21:50 / 05.07.2022
2 070

“Spartak” sardori O‘runovning zo‘rligini tan oldi!

“Spartak” sardori O‘runovning zo‘rligini tan oldi!
“Spartak” sardori Georgiy Jikiya yakunlangan chempionatning eng yaxshi yosh o‘yinchilarini aniqlash maqsadida o‘tkazilgan so‘rovnomada Oston O‘runovga ovoz berdi.

Bu tanlov ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘ldi. Aslida “Spartak”ga tegishli bo‘lgan legionerimiz mavsumni ijara asosida “Ufa”da o‘tkazdi. Mavsumning birinchi yarmida jarohatlari tufayli o‘zini ko‘rsata olmagan hujumkor futbolchimiz juda ko‘p tanqidga uchradi.

Biroq, keyinchalik chempionat oxiriga borib Oston O‘runov yuqori sport formasini tiklab oldi va qisqa fursatda “Ufa”ning yetakchi o‘yinchilaridan biriga aylandi. “Ufa” mavsum oxirida O‘runovning transferini to‘liq sotib olishni rejalashtirgan edi. Biroq, jamoa Rossiya premer-ligasidagi joyini saqlab qola olmadi va quyi liga ishtirokchisi sifatijda “Spartak” talab qilgan bir million yevroni to‘lay olmasligini ma’lum qildi.

“Spartak” himoyachisi va yetakchisi Georgiy Jikiya premer-liga jamoalari sardorlari va bosh murabbiylari ishtirok etgan so‘rovnomada O‘runovga ovoz bergan yagona futbolchi bo‘ldi.

Jikiyaning so‘rovdagi tanlovi quyidagicha bo‘ldi:
1. Mixail Ignatov (“Spartak”).
2. Gamid Agalarov (“Ufa”).
3. Eduard Spersyan (“Krasnodar”).
4. Ruslan Litvinov (“Spartak”).
5. Oston O‘runov (“Spartak”/ “Ufa”).

So‘rovnoma “Chempionat” nashri tomonidan o‘tkazildi va unga 21 yoshdan katta bo‘lmagan jami 50 nafar futbolchi eng yaxshi yosh o‘yinchi nominatsiyasiga nomzod sifatida ko‘rsatildi. Bundan tashqari, ovoz beruvchilariga tanlovga o‘zlari istagan futbolchilar nomini qo‘shish imkoni ham berildi.

Shuningdek, jamoa sardorlari va murabbiylar o‘z klublaridan uchtadan ortiq o‘yinchiga ovoz bera olmasligi belgilandi.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, Oston O‘runovning faoliyatida o‘zgarish bo‘lishi kutilyapti. Moskvaliklar unga jamoa tarkibidan o‘rin bermaydi va hamyurtimiz bilan xayrlashishini ma’lum qilgan. Ish yana uch mavsum davom etadigan shartnomaning bekor qilinishigacha borishi mumkin.

Hozircha, 21 yoshli futbolchiga premer-liganing ikki klubidan qiziqish borligi aytilyapti. O‘tgan mavsum yuqori ligadagi o‘rnini bazo‘r saqlab qolgan “Ximki” Ostonni jamoaga taklif etiladigan futbolchilarning kengaytirilgan ro‘yxatiga kiritgan. Ular legionerimizni ijaraga olish yoki to‘liq transfer qilishni rejalashtirmoqda.

Bundan tashqari, premer-liga debyutanti – Moskvaning “Torpedo” klubi ham tarkibini kuchaytirish maqsadida yuqori ligada o‘ynash tajribasiga ega bo‘lgan O‘runovni o‘z safiga qo‘shib olishga harakat qilayotgani haqida ma’lumotlar bor.

O‘runov “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Rossiya chempionatiga ko‘chib o‘tgunga qadar iste’dodli futbolchi “Navbahor” va “Lokomotiv” jamoalarida to‘p tepgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Spartak” sardori O‘runovning zo‘rligini tan oldi!