23:20 / 05.10.2018
3 138

Fransiya fuqarolari uchun 30 kungacha muddatga “vizasiz rejim” kuchga kirdi

Fransiya fuqarolari uchun 30 kungacha muddatga “vizasiz rejim” kuchga kirdi
Oʻzbekiston Prezidentining 2018 yil 4 oktyabrdagi 5551-sonli farmoniga muvofiq shu yilning 5 oktyabridan eʼtiboran Fransiya Respublikasi fuqarolari uchun 30 kungacha muddatga vizasiz rejim kuchga kirdi. Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati KUN.UZʻga shu haqida xabar berdi.
Bundan maqsad - Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasida oʻzaro madaniy, ilmiy va taʼlim sohalaridagi hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, xalqaro munosabatlarni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish. Bu esa oʻz oʻrnida mamlakat investitsion muhiti hamda turistik salohiyati rivojiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Shuni taʼkidlash joizki, Fransiyadan Oʻzbekistonga tashrif buyuruvchi sayyohlar soni yildan-yilga oshib bormoqda. 2016 yilda ularning soni 4 889 kishini tashkil qilgan boʻlsa, 2017 yilda bu koʻrsatkich 5 748 kishiga yetdi. 2018 yilning dastlabki sakkiz oyiga koʻra, mamlakatimizga sayohat qilayotgan fransiyaliklar soni 9 172 nafarni tashkil qilmoqda.

Shuningdek doimiy ravishda Oʻzbekistondagi xalqaro turistik yarmarkalarga Fransiya turistik kompaniyalarini jalb qilishga oid ishlar olib borilmoqda.

“Mega-axborot-turlari” dasturi doirasida Fransiyaning 200 dan ziyod turistik kompaniyalari vakili va 30 nafar OAV vakili Oʻzbekistonda boʻldi. Buning natijasi sifatida Fransiyada Oʻzbekistonning tarixiy va madaniy merosi, turistik salohiyatini aks ettiruvchi qator maqolalar chop etildi hamda teledasturlar efirga uzatildi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)