TSMC va AQSH olimlari sunʼiy intellekt uchun SOT-MRAM xotirasini yaratdi

Teksas universiteti muhandislari TSMC kompaniyasi bilan hamkorlikda sunʼiy intellekt vazifalariga moslashtirilgan oʻta tejamkor SOT-MRAM nomli magnit xotira chipini ishlab chiqib, sinovdan oʻtkazdi. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, mazkur yangi texnologiya yuqori tezlik, past energiya sarfi hamda elektr taʼminoti oʻchirilganda ham maʼlumotlarni saqlab qolish qobiliyatini oʻzida mujassam etgan boʻlib, kelgusida qurilmalarning imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirishi mumkin. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Oʻtkazilgan sinovlar davomida eksperimental chiplar yuqori samaradorlik koʻrsatdi. Jumladan, xotira katagidagi bitta bitni 0 va 1 holatlari oʻrtasida oʻtkazish jarayoni atigi 2 nanosekundni tashkil etib, taxminan 2 pikodjouv energiya talab qildi. Tadqiqotchilarning taʼkidlashicha, ayrim muqobil xotira texnologiyalari birgina operatsiya uchun yuzlab pikodjouv energiya sarflagan holda bir necha barobar yoki hatto oʻnlab marta sekinroq ishlashi mumkin.
Texnologiyaning oʻziga xos xususiyatlari
SOT-MRAM xotirasining asosiy xususiyati uzoq vaqt davomida uning kamchiligi sifatida baholab kelingan: har bir katak faqat ikkita holatni — 0 yoki 1 ni saqlay oladi. Biroq neyrotarmoqlar odatda maʼlumotlarning murakkabroq koʻrinishlari bilan ishlashi sababli, bu holat sunʼiy intellekt vazifalari uchun yetarli emas edi. Shu bois olimlar maqbul hisob-kitob aniqligini saqlab qolgan holda, mavjud algoritmlarni ikkilik koʻrinishga moslashtirishga majbur boʻldilar.Yangi eksperimental chiplar bir vaqtning oʻzida bir nechta murakkab vazifalarda, jumladan, neyrotarmoqlar infereysi, binar neyrotarmoqlarni oʻqitish hamda ehtimollik graflarini modellashtirish jarayonlarida sinovdan oʻtkazildi. Olingan natijalar SOT-MRAM texnologiyasi hisob-kitoblar markaziy serverda emas, balki bevosita yakuniy qurilmaning oʻzida bajariladigan periferik sunʼiy intellekt tizimlari uchun nihoyatda qiziqarli boʻlishi mumkinligini koʻrsatdi.
Amaliy ahamiyati va istiqbollar
Mazkur texnologiyaning joriy etilishi real vaqt rejimida ishlaydigan aqlli qurilmalar uchun katta qulayliklar yaratadi. Misol uchun, robotlashtirilgan qoʻl datchiklardan kelgan maʼlumotlarni oʻzi qayta ishlab, maʼlumotlarni bulutli serverlarga yubormasdan turib, haroratning keskin koʻtarilishiga deyarli darhol reaksiya bildira oladi. Bu esa maʼlumotlarni uzatish hamda uzoqdagi serverlarda qayta ishlash uchun ketadigan vaqtni qisqartirib, energiya sarfini sezilarli darajada kamaytiradi.Shunga qaramay, bunday tizimlar bulutli hisob-kitoblardan toʻlaqonli voz kecha olmaydi. Yuqori aniqlik yoki salmoqli hisoblash quvvatini talab qiluvchi murakkab vazifalar uchun qurilmalar avvalgidek GPU bilan jihozlangan serverlarga maʼlumot uzatishda davom etadi. Kelgusida SOT-MRAM bazasidagi ixtisoslashtirilgan tezlatkichlar bugungi kunda CPU orqali bajariladigan lokal sunʼiy intellekt hisob-kitoblarining bir qismini oʻz zimmasiga olishi mumkin.
Biroq texnologiyaning amaliyotga joriy etilishigacha hali ancha vaqt bor. Mutaxassislar oldida chiplarning barqarorligini oshirish va alohida kataklar orasidagi parametrlar tafovutini kamaytirish kabi vazifalar turibdi, chunki hozirgi bosqichda bu omillar neyrotarmoqlar ishining aniqligiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.






























Izohlar 0
…