17:07 / 12.07.2022
2 080

Shomurodov nega "Galatasaroy"ga o‘tmagani va Katanes nimadan qo‘rqmasligi haqida - turkiyalik mutaxassis

Shomurodov nega "Galatasaroy"ga o‘tmagani va Katanes nimadan qo‘rqmasligi haqida - turkiyalik mutaxassis
Turkiyalik ko‘zga ko‘ringan mutaxassislardan biri – Engin Firat Osiyo futbolini va xususan o‘zbek futbolidagi voqealarni kuzatishda davom etyapti. Shu sababli u bu borada ancha-muncha ma’lumotlarga ega. 52 yoshli Firat Keniya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi hisoblanadi.

Xabaringiz bor, yaqinda Turkiyaning yetakchi klublaridan biri sanalgan “Galatasaroy” Eldor Shomurodovga jiddiy qiziqish bildirgan va “Roma”ga bu borada taklif bilan chiqqandi. Lekin keyinchalik voqealar rivoji turklar istaganidek kechmadi. “Galatasaroy”ni yaxshi biladigan Engin Firat biz bilan muloqot chog‘ida Shomurodovning ularga transferi amalga oshmagani borasida o‘z fikrini bildirdi.

"Yozda “Galatasaroy” rahbariyatiga saylovlar bo‘ldi. O‘sha paytda ko‘p narsa noaniq qoldi. 2-3 xil nomzodlari bor edi. Kimdir o‘yinchilar bilan gaplashdi, yana kimdir boshqa narsalar bilan shug‘ullandi. Ya’ni, klubni o‘z muammolari bor edi. Shuning uchun Eldorning “Roma”da qolishi o‘zi uchun ham foydali qaror bo‘ldi. Chunki u Rimda yanada o‘sish imkoniyatiga ega. Hali futbolchingizni asosiy tarkibdan joy olishiga imkoniyatlari yetarli", - dedi turkiyalik mutaxassis.

Oxirgi paytlarda Eldorning “Roma”dagi taqdiri yuzasidan Yevropa nashrlarida ko‘p yozildi va muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, legionerimizning “Roma”dagi dastlabki mavsumi bo‘yicha mutaxassislar tomonidan har xil fikrlar yangradi. Engin Firat futbolchimizning Rimdagi o‘tkazgan ilk yili bo‘yicha shunday dedi:

"Birinchi mavsum uchun Shomurodovning o‘yini yomon chiqmadi. U yerda murabbiylarda futbolchilarning hatti-harakatlarini alohida o‘rganadigan maxsus moslamalar bor. Shunga asosan Eldorning barcha ko‘rsatkichlari yaxshi. Gollaridan tashqari assistlarini ko‘paytirishni boshladi. Ikkinchi yilda to‘liq ko‘nikib bo‘lganidan keyin o‘zini bundan-da yaxshiroq ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Baribir birinchi yilda bosim bo‘ladi, yangi klub va uning sinovlari ko‘p uchraydi. Shu bois ikkinchi mavsumda Shomurodov uchun yaxshiroq kechadi".

Ko‘rinib turibdiki, mutaxassis Shomurodovni kuzatib keladi. Tabiiyki, yuqoridagi fikrimizga isbot o‘laroq, u o‘zbek futbolidan xabardor. Befarq emasligi uning gaplaridan ma’lum. Shularni inobatga olib, futbolimizda aynan kimlarni yaxshi bilishi, nega Yevropada o‘yinchilarimiz kamligi va bugungi darajamiz haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

"O‘zbekistonlik futbolchilarning saviyasi yaxshi. Sizlarda har doim ancha iqtidorli yoshlar ko‘p. Lekin ular ko‘pincha arab davlatlariga ketishadi. Chunki u yerda yaxshi pul to‘lashadi. Baribir arab chempionatidan Yevropaga ketish qiyinroq. Jaloliddin Masharipov, Oston O‘runov, Doston Hamdamov kabi futbolchilarni bilaman. Ular yuqori saviyada o‘ynaydigan yigitlar. Yevropada o‘zbekistonlik futbolchilar ko‘payishi uchun terma jamoa kuchliroq raqiblarga qarshi o‘ynab o‘zlarini ko‘rsatishlari kerak.

Bundan tashqari, o‘yinchilaringizning Yevropada ko‘p emasligini yana bir sababi O‘zbekiston Osiyoda joylashgan va doim ham o‘yinchilaringizni kuzatishmaydi. Lekin hozir yoshartirish jarayoni ketyapti, yangi avlod yetishib chiqyapti. Balki ularda Yevropada o‘ynab ketish uchun o‘zini ko‘rsatishga ko‘proq imkoniyat bo‘lar. Masalan, Sardor Rashidovni yosh paytida birinchi ko‘rganimda juda iqtidorli va o‘ziga yarasha mahoratli edi. Ammo Qatarga ketdi, Yevropaga ketmadi. Boya aytib o‘tganimdek, arab chempionatidan u yerga ketish qiyin
".

Bulardan tashqari, milliy terma jamoamizga ustozlik qilayotgan Srechko Katanetsni yaxshi biladi. Bu borada Firat hamkasbi xususida quyidagicha munosabat bildirdi.

"Srechko Katanetsni har doim tashqaridan kuzatganman. Terma jamoalar bilan yaxshi ishlay oladi, natija ko‘rsatadi. Bu ish Sloveniyadan boshlangan. O‘zgarishlardan qo‘rqmaydigan murabbiy. Har bir terma jamoada o‘zini ko‘rsatgan. Hozir yoshlarni asta-sekin asosiy tarkibga jalb qilib boryapti va yangi jamoani shakllantirishga harakat qilyapti. Bundan u qo‘rqmaydi. Katanes yaxshi natijalarga erisha oladi, deb o‘ylayman. O‘zbekistonni yaxshi o‘yinchilari bor. Terma jamoangiz har doim jahon chempionatiga chiqa oladigan jamoalar safida bo‘lishi kerak".

Yuqorida bejizga uni Keniya terma jamoasi ustozi sifatida aytib o‘tmadik. Mutaxassis Moldovadan keyin Afrikaga ko‘chib o‘tgandi. Biroq keyinchalik Keniya terma jamoasida muammolar paydo bo‘ldi. Buni murabbiy shunday ifodaladi:

"Keniyada iqtidorli futbolchilar bor. Ammo tashkilotchilik va infrastruktura bo‘yicha muammolar ko‘p. Yaxshi mashg‘ulot maydonlari hamda stadionlar kam. Shunga qaramasdan biz u yerda ajoyib o‘yinlar o‘tkazdik. Ruandani yutdik. Uganda bilan uchrashuvda oxirgi daqiqalarda hakamning qo‘pol xatosi tufayli gol bo‘ldi. U yaqqol folni ko‘rmadi. Keyinchalik hukumatning futbolga aralashuvi tufayli Keniya FIFA tarafidan chetlatildi. Hozirgacha ushbu chetlatish amalda bo‘lib turibdi. Vaziyatni to‘g‘rilash uchun yaxshi ishlar bo‘lishi kerak. Chunki Keniyada futbolchilar va murabbiylar bor. Shuningdek, futbolni yoqtiradigan muxlislar ko‘p. Avgust oyida bu borada qaror chiqariladi. Albatta, hozirda chetlatilgan holatida turishi juda yomon", - deydi Firat.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov nega "Galatasaroy"ga o‘tmagani va Katanes nimadan qo‘rqmasligi haqida - turkiyalik mutaxassis