barqaror va osoyishta davlatlar egalladi. Jumladan, Islandiya, Irlandiya va Yangi Zelandiya dunyoning eng tinch davlatlari sifatida yetakchilikni saqlab qoldi. Reytingning eng quyi qismida esa harbiy mojarolar va siyosiy beqarorlik kuchli bo‘lgan Rossiya, Ukraina hamda Sudan joy olgan.

Umuman olganda, O‘zbekistonning Global Peace Index’dagi ilgarilashi mamlakatning xalqaro imiji va mintaqadagi o‘rnini mustahkamlash yo‘lida muhim qadam sifatida baholanmoqda. Bu tendensiya saqlanib qolsa, kelgusi yillarda yanada yuqori natijalar qayd etilishi ehtimoldan xoli emas.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston tinchliksevar davlatlar reytingida nechanchi o‘rinni egalladi?