Juda og‘ir o‘tishi taxmin qilingan bahs, kutilmaganda, hamyurtlarimizning yirik hisobdagi g‘alabasi yakunlandi. Pley-off masalasini hal etgan U23 jamoamiz endi erkinroq harakat qilishi mumkin. Xo‘sh, qaysi aspektlardagi ustunlik evaziga Qatar darvozasiga javobsiz 6 gol kiritdik? Kapadze Nikolas Kordovani qay tariqa "mot qildi?" O‘zbek futboli tarixidan muqim o‘rin egallashi aniq bo‘lgan bahsni tahlil qilamiz.
O‘yinni ko‘rib chiqar ekanmiz, soddaroq va tushunarli bo‘lishi uchun uni 3 qismga bo‘lamiz. Bu 90 daqiqa qanday o‘tganini kichikroq matnda tushuntirib berish (mening ko‘zim bilan qaraganda, albatta) osonroq kechadi.
O‘yinga tanlagan reja o‘zini 101 foiz oqladi
Temur Kapadze bellashuv avvalida ancha keskin qaror qabul qildi. U 4-3-3 ning eng hujumkor variantini tanladi. Hojimat Erkinov va Ulug‘bek Xoshimovga qanot himoyachilariga bosim o‘tkazishni yuklab, Norchayevni klassik 9-raqam sifatida o‘yinga tashladi. Oldingi chiziqqa qilinayotgan bosim ortida, aslida, Jasur Jaloliddinovga kattaroq hudud ochib berish maqsad qilingan edi. Norchayev-Erkinov-Hoshimov triosi o‘zi bilan 4 himoyachini band qilgan paytda, Jaloliddinov hujum markazida bo‘sh "zona"ga chiqib borishga muvaffaq bo‘ldi.
Bu narsa birinchi golda katta naf keltirdi. E’tibor qarating, Qatar himoyachilari bor e’tiborini maydondagi nominal hujumchilarga qaratmoqda. Jasur esa, deyarli maydon markazida to‘pni egallab, bemalol jarima maydonchasigacha kelib zarba yo‘lladi. U23 jamoamiz ustozi Qatarning Eron bilan o‘yinini yaxshi o‘rgangani birgina shu "fishka"da yaqqol ko‘zga tashlandi.
Hisobni ochgach, futbolchilarimiz yanada kengroq joylashib olgan holda, maydon markazini to‘liq egallab oldi. Mehmonlar imkon qadar o‘z o‘yinini (mayda paslar orqali O‘zbekiston U23ni to‘psiz qoldirish) targ‘ib qilishga urindi, ammo ilk 15 daqiqada buning uddasidan chiqa olmadi. Shu bois, ular ijrosida yuqoridan tashlab berilgan uzatmalarga guvoh bo‘ldik. Sezgan bo‘lsangiz, himoyachilarimiz bunga tayyor edi.
Shuning uchun ham longbollarning birortasi manzilga aniq yetib borgani yo‘q. Hujum chizig‘idagi kuchli bosim esa, Qatarni markazda o‘zini erkin his qilishga imkon qoldirmadi. Kiritilgan uchinchi golda ham aynan shu omil birinchi planga ko‘tarildi. Hojimat Erkinov raqibni xato qilishga majbur qildi. Ikkinchi gol esa, shunchaki ijrochi mahorati evaziga sodir bo‘lgan bo‘lsa, 3-golda butun jamoa ishladi.
Erta pressing Qatarni "ishdan chiqardi"
Temur Kapadze shogirdlari Turkmaniston bilan o‘yinning ikkinchi bo‘limida biroz tempni tushirishi va raqibni erta kutib olishni to‘xtatishini barcha taxmin qilgani aniq. Hatto, Qatar ustozi Kordova ham shundan umid qilib, markazni oldinroqqa surdi. Kapadze esa, ikkinchi bo‘limda ham jamoasini maydonda qayta joylashtirib, chekinayotgan raqibni shu jangni o‘zida yanchib tashlashga buyruq berdi. Hujumdagi 3 forvard bilan birgalikdka tayanch zonasidagi Ibragimov-Bo‘riyev tandemi ham oldinroqqa siljib, raqibni o‘z jarima maydonchasi ichida kutib olishni boshladi.
