2 701
Sayyohlik sohasi Turkiy tilli davlatlar iqtisodiyoti tiklanishida muhim omillardan biridir
Joriy yilning 23 iyun sanasida videokonferensiya shaklida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga (TTDHK) a’zo davlatlar turizm vazirlarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, TTDHK turizm vazirlari yig‘ilishi – ushbu tashkilot doirasidagi muloqot platformasi hisoblanib, sayyohlik sohasida faoliyat yurituvchi barcha manfaatdor soha vakillarini o‘z atrofida birlashtiradi. Tuzilmaning faoliyat maqsadi — turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan umumiy strategiyani ishlab chiqish va shu soha doirasida Turkiy Kengashning xalqaro miqyosdagi mavqeini ko‘tarish.
E’tiborlisi shundaki, uchrashuvning o‘tkazilishi sayyohlik sohasining milliy va xalqaro miqyosda koronavirus pandemiyasining salbiy ta’siri ostida qolib ketgan bir sharoitga to‘g‘ri keldi.
Tarmoqning shu davrgacha ko‘rgan zararini Xalqaro turizm tashkiloti 1,2 trillion miqdorida baholamoqda. Ushbu tashkilotning statistik ma’lumotlariga ko‘ra, faqatgina joriy yilning yanvar va aprel oylari oralig‘ida turizm sohasi sayohatlarning 44 foiz kamayishi hisobiga 195 milliard hisobida zarar ko‘rdi. Shu bilan birga, katta yo‘qotishlarni xizmat ko‘rsatuvchi sohalar — kafe, restoran, mehmonxona va taksi xizmatlari ham boshdan kechirishdi.
Shuni inobatga holda, sayyohlik sohasini qayta ishga tushirish choralarini izlash, sayyohlarning xavfsizligini ta’minlash va birgalikda faoliyatni yo‘lga qo‘yishda harakatlarni muvofiqlashtirish masalalari TTDHKning joriy yig‘ilishi kun tartibidagi asosiy mavzuga aylandi.
Uchrashuv ishtirokchilari pandemiya sharoitida turizm holatiga oid bo‘lgan masalalarni muhokama etish bilan bir qatorda, beqaror epidemiologik vaziyatning tarmoqqa bo‘lgan salbiy ta’sirini yumshatish ishlari bo‘yicha fikr almashdilar va eng muhimi, mamlakatlar o‘rtasidagi turistik almashuvlarni tiklash vazifalarini ko‘rib chiqishdi.
Bunday sharoitda tiklanish jarayoniga turtki berishga qodir bo‘lgan yaratuvchanlik g‘oyalarga zaruriyat paydo bo‘lganligini inobatga olgan holda, muhokama ishtirokchilari turizm sohasiga raqamli texnologiya yutuqlari va yangi innovatsiyalarni jalb etish masalalariga jiddiy e’tibor qaratishdi.
Shu bilan bir qatorda, Turkiy Kengash mamlakatlari turistik yo‘nalishlari umumiy «yo‘l xaritasini» yaratish, umumiy sayyohlik telekanalini ishga tushirish va virtual turlarni yo‘lga qo‘yish kabi aniq maqsadlar ko‘rib chiqildi.
Vazirlar uchinchi mamlakatlardan tashrif buyuruvchi sayyohlarga mo‘ljallangan «Ipak yo‘li vizasini» amalga joriy etish vazifalarini tezlashtirish lozimligi bo‘yicha aniq to‘xtamga kelishdi. Shuningdek yangi turistik yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish bilan turizm sohasi imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.
Eng muhim qarorlardan biri sifatida faoliyat turiga sayyohlik idoralari bevosita hamkorlik yuritishi uchun informatsiya almashish jarayonini ta’minlab berish kabi vazifalar kiruvchi turizm sohasidagi faoliyatni Muvofiqlashtiruvchi qo‘mitani yaratish g‘oyasi bo‘ldi.
Yaqin istiqboldagi maqsadlar qatoriga «qizil», «sariq» va «yashil» reyslar tizimini joriy etgan holda TTDHK davlatlari o‘rtasida o‘zaro muvofiqlashtirilgan xalqaro aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalalari kiritildi.
O‘z tarafidan, O‘zbekiston o‘ziga xos tarixiy-madaniy ob’ektlarga ega bo‘lgan bir nechta shaharlarini davlatlar o‘rtasida yagona turistik loyiha hisoblanuvchi «Zamonaviy Ipak yo‘li» dasturiga kiritish taklifi bilan chiqdi.
Konferensiya yakunida keyingi uchrashuvni O‘zbekistonda o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Aynan ushbu uchrashuvda inqirozdan so‘ng sohani rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli rejalarni chuqur ko‘rib chiqish kutilmoqda.
TTDHKning ushbu aniq kelishuvlar bilan yakun topgan navbatdagi uchrashuvini integratsion tuzilma a’zolarining turizm sohasini «falaj» (turg‘un) holatidan olib chiqish va uni «koronainqiroz» davriga moslashtirish imkonini beruvchi yagona harakatlar tizimini ishlab chiqishga bo‘lgan umumiy intilishlarning natijasi sifatida baholash mumkin.
Uchrashuv o‘tkazilish vaqtining xalqaro turizm sanoati «qayta jonlanish» alomatlari ko‘zga tashlanayotgan bir davrga to‘g‘ri kelganligi bejiz emas. Shu ma’noda, mazkur yig‘ilishni butun dunyoni qamrab olgan beqaror epidemiologik vaziyatning sayyohlik sohasiga salbiy ta’siri, bunday sharoitda milliy turistik strategiyalarni qayta ko‘rib chiqish lozimligi va xalqaro turizm bozoridagi jadal o‘zgarayotgan holatning dolzarbligini Kengash ishtirokchilari tomonidan chuqur anglanganligi amaliy ifodasi deb ham hisoblasak bo‘ladi.
