1 784
Ahmed Agamurodov: "Musobaqadan oldin Turkmaniston guruhda har bir raqibdan nechta gol o‘tkazadi deb so‘raganlar ham bo‘ldi"
U-23 Osiyo kubogida Turkmaniston terma jamoasi ko‘pchilik uchun kutilmaganda guruhdan keyingi bosqichga chiqdi. Biz chorak finaldan oldin terma jamoa ustozi Ahmed Agamurodov bilan suhbatlashdik.
- Turkmaniston U-23 terma jamoasini chorak finalga chiqqani bilan tabriklaymiz. Dastlab guruh bosqichi haqida gapirib bersangiz? Qanday qiyinchiliklardan o‘tdingiz?
- Tabriklar uchun rahmat. "A" guruhida mezbon O‘zbekiston terma jamoasi bor edi. Bundan tashqari Qatar va Eron kabi qit’aning kuchli terma jamoalari hisoblanadi. Ularga qarshi munosib o‘ynab chorak finalga chiqqanimizdan xursandman. Juda ham shiddatli o‘yinlar namoyish etdik. So‘nggi turda Qatarga 0:2 hisobida yutqazib turib, yakunda durangga erishib, chorak finalga yo‘llanma olganimizdan faxrlanaman.
- Ilk o‘yin va darhol mezbonlarga qarshi. To‘lib-toshgan stadion. Jamoaingiz bunday bosimni qanday yengib o‘tdi? Axir Turkmaniston terma jamoasi futbolchilari hayajonlanishmagani sezildi...
- Tayyorgarlik vaqtidayoq O‘zbekiston terma jamoasi qanchalik kuchli ekanligini bilardik. Ochilish o‘yinida stadiondagi muhit ham qayerdadir O‘zbekistonga yordam bergandir. Qayerdadir esa bizga yordam bergan bo‘lishi mumkin, sababi mezbonlar o‘z muxlislari qarshisida hayajonlanishgani bor gap. Bizning tarkibimizda Turkmaniston oliy ligasida o‘ynaydigan futbolchilar bor. Ba’zilari OCHLda ham o‘ynagan. Gol o‘tkazib yuborganimizdan keyin oldinga o‘tib hisobni tenglashtirishga urindik. Ilk turda yutqazib qo‘ydik, ammo hechqisi yo‘q. Asosiysi guruhdan keyingi bosqichga chiqdik.
- Agar O‘zbekistonga qarshi ikkinchi marta o‘ynaganingizda ochko olishingiz mumkinmidi?
- Bu savolga javob berish oson emas. O‘ylaymanki bu savolga javob berish uchun mana shu o‘yinni o‘tkazish kerak. Balki finalda O‘zbekiston bilan to‘qnash kelarmiz (kuladi). Agar shunday bo‘lsa baxtli bo‘lardim. O‘shanda barchasi oydinlashardi. O‘zbekiston terma jamoasiga ham omad yor bo‘lsin, ularga finalga qadar yetib borishlarini tilayman.
- Ikkinchi turda Eronni mag‘lub etdinglar. Ikkinchi taymda raqib futbolchisi chetlatilgani sizlarga yordam berdimi?
- Eronga qarshi bahs biz uchun og‘ir boshlandi. Ilk turdagi mag‘lubiyatdan keyin yigitlar ko‘p kuch ishlatishdi va balki ikkinchi turga to‘liq tiklana olishmagandir. Ammo hisobni tenglashtirganimizdan keyin jamoamiz o‘ziga ishonishni boshlaganini ko‘rdim. Ikkinchi taymda o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishga va g‘alaba qozonishga intildik. Raqib futbolchisi chetlatilgani esa, agar statistikaga qarasangiz bu bizga yordam berdi. Shundan keyin to‘p nazoratini o‘z qo‘limizga oldik va ko‘proq hujum qildik. Uchinchi golni ham urishimiz mumkin edi. Shu bois savolingizga ha, raqib safidagi chetlatish bizga yordam berdi deya olaman.
- Eronga qarshi o‘yindan keyin musobaqadagi maqsadlar haqida savol paydo bo‘ldi. Musobaqadan oldin qanday maqsad va vazifalar qo‘yilgandi? Axir, qanday vaziyatda qur’a sizlar uchun omadli bo‘lmagandi.