Dastlabki 45 daqiqalikda 3-4 futbolchi bosimiga duch kelgan mehmonlar, ikkinchi taymda 6-7 futbolchimiz tazyiqi ostida qoldi. Kiritilgan 4-gol ham aynan Temur Tohirovichning tavakkaldan qo‘rqmasligi samarasi edi. E’tibor qarating, Norchayev to‘pni olib qo‘ygan epizodda deyarli barcha futbolchilarimiz raqibni personal qo‘riqlayotgandi.
Bu Qatar himoyachisining texnik xatosi bilan birgalikda, yigitlarimizning jamoaviy mehnati samarasi hamdir. 3:0 ga qadar Qatar futbolchilari "sinib" qolmadi, biroq 4-goldan keyin ular qo‘llarini tushirib yubordi. Natijada, qanot futbolchilari kengroq joylashib, raqibni yanada ortga chekinishga majburladi. Tayanch zonasida to‘p tepgan Ibrohim Ibragimov va Abdurauf Bo‘riyev o‘z hududida biror marotaba raqibni qo‘yib yuborgani yo‘q. Boz ustiga, kerak pallada hujum "zona"sigacha yaqinlashib, pressingda ishtirok etdi.
Ekranda ko‘rinmaganiga qaramay, ularning qilgan mehnati g‘alabaning 50 foizini ta’minladi. Shuningdek, markaziy hujumchi sifatida to‘p tepgan Husayn Norchayevni ham alohida e’tirof etish lozim. U bahsning asosiy qismida pressing nayzasining uchi sifatida oxirigacha mehnat qildi. Ikkinchi qavatdagi to‘p uchun kurashlarda faol bo‘ldi.
So‘nggi 20 daqiqa
Temur Kapadze qo‘l ostidagi "Olimpik" jamoasi bugungi Olimpiya terma jamoamizning chinakam fundamenti bo‘lib berayotgani e’tiborga molik. Avvallari, bu yoshdagi jamoalarimizda 3-4 yetakchi bo‘lar, qolganlar ularga suyanib harakat qilardi. Hozir, "Olimpik" klubidagi yigitlar istalgan paytda asosiy planga ko‘tarilishga tayyor. Ibrohim Ibragimovni Abubakr Rizo Turdaliyev, Norchayevni Alisher Odilov, Hoshimovni Jiyanov istalgan o‘yinda katta talofatsiz almashtirishi mumkin. Aynan shu ustunlik ikkinchi bo‘limning so‘nggi 25 daqiqasida bizga yana gollar taqdim etdi.
Superliganing boshqa jamoalarida harakat qilayotgan tengdoshlaridan kam emasligini isbotlash maqsadida o‘yinga qo‘shilgan "Olimpikchilar" tempni tushirib yubormadi. Deyarli teng kuchli ikkita tarkibga ega Kapadze esa, rotatsiya qilish imkoniga ega bo‘lmoqda. Bu omil qisqa fursatda ichida bo‘lib o‘tadigan bu kabi turnirlarda "svejiyroq" bo‘lishni ta’minlaydi. Soddaroq qilib aytganda, U23 jamoamiz har 3 kunda maydonga chiqsa ham, bemalol 90 daqiqa yuqori pressingga suyanib futbol o‘ynashi mumkin. Jismoniy holat bunga to‘liq javob beradi.
Xulosa o‘rinida
Yaxshi o‘yin va ajoyib g‘alaba. Shunga qaramay, bu jamoamizning missiyasi to‘liq bajarildi, degani emas. Oldimizda Qarshida bo‘lib o‘tadigan Eronga qarshi o‘yin bor. "Nasaf"ning "Markaziy" arenasidagi 90 daqiqa Toshkentdagi bahsdan keskin farq qilishi aniq. Asosan jismoniy tayyorgarlik evaziga kichik epizodlarda g‘alaba qozonishga o‘rgangan forslarni kombinatsion futbol bilan "sindirib" tashlash mushkul. Xayriyat, biz guruhda birinchi o‘rinni olib bo‘ldik.
Aks holda, bosim ortib ketishi mumkin edi. Qatarga qarshi uchrashuv bugungi yigitlarning 65-70 foiz potensialini ko‘rsatdi, xolos. Ularning imkoniyatiga Avstraliya yoki Janubiy Koreya bilan to‘qnash kelganidagina baho berishimiz mumkin. Hozircha, Qatar ustidan qozonilgan g‘alabani bayram qilib turamiz. Qolganini pley-offdagi o‘yinlardan keyin yozsak, adolatdan bo‘ladi.
Yahyoxo‘ja ulug‘xo‘jayev
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”