Shuni inobatga olgan holda, ustuvor maqsadlar qatoriga turistlarga xizmat ko‘rsatishning yangi tartibini amalga joriy etish va ularning xavfsizligini ta’minlash masalalari kiritildi. Qolaversa, Turkiy Kengash mamlakatlari turistik yo‘nalish va mahsulotlarni keng ommalashtirishda jadal «raqamlashtirish» yo‘liga o‘tishni ko‘zlashmoqda. Virtual turlarni tashkillashtirish va turistik kanalni ishga tushirish rejalarining muvofiqlashtirilishi ham shu bilan izohlanadi.
Raqamli texnologiyalarning keng qo‘llanilishi: sayohat qilish maqsadini ko‘zlaganlar uchun o‘z tashriflarini rejalashtirish yo‘llarini optimallashtirishga va milliy korxonalarga yangi epidemiologik sharoitga bosqichma-bosqich moslashishga imkoniyat yaratib berib, turizm sohasini «qutqaruvchi omilga» aylanadi.
Bundan tashqari, virtual turlar yordamida turizm sohasidagi korxonalarga ma’lum sayyohlik yo‘nalishlaridagi manzara va mahalliy diqqatga sazovor joylarning panoramasini onlayn tarzda atroflicha namoyish etgan holda tarixiy ob’ektlarni ommalashtirish ishlarini yengillashtirish mumkin.
Shu bilan bir vaqtda uchrashuv davomida umumiy viza tizimini joriy etish, turizm sohasida Muvofiqlashtiruvchi qo‘mita tuzish va turistik yo‘nalishlarning yagona «yo‘l xaritasini» yaratish kabi kelishilgan maqsadlar TTDHK mamlakatlarining umumiy turistik brendni shakllantirish va sayyohlik mahsulotlarini jamoaviy tartibda keng targ‘ib qilish imkonini beruvchi yagona turistik makonni yaratish loyihasi ustida ish olib borayotganliklarini ko‘rsatmoqda.
Hamkorlikning bunday tarzda rivojlanishida turkiyzabon mamlakatlardagi turizm sohasidagi rahbarlar va ish boshqaruvchilar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarning o‘rnatilishi, shuningdek ular tomonidan mavjud munosabatlar mexanizmidan o‘zaro tajriba ayirboshlashning muntazam amaliyotiga o‘tish maqsadida keng foydalanilishi yana bir muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Shubhasiz, hamkorlikning bunday rivojlanishidan asosiy foyda oluvchilarning biri sifatida turkiy-islomiy sivilizatsiyaning asosiy markazi maqomiga ega bo‘lgan, xalqaro turizm bozorining salmoqli ishtirokchisi hisoblanuvchi, shuningdek dunyoning barcha nuqtalaridagi ma’daniy-estetik zavq istovchilar uchun «jozibador qutbga» aylanayotgan O‘zbekiston sanaladi.
Shu ma’noda, O‘zbekistonning turkiyzabon mamlakatlar ichida birinchilardan bo‘lib turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash masalalarini hal etishga kirishgani va bugungi kunda yangi «xavfsiz turizm» tizimini joriy etish taraddudida turganligini eslatib o‘tish maqsadga muvofiqdir.
Shunisi e’tiborliki, O‘zbekiston davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev joriy yilning may oyidayoq milliy turizm bozori ishtirokchilarini qo‘llashga qaratilgan muhim choralar va rag‘batlantirishlar tizimini amalga kiritish maqsadlari doirasida koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish uchun turizm sohasini qo‘llab-quvvatlashda kechiktirib bo‘lmaydigan choralarga oid qarorni imzoladi.
Bir vaqtning o‘zida mamlakatimiz hukumati sayyohlik xizmatlariga bo‘lgan ichki talabni sohani rag‘batlantirishning oqilona usullaridan biri deb biladi. Shu maqsadda 1 iyun sanasidan boshlab ichki turizm qayta tiklandi.
Xulosa qilib aytganda, Turkiy Kengash turizm sohasi rahbarlarining bo‘lib o‘tgan videokonferensiyasi ushbu hamkorlik formatiga borgan sari talab ortib borayotganligini, ishtirokchi mamlakatlarning madaniy-qondoshlik rishtalarini o‘zaro manfaatli iqtisodiy sherikchilik munosabatlariga aylantirishga bo‘lgan ezgu intilishlarini va ularning turizm sohasida ijobiy natijalarga erishishga qaratilgan aniq amaliy harakatlarga o‘tishga tayyor ekanliklarini yana bir bora tasdiqladi.
Dunyoda hukm surayotgan pandemiyaning «zararli iskanjasi girdobida» qolib ketgan sayyohlik tarmog‘ini qayta ishga tushirish uchun umumiy choralar majmuasini ishlab chiqishga bo‘lgan TTDHKning bunday urinishlari umumiqtisodiy faoliyatni tizimli tiklash yo‘lida «katalizatorga» aylanishi shubhasizdir.
Bu esa o‘z navbatida, tashkilotning turkiyzabon mamlakatlar davlat rahbarlarining bu o‘lkalar xalqlarini iqtisodiy farovonligini oshirishga bo‘lgan ezgu sa’y-harakatlarida kamarbasta bo‘lib, yana bir «ilg‘or g‘oyalar ta’minotchisi» vazifasini bajarayotganligini ko‘rsatmoqda.
Azizjon Karimov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti
yetakchi ilmiy xodimi “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi