20:02 / 12.08.2017
8 724

Shavkat Mirziyoyev: O‘zbekiston qachon yaxshi bo‘ladi?

Shavkat Mirziyoyev: O‘zbekiston qachon yaxshi bo‘ladi?
3 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat ijodkor ziyolilari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tanqidiy ruhda o‘tgan uchrashuvda davlat rahbari tomonidan aytilgan yorqin iboralarni e’tiboringizga havola qilamiz.

Kino sohasidagi plagiatchilarga Prezident savoli
Prezident o‘z nutqi davomida keyingi paytda "plagiat" masalasida juda ko‘p maqolalar chop etilayotgani va bunday vaziyat ayni vaqtda o‘zbek kinoijodkorlari orasida keng tarqalayotgani aytib o‘tdi.
"O‘zingiz ayting, ijodkorning sha’ni, g‘ururi, san’atga sadoqat degan tushunchalari qayoqda qoldi?".

Badiiy ijod sohasidagi jaholat haqida…
Prezident badiiy ijod sohasida jaholat kuchayib borayotganiga alohida e’tibor qaratdi.
"Biz jaholat deganda, odatda diniy jaholat — aqidaparastlikni tushunamiz. Lekin bugungi hayotiy jarayonlarda jaholat hamma sohada ham uchraydi. Agar unga qarshi o‘z vaqtida kurash olib borilmasa u o‘ta og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Biz bugun jaholat degan baloga iqtisodiyot sohasida ham, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat tizimida ham, qo‘yingki, hayotimizning barcha jabhalarida duch kelyapmiz. Bu illat qo‘l-oyog‘imizga bamisoli kishan bo‘lib turibdi. Bu kishandan xalos bo‘lmasdan turib, taraqqiyot va rivojlanish haqida hech qanday so‘z bo‘lishi mumkin emas.

Shavkat Mirziyoyev ayni vaqtda madaniyat sohasi oldida jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, O‘zbekiston yoshlarini haqiqiy san’atni anglashga o‘rgatish, ularni estetik olamining sog‘lom asosda shakllantirish kabi muhim vazifalar turganini aytdi.

Oliy ma’lumotsiz "madaniyatchilar" haqida
"Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki hozirgi kunda san’at va madaniyat sohasida xizmat ko‘rsatayotgan kadrlarning 50%dan ziyodi oliy ma’lumotga ega emas".

"Kottakonlar" yordamida "Xalq artisti" bo‘lganlar haqida…
"Ko‘pchiligimiz yaxshi bilamiz, ilgari "xalq artisti" degan unvon olish uchun san’atkor o‘n yillar samarali ijod qilishi talab etilardi. Masalan mashhur hofiz — Tavakkal Qodirov O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvonini olgandan keyin, e’tibor bering — oradan 25 yil o‘tib O‘zbekiston xalq artisti unvoni bilan taqdirlangan ekan.

25 yil xizmat qilgan! Mana bu nima degani!

A bizda "lik-lik" — xalq artisti. "Lik-lik" — xizmat ko‘rsatgan artist. To‘rtta "lik", ikkita "shik" — bitta xalq artisti. Bu nima degan gap? Bo‘lmaydi undaqa o‘yinlar.

Tavakkal Qodirov, haligacha eshitamiz (qo‘shiqlarini demoqchi, tahr.), 25 yil o‘tib "Xalq artisti" olgan ekan, biznikilar 2 yil o‘tmaydi, 3 yil o‘tmaydi — xalq artisti.

Uni qishloqda taniydimi?
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artisti, mayli piyoda yurib to‘rttadan ashula aytib kelsin. (Unvonni) Shundan keyin beraylik. Qishloqqa borsin, xalq tanisin! Odamlar baho bersin. Ikkita-uchta "kottakon" emas!".

Prezident shuningdek, unvon berilayotganda eng avvalo san’atkorning san’atga sadoqati mezon sifatida belgilanishi shart, deb ta’kidladi.

San’atkorlarning yurish-turishi haqida
"San’atkorlar yurish-turishi, madaniyati, kiyinishi bilan yoshlarimizga eng avvalo o‘rnak bo‘lishi kerak", — dedi o‘z nutqi davomida Mirziyoyev hamda o‘zbek qizlariga ibo va xayoda haqiqiy o‘rnak ko‘rsata olgan — Sanobar Rahmonovani esga oldi.

"Qanday kiyingan, men yoshlikdan eslayman: sochini mayda o‘rib, do‘ppilar kiyib, o‘zbekona kiyingan. Kim kiydirgan? Andijonda kiydirgan-ku shuni. Qani hozir shunday urf-odatimiz?".

Prezident san’atkorlar kiyinish madaniyati o‘zbekona, milliy urf-odatlarga xos bo‘lishi kerak, degan fikrni bildirib o‘tdi. "Go‘yoki biz G‘arbdan o‘rganayapmiz — G‘arb bizdan o‘rgansin kerak bo‘lsa!, — deb qo‘shimcha qildi Mirziyoyev.

San’at va biznes haqida…
O‘zbekistonda adabiyot va san’at, madaniyat, ommaviy axborot vositalari, ma’naviyat va ma’rifat biznesga aylanmasligi shart va biz bunga hech qachon yo‘l qo‘ymaymiz".

Prezident pul uchun san’atga kirib kelayotganlarga yaxshisi tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni maslahat berdi hamda bundaylar ijodiy ishlarga aralashib, o‘zini ham, san’at degan muqaddas tushunchani ham beobro‘ qilmasligi kerak va shart deya aytib o‘tdi.

O‘zbekiston qachon yaxshi bo‘ladi?
"E, O‘zbekiston qachon yaxshi bo‘larkin" deb o‘tiraversak, hammamiz birlashmasak — O‘zbekiston yaxshi bo‘lmaydi. Ko‘pmillatli vatanimizni ertangi kuni uchun kurashish kerak!".


Manba: Dia.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev: O‘zbekiston qachon yaxshi bo‘ladi?