1Password parollar menejeriga xakerlik hujumi uyushtirildi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- 1Password parollar menejerining ichki tizimlariga uyushtirilgan xakerlik hujumi oqibatida ayrim foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlari qo‘lga kiritildi.
- 19 noyabr kuni xodimning korporativ GitHub akkauntiga kirgan hujumchi kompaniya tizimiga zararli kod joylashtirgan va foydalanuvchilarning ismi, elektron pochta manzili hamda turli tokenlarni o‘g‘irlagan.
Dunyodagi mashhur parollar menejerlaridan biri — 1Password'ning ichki tizimlariga xakerlik hujumi uyushtirildi. Hujum oqibatida ayrim foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlari qo‘lga kiritilgan. Bu haqda kompaniya 25 noyabr kuni rasmiy bayonot berdi.
Ma’lum qilinishicha, 1Password 19 noyabr kuni xodimlaridan birining korporativ GitHub akkauntiga begona shaxs kirgani haqidagi ma’lumotlarni tekshirishni boshlagan. Hujumchi ushbu akkaunt orqali kompaniyaning dasturiy kodlariga kirish huquqini qo‘lga kiritgan va ichki xizmatlarga zararli kod joylashtirgan. Natijada ayrim foydalanuvchilarga tegishli ma’lumotlar nusxalangan.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘lga kiritilgan ma’lumotlar orasida foydalanuvchilarning ismi, elektron pochta manzili, akkaunt va foydalanuvchi identifikatorlari, ro‘yxatdan o‘tgan hamda tizimga oxirgi marta kirgan vaqti bor. Shuningdek, ayrim taklifnoma, akkauntni boshqarish va tiklash xatlaridagi tokenlar ham o‘g‘irlangan.
Biroq 1Password foydalanuvchilarning parollari saqlanadigan asosiy omborlari, ularni himoya qiluvchi kalitlar va akkauntni tiklash kalitlari hujumdan zarar ko‘rmaganini ta’kidlagan. Kompaniya parollar va maxfiy kalitlarni o‘zida saqlamasligini ham eslatgan.
Hozircha hodisa nechta foydalanuvchiga ta’sir qilgani ma’lum emas. Kompaniya buzilgan GitHub akkauntini bloklagan, o‘g‘irlangan kirish tokenini bekor qilgan va ehtimoliy xavf ostida qolgan ichki ma’lumotlar uchun foydalaniladigan kalitlarni yangilagan. Shuningdek, ta’sirlangan xizmatlarning toza versiyalari tiklangan.
Xavfsizlik chorasi sifatida taklifnoma va akkauntni tiklash xatlaridagi tasdiqlash kodlari olti xonali raqamlardan o‘nta belgili kodlarga o‘zgartirilgan. Kompaniya ayrim jarayonlari ta’sirlangan kam sonli foydalanuvchilarga alohida xabar berilganini ma’lum qilgan.
1Password mijozlarga kutilmagan elektron xatlar, SMS-xabarlar va qo‘ng‘iroqlardan ehtiyot bo‘lishni tavsiya etmoqda. Ayniqsa, akkauntni tiklash yoki taklifnomani qabul qilish bahonasida yuborilgan shubhali havolalarga kirmaslik lozim.
Kompaniya o‘z nomidan hech qachon foydalanuvchilarning akkaunt paroli yoki maxfiy kalitini so‘ramasligini ta’kidladi. Hozircha foydalanuvchilardan akkauntlarida biror o‘zgarish qilish yoki parollarini almashtirish talab etilmagan.
Keyingi yangilik

Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar


























Izohlar0
…