13:35 / 31.03.2021
1 247

O‘zbekistonda Prezidentni internetda haqoratlash yoki unga tuhmat qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi

O‘zbekistonda Prezidentni internetda haqoratlash yoki unga tuhmat qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi
«O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun 30 mart kuni Prezident tomonidan imzolandi.

Qonun bilan Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidentini telekommunikatsiya tarmoqlari yoki internet butunjahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda haqoratlash yoki unga tuhmat qilish 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ilgari Prezidentni omma oldida haqoratlash yoki unga tuhmat qilish, shuningdek, mazkur jinoyatni matbuot yoki boshqa OAVdan foydalangan holda sodir etganlik uchun javobgarlik mavjud edi.

Kodeksga ommaviy tartibsizliklarga va fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga omma oldida da’vat qilganlik uchun javobgarlik kiritildi.

Unga ko‘ra, mazkur qilmishni sodir etgan shaxslar BHMning 100 baravari (24,5 million so‘m)dan 300 baravari (73,5 million so‘m)gacha jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib yoki OAV, telekommunikatsiyalar tarmoqlari, internetdan, shuningdek, matnni ko‘paytirishning bosma yoki boshqa usullaridan foydalangan holda sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 300 baravari (73,5 million so‘m)dan 400 baravari (98 million so‘m)gacha jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda Prezidentni internetda haqoratlash yoki unga tuhmat qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi