O‘zbekiston Senati ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirdi

Senatning 15-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlarining kafolatlarini yanada kuchaytirishga hamda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi. Ushbu hujjat mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash hamda xotin-qizlar va bolalar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan islohotlarning mantiqiy davomi hisoblanadi. Bu haqda Uzdaily.uz xabar beradi.
Qonunda “bolaning eng ustun manfaatlari” tushunchasining huquqiy maqomi belgilanmoqda. Oila kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, oilada bola manfaatiga oid har qanday masala ko‘rilayotganda, bola o‘z fikrini erkin ifoda etish huquqiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish bo‘yicha davlat organlarining vakolatlari kengaytirildi. Ijtimoiy himoya milliy agentligiga jabrlanuvchilarning manfaatlarini ko‘zlab, sudlarga davlat boji to‘lamasdan da’vo arizalari bilan chiqish hamda sud majlislarida vakili orqali ishtirok etish huquqi berilmoqda.
Bundan tashqari, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarni maxsus markazlarga joylashtirish bilan bog‘liq ijtimoiy kafolatlar aniqlashtirildi. Xususan, jabrlanuvchining maxsus markazda bo‘lgan bir oygacha bo‘lgan davri unga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasini berish uchun asos bo‘ladi. Senat a’zolari ushbu qonunni ma’qullashdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!