1 078
"U-23 Osiyo kubogida O‘zbekiston ikki yosh kichik futbolchilar bilan o‘ynashida hech qanday muammo ko‘rmayapman" - Otabek G‘ulomxo‘jayev
Yurtimiz yashil maydonlari mezbonlik qiladigan U-23 Osiyo kubogi startiga bir necha kun qoldi. Timur Kapadze ustozligidagi O‘zbekiston U-21 terma jamoasi ya’ni mazkur avlod vakillari uchun bu ilk Osiyo chempionati hisoblanadi. Bunga o‘smirlar o‘rtasidagi qit’a musobaqasiga chiqa olishmagan bo‘lsa, keyingi yosh toifasidagi turnir pandemiya sabab qoldirildi.
Xo‘sh, bu safar ulardan nima kutamiz? Shu kabi savollar bilan yoshlar murabbiyi, o‘z vaqtida ushbu terma jamoada faoliyat olib borgan Otabek G‘ulomxo‘jayevga yuzlandik.
- Bo‘lajak Osiyo Kubogidan nimalar kutyapsiz?
- Musobaqaning O‘zbekistonda o‘tishi futbolga befarq bo‘lmagan ko‘p sonli muxlislarimiz uchun bayram hisoblanadi. O‘ylaymanki, ular jamoamizni yolg‘izlatib qo‘yishmaydi. Har bir o‘yindan keyin xursand bo‘lib ketishadi. O‘zimizning yigitlardan albatta yaxshi natija kutamiz. Yanada yangi nomlar chiqishiga ishonaman. Har tomonlama o‘zlarini ko‘rsatishadi. Bu terma jamoaga befarq emasman. Ayni paytda Osiyoda futbol rivojlanayotganini hisobga olsak, syurpriz ko‘rsatadigan terma jamoalar ham chiqishi mumkin.
- Tarkibdagi qaysi futbolchilar o‘zlarini yorqin namoyish eta olishadi deb o‘ylaysiz?
- Bilasizmi, qaysidir futbolchini ko‘rsata olmayman. Chunki, ularning 90 foizini bilaman. Futbolchilarning har biri yorqin o‘yin ko‘rsatishiga ishonchim komil. Yaxshi tilaklar bildiraman. Yetakchi o‘yinchilar bunday musobaqada katta sahnaga chiqadi. Misol uchun, Jasur Jaloliddinov, Xojimat Erkinov, Ibrohim Halil Yo‘ldoshev, Husayn Norchayev. Qaysi birinidir aytmaslik men uchun og‘ir. Har bir yigit maksimal darajada imkoniyatini ishga soladi.
- Tarkib qanchalik o‘zgargan?
- Bu terma jamoadan 2019 yil ketgan bo‘lsam, deyarli barcha yigitlar chaqirilgan. Murabbiylik faoliyatimda chaqirilmagan futbolchilar sanoqligina. Darvozabon Vladimir Nazarov, himoyachilaridan Muhammadqodir Hamraliyev, Abubakr Ashurov, yarim himoyachi Abbosbek Fayzullayev, hujumchi Muhammadali G‘iyosov. Hozirgi kundagi shu yosh toifasidagi eng optimal 30 nafar futbolchini jalb qilingan. Bu - to‘g‘ri. Sog‘lom raqobat yuzaga keladi.
- Darvoza chizig‘imiz haqida qanday fikrdasiz?
- Tan olib aytish kerakki, terma jamoadagi darvozabonlar Vladimir Nazarov, Hamidullo Abduhamidov, Shukron Yuldashevni yorqin kelajak kutmoqda. Sekin asta Superligada ko‘zga ko‘rinib borishyapti. Shukronga kam imkoniyat berilyapti. Timur Kapadze klubda uchalasiga imkoniyat berishga harakat qilyapti. Abduvohid o‘sha paytdayoq "Nasaf"da yosh bo‘lishiga qaramay o‘z o‘rnini topishni boshlagandi. Istaymizmi, yo‘qmi bu terma jamoani asosiy posboni Abduvohid. Unda tajriba katta. OCHLda, Superligada ko‘rdikki, o‘ziga bo‘lgan ishonch yuqori. Bo‘shashishmasin, lekin darvoza chizig‘idan ko‘nglim to‘q.
- Qozog‘istonda o‘ynayotgan Odilbek Abdumajidov terma jamoada asosiy tarkibga loyiqmi?
- Chetdan turib hech narsa deya olmayman. Hisoblasak, 11 nafar himoyachi, 5 nafar markaziy himoyachi chaqirilgan. Agarda noloyiq bo‘lganda kengaytirilgan tarkibga kirmasdi. Barcha futbolchilar maksimal darajada o‘zini ko‘rsatishga urinib ko‘radi. Odilbekni loyiq yoki loyiq emasligini murabbiy mashg‘ulotdan, jarayondan kelib chiqib belgilaydi. "Ordabasi"da o‘ynayapti, optimal formada. Aytganimdek, hammasini murabbiy hal qiladi.
- Jamoamiz raqiblardan 2 yoshga kichikligi qanchalik ta’sir qiladi deb o‘ylaysiz?
- Mana shu jihatga qo‘shilmayman. Qaysi ma’noda, ular 22-23 yosh deylik. Biznikilar 20, 21. Men bu ikki yosh toifasida qandaydir tafovut bo‘ladi, demayman. Bu narsa ta’sir qilmasligi kerak. Jasur Jaloliddinov bir necha yil oldin Superligada 30, 35 yoshli futbolchilarga qarshi o‘ynadi. Husayn Norchayev OCHLda qanday jamoalar bilan o‘ynadi? Ta’sir qiladi, deb o‘ylamayman. Agarda ta’sir qilganida, 1999-2000 yilda tug‘ilgan futbolchilar o‘ynashi kerak bo‘lardi. Bu ham yaxshi avlod edi. Boshida Ravshan Haydarov shakllantirayotgandi. Osiyo chempionatiga 21 yoshlilarni olib borishdan maqsad, 2 yildan keyin bo‘ladigan Osiyo kubogiga tajriba to‘plash bo‘lsa kerak. Yoshdagi farq katta rol o‘ynamaydi. 19 yoshlilarni turnirida 17 yoshli futbolchi o‘ynasa boshqa gap edi. Muammo ko‘rmayapman.
- Hozir yig‘inda yo‘q futbolchilardan kimlar terma jamoani kuchaytira olardi deb hisoblaysiz?
- Bu yosh toifasidagi eng optimal formadagilarni chaqirgan. Kuzatib borayotganlarim ichida, bu futbolchilardan ham yoshrog‘i bor. "Bunyodkor" yarim himoyachisi Umarali Rahmonaliyev. Lekin jarohati bor ekan. U ham yordam berardi, deb o‘ylayman. Himoya chizig‘iga esa Belarus chempionatining "Energetik-BGU" jamoasida to‘p tepayotgan 2004 yilda tug‘ilgan Abduqodir Xusanov ham bor. Har birining klubidagi o‘yinlaridan kelib chiqib aytyapman. Abduqodir hozirgi holatda raqobatlasha olardi. Jamoaga yaxshi moslashib ketadi. Bilishimcha u Ravshan Haydarov boshchiligidagi yoshlar terma jamoasiga chaqirilgan.
Shu o‘rinda o‘tganlarni xudo rahmat qilsin, marhum Diyor Rahimqulovni yodga olmasak bo‘lmaydi. Terma jamoa, Diyor men uchun yurakka yaqin. Uning qadri boshqacha edi. Yigitlarga omad tilayman. Diyorni ruhi shod bo‘lsin. Futbolchilar har bir g‘alabani do‘stining ruhi uchun bag‘ishlashadi, degan umiddaman. Bu jamoada muhit uchun zo‘r futbolchilar yig‘ilgan. O‘zbekistonning eng yaxshi avlodi hisoblanishadi. Jamoada yetakchilar juda ko‘p. Ular ortidan ergashtira oladi. Saudiya Arabistonida bir kishi kam bo‘lib o‘ynaganida bir-birini qo‘llab-quvvatlaganini ko‘rdim. Diyor Holmatov, Jasur Jaloliddinov, Xojimat Erkinov. Futbolda shunday gap bor, yarim himoyangni ko‘rsat, men jamoangni ko‘rib olaman. Hujum chizig‘i ham zo‘r. Otabek Jo‘raqo‘ziyev, Ruslan Jiyanov, Ulug‘bek Hoshimov. Ular ko‘p narsalarga qodir.
Narzulla suhbatlashdi
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda