Sanepidqo‘mita yangi tarqalayotgan virus yuzasidan ogohlantirish berdi

Avvalroq Hindistonning Kalkutta shahri yaqinida vaksina va aniq davosi mavjud bo‘lmagan o‘ta xavfli Nipah virusi tarqalayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi mazkur virus bo‘yicha rasmiy ma’lumot va tushuntirish berdi.
Qo‘mita ma’lum qilishicha, Nipah virusi zoonoz turdagi yuqumli kasallik hisoblanadi va u hayvonlardan insonga yuqishi mumkin. Xususan, virusning asosiy manbalari sifatida ko‘rshapalaklar qayd etilgan. Shuningdek, zararlangan oziq-ovqat mahsulotlari orqali yoki insondan insonga yuqish ehtimoli ham mavjud.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Nipah virusi og‘ir kechadigan kasallik bo‘lib, u bosh miya yallig‘lanishi (ensefalit) yoki nafas yo‘llari bilan bog‘liq jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin. Ayrim holatlarda kasallik o‘ta og‘ir shaklda namoyon bo‘lishi mumkinligi ham qayd etilmoqda.
So‘nggi yillarda ushbu virus bilan bog‘liq epidemik holatlar asosan Hindiston hududida kuzatilmoqda. Shu bilan birga, Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida ham inson kasallanish holatlari qayd etilgan.
Qo‘mita rasmiy ravishda ta’kidlaganidek, hozirga qadar Nipah virusi O‘zbekiston hududida aniqlanmagan va mamlakatda epidemiologik vaziyat barqaror hisoblanadi.
Shu bilan birga, Hindistonga yoki ushbu virus tarqalgan hududlarga safar qilishni rejalashtirayotgan o‘zbekistonliklarga ehtiyot choralariga qat’iy rioya qilish tavsiya etildi. Jumladan, shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish, qo‘llarni sovun bilan tez-tez yuvish, antiseptik vositalardan foydalanish, meva-sabzavotlarni iste’mol qilishdan oldin yaxshilab yuvish, tekshirilmagan suvni ichmaslik muhim ekani uqtirildi. Ayniqsa, ko‘rshapalaklar tishlagan yoki tirnagan, shikastlangan mevalarni iste’mol qilmaslik alohida ta’kidlandi.
Agar yuqori harorat, kuchli bosh og‘rig‘i, umumiy holsizlik yoki boshqa shubhali belgilar kuzatilsa, zudlik bilan tibbiyot muassasasiga murojaat qilish lozimligi eslatib o‘tildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!