O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov ishchi tashrif bilan Tojikiston Respublikasida bo‘lib turibdi. Dushanbeda har ikki davlat delegatsiyasi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida Abdulla Aripov iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy aloqalar borasida gapirib o‘tdi.
«Bizdagi statistikaga ko‘ra, so‘nggi uch yilda ikki davlat o‘rtasidagi savdo aloqalari ikki yarim barobarga oshdi. O‘zbekistonning Tojikistonga eksporti 2,1 barobarga oshgan bo‘lsa, Tojikiston eksporti qariyb 5 barobar ortdi. Bundan kelib chiqadiki, bizning munosabatlarimiz faqat bir tomonlama manfaatli hamkorlik emas, balki har ikki tomonga naf keltiradi.
Joriy yilda pandemiya tufayli O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash pasaydi, ammo faqat Tojikiston bilan o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,3 foizga oshib, 317 million dollarni (eksport 255,4 mln dollar, import 61,9 mln dollar) tashkil etdi. Yaqin yillarda oldimizga qo‘yilgan vazifa – o‘zaro tovar aylanmasini 1 milliard AQSH dollariga yetkazish uchun barcha imkoniyatlarga egamiz», degan O‘zbekiston bosh vaziri.
Ushbu maqsadda bozorlarga zarur va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berish, savdo-sotiqdagi turli to‘siqlarni olib tashlash va qulay sharoitlar yaratish, birgalikda yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirini tashkil etib, uchinchi davlatlarga eksportni amalga oshirish muhim ahamiyatga egaligi ta’kidlangan.
Abdulla Aripov joriy yilda suv tanqis bo‘lishiga qaramasdan, qo‘shimcha suv yetkazib berilgani uchun Tojikiston tomoniga alohida minnatdorchilik bildirgan.
«Mamlakatlarimiz o‘rtasida turli sohalarda xususan, ilmiy markazlar o‘rtasida tajriba almashish muhim ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan, navbatdagi ishchi guruh yig‘ilishini Toshkentda o‘tkazishni taklif qilamiz.
Pandemiya vaqtida bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaganimiz hamkorlikning qay darajada mustahkam ekanini bildiradi. O‘zbekiston bu hamkorlikni davom ettirishga tayyor», degan u.
Bosh vazir tomonidan koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashgach, quyidagilarni amalga oshirish taklif etilgan:
- Har ikki davlat ziyolilari forumini o‘tkazish;
- Ikki davlat yoshlarining o‘zaro tashrifini amalga oshirish;
- «Bitta sayohat turi butun mintaqa bo‘ylab» tamoyili ostida Buyuk Ipak yo‘li brendini rivojlantirish va ziyorat turizmi loyihalarini birgalikda amalga oshirish;
- Ta’lim va tibbiyot borasida hamkorlikni rivojlantirish;
- O‘zbekistonda Tojikiston madaniyati kunlarini o‘tkazish;
- Dushanbeda o‘zbek va tojik san’atkorlari ishtirokida konsert dasturlarini tashkil etish.
«Aminmanki, qo‘shma komissiya kun tartibidagi masalalar ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, sanoat kooperatsiyasi, transport, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi, madaniy-gumanitar yo‘nalishlar bo‘yicha aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi hamda pandemiya sharoitida hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab olishga imkoniyat yaratadi», degan O‘zbekiston bosh vaziri.
O‘z navbatida, Tojikiston Respublikasi bosh vaziri Kohir Rasulzoda ham tashrif uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorchilik bildirgan.
«O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida yechimini topmagan masala qolmadi. Hurmatli Abdulla Nig‘matovich, ushbu majlis tashkil etilgani va undagi ishtirokingiz uchun sizga minnatdorchilik bildiraman. Majlis davomida qabul qilingan qarorlar ikki tomonlama bajarilishiga ishonaman», degan u.
Bugungi tashrif doirasida hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi, biznes-forum, ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishi hamda qo‘shma korxona ochilishi kabi muhim tadbirlar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”