- Eronga qarshi o‘yindan keyin matbuot anjumanida ko‘pchilik qur’adan keyin bizga ishonishmaganini aytdim. Bundan tashqari shaxsan o‘zimga har bir terma jamoadan nechtadan gol o‘tkazasizlar degan savollar ham berishdi. Bu narsa baribir yoqimsiz holat edi. Ammo shunday gap-so‘zlardan keyin guruhdan chiqa olganimiz ikki karra qadrli bo‘ldi. Endi Avstraliyaga qarshi bahsga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Bu bahsda borimizni berishga va yarim finalga chiqishga harakat qilamiz.
- Qatarga qarshi bahsdagi kambek barchani hayron qoldirdi! Begenchmurod Muradovga zahiradan maydonga tushirishdan oldin nima dedingiz va u ikkita gol urdi?
- U terma jamoamizning asosiy futbolchisi. Afsuski O‘zbekistonga qarshi bahsdan keyin oyog‘ida og‘riq his qildi. Shu bois Eron bilan o‘yinda maydonga tusha olmadi. Balki bu hordiq unga yordam bergandir. Qatar bilan o‘yin boshidan uni tushirib tavakkal qilgim kelmadi. Maydonga tushib, hisobni o‘zgartirish uchun jamoaga yordam berishini aytdim. Butun jamoaga rahmat aytaman, barcha futbolchilar Begenchmuradga ikkita gol urishiga yordam berishdi.
- Sizning jamoaingizdan kimlarga e’tibor qilish kerak? Xorij klublaridan kimgadir qiziqish bo‘ldimi?
- Men bir futbolchini alohida ko‘rsatmoqchi emasman. Butun jamoani aytgan bo‘lardim. Futbolchilarimga qiziqish esa bu agentlar va xorij klublarining ishi. Yigitlarim katta ishni amalga oshirishdi va hozirgi kunga kelib yaxshi natija qayd etishdi. Ammo to‘xtab qolish kerak emas va keyingi bosqichga chiqishga harakat qilish lozim.
- Jamoangizdan kimlarni alohida ko‘rsatish mumkin?
- O‘zbekiston terma jamoasidan birinchi navbatda sardorni (Jasur Jaloliddinov) ajratib ko‘rsata olaman. Undan tashqari yana saviyali futbolchilar bor. O‘zbekiston terma jamoasining o‘yini menga juda yoqadi. Ular zamonaviy futbol namoyish etishadi. Shu bois futbolchilar emas, ko‘proq bosh murabbiy Timur Kapadzeni ham alohida ko‘rsatishim mumkin.
- Otangiz Tachmurad Agamurodov, O‘zbekistonda ishlagan eng mashhur murabbiylaridan biri hisoblanadi. U ko‘plab klublarimizda ishlagan, "Qizilqum"dagi faoliyatidan keyin hech qayerda ko‘rinmay qoldi. Otangiz hozir qayerda ishlayapti?
- Otam qayerda ishlasa ham uning ishini kuzatib borardim, muxlislik qilardim. Ayni paytda otam hech qayerda ishlamayapti. O‘zbek klublari va O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinlarini tomosha qilib kelmoqda.
- Bu musobaqada otangiz o‘z maslahatlari bilan yordam berdimi?
- Bu sir emas, otam doim jamoa bilan birga va mashg‘ulotlarda xatolarimni to‘g‘rilab turadi. Qaysidir vaziyatlarda bahslashamiz ham. Bu yerda bizga yordam berayotganidan xursandman. Otam O‘zbekistonda yashayotgan bo‘lsa ham hech qachon turkman ekanligini unutmaydi.
- Oldinda Avstraliyaga qarshi chorak final o‘yini. Kuchli raqibga qarshi o‘yinga qanday taktika tanlaysiz?
- O‘ylashimcha o‘yindan oldin qandaydir taktika haqida gapirish noto‘g‘ri bo‘lsa kerak. Murabbiylar shtabi bilan o‘yinga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Menga yordam berayotgan har bir mutaxassisga rahmat aytaman. Jamoadagi har bir inson Avstraliya bilan bahsga jiddiy tarzda tayyorgarlik ko‘rmoqda. Agar nimadir o‘xshamasa va munosib o‘ynab, mag‘lub bo‘lsangiz ba’zida xafa bo‘lmaysiz. Doim raqibni hurmat qilish kerak.
- Intervyu uchun minnatdorchilik bildiramiz! Chorak finalda omad yor bo‘lsin!
- Ijobiy tilaklar uchun rahmat aytaman. O‘zbekistonlik muxlislar bizning o‘yinimizdan zavq olishlari uchun borimizni beramiz. Intervyu uchun sizga ham katta rahmat!
Yevdokim Raimov suhbatlashdi
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...