11:09 / 22.10.2019
4 498

Shavkat Mirziyoyev: «O‘zbek tilining latofati va jozibasini his qilmoqchi bo‘lganlar o‘lmas maqomlarimizni eshitsin» (video)

Shavkat Mirziyoyev: «O‘zbek tilining latofati va jozibasini his qilmoqchi bo‘lganlar o‘lmas maqomlarimizni eshitsin» (video)
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda nutq so‘zladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir.

Kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta’sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin.

Turkiy tillarning katta oilasiga mansub bo‘lgan o‘zbek tilining tarixi xalqimizning ko‘p asrlik kechmishi, uning orzu-intilishlari, dardu armonlari, zafarlari va g‘alabalari bilan chambarchas bog‘liqdir.

Ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz aynan ona tilimiz orqali jahonga o‘z so‘zini aytib kelganlar. Shu tilda buyuk madaniyat namunalarini, ulkan ilmiy kashfiyotlar, badiiy durdonalar yaratganlar.

O‘tmishda o‘lkamizni bosib olgan turli yovuz kuchlar bizni avvalo o‘z tilimizdan, tariximiz va madaniyatimizdan, dinu diyonatimizdan judo qilishga qayta-qayta urindilar. Ular el-yurtimiz boshiga qanday azob-uqubatlar, kulfat va musibatlar solgani tarixdan yaxshi ma’lum.

Ammo jasur va matonatli xalqimiz har qanday og‘ir sinovlarda ham o‘z ozodligi va istiqloli uchun mardona kurashdi. Bu yo‘lda behisob qurbonlar berdi. Har qanday zulm va zo‘ravonliklarga qaramasdan, o‘z ona tilini – milliy g‘ururini saqlab qoldi. Nafaqat saqlab qoldi, balki uni har tomonlama rivojlantirib, bugungi avlodlarga bezavol yetkazib berdi.

Bu borada ma’naviy jasorat va fidoyilik ko‘rsatgan buyuk arboblarimiz, adib va olimlarimiz, ulamolarimiz, ulug‘ san’atkorlarimizning xotirasini bugun hurmat va ehtirom bilan yod etamiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev: «O‘zbek tilining latofati va jozibasini his qilmoqchi bo‘lganlar o‘lmas maqomlarimizni eshitsin» (video)