Sinoptiklar qor ko‘chishi xavfi haqida ogohlantirdi

Gidrometeorologiya xizmati respublika tog‘li hududlarida qor ko‘chish xavfi yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Ma’lum qilinishicha, 2026 yil 9–11 mart kunlari kutilayotgan yog‘ingarchilik va havo haroratidagi o‘zgarishlar sababli ayrim tog‘li hududlarda qor ko‘chishi xavfi e’lon qilinmoqda.
Xavf quyidagi hududlarga taalluqli:
Qashqadaryo viloyatida — Dehqonobod, Kitob, Qamashi, Shahrisabz tumanlari;
Surxondaryo viloyatida — Boysun, Qumqo‘rg‘on, Sariosiyo, Uzun tumanlari;
Samarqand viloyatida — Nurobod, Qo‘shrabot, Samarqand, Urgut tumanlari;
Jizzax viloyatida — Baxmal, Zomin tumanlari;
Toshkent viloyatida — Bo‘stonliq, Parkent, Ohangaron tumanlari, shuningdek Chotqol tizmasi tog‘lari;
Namangan viloyatida — Pop tumani.
Shu munosabat bilan tog‘li hududlarda yashovchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda mazkur yo‘nalishlarda harakatlanuvchi haydovchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish so‘raldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 9–12 mart kunlari O‘zbekiston hududiga sovuq va nam havo massalari kirib kelishi haqida ham xabar berilgan edi.