U-17 Jahon chempionati: Argentina yutqazdi, Urugvay dramatik g‘alabaga erishdi

Qatarda o‘smirlar o‘rtasidagi futbol bo‘yicha Jahon chempionati start oldi. Turnirning birinchi kuniyoq bir nechta kutilmagan natijalar, yirik hisoblar va dramatik uchrashuvlar qayd etildi. Argentina Avstraliyaga mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa, Mozambik Daniyani 4:0 hisobida tor-mor etdi, Urugvay esa Saudiya Arabistoni bilan kechgan keskin bahsda g‘alabani qo‘lga kiritdi.
19 noyabr kuni musobaqaning to‘rt guruhida birinchi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Qator jamoalar turnirni g‘alaba bilan boshlagan bo‘lsa, ayrim favoritlar uchun dastlabki bahslar kutilmagan qiyinchiliklar bilan yakunlandi.
A guruhi: Qatar g‘alaba bilan boshladi, Misr kamchilikda qoldi
Musobaqa mezboni Qatar terma jamoasi Panamaga qarshi bahsda 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvning asosiy qismida hisob ochilmagan bo‘lsa-da, mezbonlar yakuniy daqiqalarda ikki marta darvozani ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘ldi.
Nosir 90+1-daqiqada penaltidan hisobni ochdi. Oradan to‘rt daqiqa o‘tib, Ndiaye ikkinchi golni kiritib, Qatarga ishonchli g‘alabani taqdim etdi.
Guruhning ikkinchi uchrashuvida Misr Gretsiyaga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Misrliklar 23-daqiqadan boshlab Tamirning chetlatilishi sababli bir futbolchi kam bo‘lib harakat qildi.
Gretsiya vakillari vaziyatdan foydalanib, 54-daqiqada Suvladzis, 62-daqiqada esa Karangelis gollari orqali ustunlikka ega bo‘ldi. Misr Saudi tomonidan 71-daqiqada bitta gol bilan javob qaytardi, ammo hisobni tenglashtira olmadi.
B guruhi: Janubiy Koreya ishonchli g‘alaba qozondi
Janubiy Koreya U-17 terma jamoasi Ugandaga qarshi bahsda 3:0 hisobida g‘alaba qozonib, musobaqani muvaffaqiyatli boshladi.
Kim Ji Ho 8-daqiqada hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘limda Uganda futbolchisi Mbalire o‘z darvozasiga gol kiritib qo‘ydi. 84-daqiqada Kim Ji Vu uchinchi golni urib, koreyaliklarning g‘alabasini mustahkamladi.
Guruhning ikkinchi uchrashuvida Ekvador Yangi Kaledoniyani minimal hisobda mag‘lub etdi. Gerrero 45+1-daqiqada kiritgan gol uchrashuvdagi yagona natija bo‘ldi — 1:0.
S guruhi: Argentina kutilmagan mag‘lubiyatga uchradi, Mozambik 4:0 g‘alaba qildi
Turning e’tiborli natijalaridan biri Argentina terma jamoasining Avstraliyaga qarshi bahsdagi mag‘lubiyati bo‘ldi. Argentinalik o‘smirlar 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdi.
60-daqiqada Guich o‘z darvozasiga gol kiritib qo‘ydi. 71-daqiqada Akon Avstraliyaning ikkinchi golini urib, g‘alabani ta’minladi. Argentina 90+3-daqiqada Vallexo chetlatilishi sababli bahsni yana bir futbolchi kam bo‘lib yakunladi.
S guruhining ikkinchi uchrashuvida Mozambik Daniyani 4:0 hisobida mag‘lub etdi. Kensane 4-daqiqada hisobni ochdi. Kuna 32 va 44-daqiqalarda dubl qayd etdi. Mubai esa 90+1-daqiqada yakuniy golni kiritdi.
Mozambik turnirning birinchi kunidayoq yirik g‘alaba bilan o‘z imkoniyatlarini namoyish etdi.
D guruhi: Fransiya g‘alaba qozondi, Urugvay bahsni so‘nggi daqiqalarda hal qildi
Fransiya terma jamoasi Haitiga qarshi uchrashuvda 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Merrifild 4 va 41-daqiqalarda ikki gol urib, fransuzlarga ustunlikni ta’minladi. Tiyehi 47-daqiqada yana bir gol kiritdi. Haiti vakili Prophet 88-daqiqada javob golini urib, hisobni qisqartirdi.
Saudiya Arabistoni va Urugvay o‘rtasidagi bahs esa ancha keskin kechdi. Saudiyaliklar Bu Shaqraning 38 va 58-daqiqalarda penaltidan urgan gollari orqali ikki marta ustunlikka ega bo‘ldi.
Biroq Urugvay taslim bo‘lmadi. Barreyro 43-daqiqada hisobni qisqartirdi. 68-daqiqada Al Hoshim o‘z darvozasiga gol kiritib qo‘ydi va hisob tenglashdi. 86-daqiqada Rodriges Urugvayning g‘alaba golini urib, uchrashuv taqdirini hal qildi.
Natijada Urugvay 3:2 hisobida g‘alaba qozonib, turnirni muhim uch ochko bilan boshladi.
O‘zbekiston U-17 terma jamoasi qachon maydonga tushadi?
Qatardagi o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi ham ishtirok etmoqda. Yurtdoshlarimiz turnirdagi ilk uchrashuvini 20 noyabr kuni Kot-d'Ivuarga qarshi o‘tkazadi.
Birinchi tur natijalari turnirda kutilmagan syurprizlar bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi. Argentina mag‘lubiyati, Mozambikning yirik g‘alabasi va Urugvayning so‘nggi daqiqalardagi kambeki musobaqaning dastlabki kuniyoq qiziqarli kechganini namoyon etdi.
Endi o‘zbekistonlik muxlislarning diqqati yosh futbolchilarimizga qaratiladi. Terma jamoamiz Jahon chempionatini qanday boshlashi va dastlabki uch ochko uchun kurashda qanday natija qayd etishi 20 noyabr kuni ma’lum bo‘ladi.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar

































Izohlar0
…