Yoshlar uchun yangi imkoniyatlar: ipoteka, taʼlim, startaplarga keng imtiyozlar...

O‘zbekistonda yosh avlodni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil davom etmoqda. Yangi “Yoshlar — 2030” strategiyasi doirasida yosh oilalar, tadbirkorlar va talabalar uchun qator muhim imtiyoz va yengilliklar joriy etilmoqda.
Eng avvalo, yosh oilalar uchun uy-joy masalasini yengillashtirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Endi davlat ipoteka kreditlari bo‘yicha foiz to‘lovlarining maʼlum qismini qoplab berish orqali yoshlarning moliyaviy yukini kamaytirishni maqsad qilgan. Ushbu dastur doirasida har yili kamida 10 mingta yosh oila qo‘llab-quvvatlanishi rejalashtirilgan. Bu esa uyli bo‘lishni orzu qilayotgan ko‘plab yoshlar uchun real imkoniyat eshigini ochadi.
Shu bilan birga, xorijga chiqishni rejalashtirayotgan yoshlar uchun ham qulayliklar yaratilmoqda. Xususan, til bilish darajasini tasdiqlovchi B2 sertifikatiga ega bo‘lgan fuqarolar uchun xalqaro pasport (zagranpasport) olishda davlat boji bekor qilinishi ko‘zda tutilgan. Bu esa yoshlarning chet elga chiqishi va o‘z imkoniyatlarini kengaytirishiga xizmat qiladi.
Hududlarda taʼlim infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida esa uzoq va chekka hududlarda o‘quv markazlari tashkil etuvchilarga 300 million so‘mgacha imtiyozli kreditlar ajratilishi rejalashtirilmoqda. Bu orqali taʼlim xizmatlarini barcha hududlarga yetkazish va sifatni oshirish ko‘zda tutilgan.
Startap ekotizimini qo‘llab-quvvatlash ham strategiyaning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Yangi loyihalar uchun tarmoqqa ulanish xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi, shuningdek, 206 million so‘mgacha imtiyozli kreditlar ajratish orqali yosh tadbirkorlarni rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan.
Taʼlim sohasida ham katta rejalar belgilangan. Xususan, 20 ming nafar yoshni dunyodagi yetakchi universitetlar bilan hamkorlikda tayyorlash ko‘zda tutilmoqda. Bu jarayonda Harvard University, Stanford University kabi nufuzli oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik alohida ahamiyat kasb etadi.
Qisqacha aytganda, “Yoshlar — 2030” strategiyasi yoshlarning uy-joy, taʼlim va biznes sohalaridagi imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytiradi. Endi bu imkoniyatlardan qay darajada foydalanish esa yoshlarning o‘z qo‘lida.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!