
Foto: Getty Images
1970 yilning yozida Nyu-Jersida oʻtgan asrning eng yaxshi ogʻir vaznlilaridan biri Sonni Listonning soʻnggi jangi boʻlib oʻtadi. U sakkiz raund davomida Chak Vepnerni doʻpposlaydi, toʻqqizinchi raundga kelib, shifokor jangni toʻxtatishga qaror qiladi — Vepnerning koʻzlari koʻplab koʻkarish va yorilishlar natijasida shunchaki koʻrmay qoladi. Jangdan keyin u sogʻ odam qarasa qoʻrqadigan darajaga kelib qolgandi — burun va jagʻning sinishi, kasalxonaga yotqizilishga sabab boʻlgan 72 ta yorilish.
Bunday janglar va jarohatlardan keyin koʻpchilik faoliyatini yakunlaydi. Eng yaxshi holatda esa aksariyat sportchilar bu yoʻlga ilk qadamlarini tashlaydi. Ammo Venper uchun bu qonli toʻqnashuv faqat ibtido boʻlib xizmat qiladi. Chak ushbu jangdan keyin «bayonnolik (Frantsiyadagi shahar) qonxoʻr» laqabini oladi va oʻsha yillarning eng qoʻrqmas jangchilaridan biri sifatida shon-shuhratga ega boʻladi, chunki u Listonga qarshi jangni shunday holatda ham davom ettirishga tayyor edi.
Sakkizta gʻalabalar seriyasi va yaxshi munosabatda boʻlgan promouter Don King tufayli Vepner 1975 yilga kelib, afsonaviy Muhammad Aliga qarshi ringga koʻtarilishga muvaffaq boʻladi.
Oʻshanda Ali faoliyatining eng yuqori choʻqqisida edi. 1974 yil yanvar oyida u Jo Freyzerdan revansh olgan boʻlsa, undan toʻqqiz oy oʻtib Jorj Formanni nokautga uchratib, ogʻir vazn toifasining ikkita asosiy — WBC va WBA kamarlari sohibiga aylangandi. Keyingi jang uchun Aliga oddiyroq raqib zarur edi — ilk yaxshi zarbadan keyin qulamaydigan va shu bilan birga katta muammolarni ham keltirib chiqarmaydigan. 36 yoshli Vepner bu rol uchun ayni muddao edi.
Venper mutlaq chempionga qarshi jangga hayotidagi eng yaxshi mashgʻulot yigʻini bilan keladi. Jangdan oldin bukmekerlar koʻrsatkichlarni Alining foydasiga belgilaydi — 40 ga 1.
Ali va Vepner oʻrtasidagi jang 1975 yilning 24 martida Richfildda boʻlib oʻtadi va dastlabki 8 raund oldindan taxmin qilinganidek kechadi: da'vogar taslim boʻlmaydi, ammo ochkolar borasida hech qanday imkoniyatga ega chiqmaydi. Tarixiy lahza toʻqqizinchi raundda, Vepner Alini yiqitgan va Richfild kolizeyidagi 15 ming, teleekran qarshisidagi esa yuz minglab tomoshabinlarni hayratda qoldirgan vaqtda sodir boʻladi.
Ali keyingi 4 raundni oʻz foydasiga hal qiladi, 15-raundda esa jangni texnik nokaut evaziga gʻalaba bilan yakunlaydi (garchi Vepner oʻrnidan turib jangni davom ettirishga harakat qilgan boʻlsa ham, hakam nokdaundan keyin jangni toʻxtatadi). Jangdan keyin Vepner oʻtkazib yuborilgan zarbadan emas, balki muvozanatni yoʻqotganidan soʻng yiqilganini, raqib uning oyogʻini bosib olganini aytadi. Ammo bu endi hech kimni qiziqtirmasdi. Hech kim ishonmagan Vepner jahon boksi afsonasiga munosib qarshilik koʻrsatadi — hamma faqat shuni muhokama qilardi.
Gollivud aktyori Silvestr Stallone Ali va Vepner oʻrtasidagi jangni televizorda tomosha qiladi. U jangdan shunchalik ta'sirlanadiki, oʻsha kuni kechqurun yangi film uchun stsenariy yozishni boshlab yuboradi, asosiy e'tibor iste'dodli va muvaffaqiyatli bokschi emas, balki tublikdan eng yuqori choʻqqiga chiqishning uddasidan chiqqan jasur va qat'iyatli jangchining hikoyasiga qaratiladi.
«Rokki» deb nomlangan film 1976 yilda katta muvaffaqiyat bilan ekranlarga chiqadi: 225 million dollar kassa va uchta Oskar, ularning orasida «Eng yaxshi film» uchun berilgan mukofot ham bor edi.

Kadr: «Sports.ru»
Stallone Vepner filmning paydo boʻlishiga ta'sir qilganini va hatto unga franshizaning davomidagi rollardan birini taklif qilganini yashirmaydi (biroq bokschi kastingdan oʻta olmagan), lekin Chak «Rokki» filmi bosh qahramoning bevosita prototipi emasligiga aniqlik kiritadi.
«Rokki Balboa hikoyasi bevosita Chak Vepnerniki bilan bir xil emas. Bu umumlashtirilgan qahramon obrazi. Unda Roki Marchiano ham, Jo Freyzer ham bor. Va, albatta, Vepner, ham. Aynan uning Ali bilan jangi meni stsenariy yozishga ilhomlantirgan. Ali ringda yotganida hayratda edim. Vepnerning oʻsha paytda nimalarni his qilganini tasavvur qilib koʻrdim. Har bir inson hayotida hech boʻlmaganda bir marta his qilishni xohlaydigan narsa», — degandi Stallone.
Oʻttiz yil oʻtgach, Vepnerning spirtli ichimliklar bilan bogʻliq boʻlgan biznesi inqirozga yuz tutadi va Stallonedan 15 million dollar miqdorida tovon undirish uchun Nyu-York sudiga murojaat qiladi. Chakning soʻzlariga koʻra, aynan u Stallonega 1 milliard dollardan koʻproq foyda keltirgan «Rokki» filmlari seriyasi qahramonining prototipi hisoblanadi. Oxir-oqibat da'vo suddan tashqarida hal qilinadi, chunki Stallone Vepnerga tovon toʻlashga rozi boʻladi. Biroq uning miqdori ochiqlanmagan.

Foto: Twitter
Keyinchalik Vepnerning nomi baribir katta filmda foydalaniladi. 2011 yilda uning faoliyati haqida hikoya qiluvchi «Haqiqiy Rokki» hujjatli filmi namoyish etiladi. Shu yilning oʻzida Filipp Falardo rejissyorligidagi «Qonxoʻr Chak» («The Bleeder, Chuck») badiiy filmining ham premerasi boʻlib oʻtadi. Bu erda Muhammad Alini nokautga uchratgan oddiy bokschi Vepnerning hikoyasi shunchaki syujet uchun afsonaga aylanib qolmagan, balki Chakning hayoti va sport faoliyati haqida hikoya qiluvchi biografiyadir.
«Bu filmning chiqishi men uchun muhimdir. Haligacha aminmanki, mensiz Rokki Balboa haqidagi hikoya boʻlmasdi. Ammo endi odamlar shaxsiy hikoyam bilan ham tanishishlari mumkinligidan xursandman. Bu unga juda kuchli ta'sir qilgan boʻlsa ham, hayotim faqat Muhammad Ali bilan ringdagi oqshomdan iborat emas», — degandi Venper oʻsha filmining premerasidan keyin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar